add

Shavkat Mirziyoyev Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

Kecha 18:351732 Daqiqa

Uchrashuvda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish va uni boshqa transport yo‘laklari bilan bog‘lash muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

20-noyabrda tashqi siyosat idoralari rahbarlari strategik muloqotining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasi Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devoni rahbari, tashqi ishlar vaziri Vang Yi O‘zbekistonga kelgandi. 21-noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida Xitoy tashqi ishlar vaziri mamlakatimiz yetakchisiga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ta’kidlanishicha, suhbat davomida yuqori texnologiyalar, «yashil» va atom energetikasi, sun’iy intellekt, transport, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kimyo va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘lini qurish loyihasini faol amalga oshirish va uni boshqa transport yo‘laklari bilan bog‘lash muhimligi qayd etildi.

Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash va xavfsizlik masalalarida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ko‘p tomonlama formatlarda yaqin siyosiy muloqot hamda hamkorlikni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikka qarshi kurashish, turizm va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish zarurligi ta’kidlandi.

Shu yilning noyabr oyi oxirida O‘zbekistonda bo‘ladigan Xitoy madaniyati kunlarining muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga ishonch bildirildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi | Vaqt.uz