Logo

Sudralib kelgan fojia: SSPE nima va u O‘zbekiston bolalariga qanday zarba bermoqda?

Toshkentdagi SSV binosi oldida to‘plangan ota-onalar uchun vaqt allaqachon boy berilgan. Qizamiq epidemiyasi vaqtida emlanmagan yoki noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan yuzlab bolalar bugun davosi yo‘q miya xastaligi — SSPE bilan kurashmoqda. Bunda rasmiylar bergan statistika va amaldagi holatlar o‘rtasida ham jiddiy tafovutlar mavjud.

Sudralib kelgan fojia: SSPE nima va u O‘zbekiston bolalariga qanday zarba bermoqda?

9-sentabr kuni farzandlariga subakut sklerozlovchi panensefalit (SSPE) tashxisi qo‘yilgan bir guruh ota-onalar Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida yig‘ildi. Murojaatchilarning hukumatdan so‘rovi bemor bolalar uchun zarur dori-darmonlarni ta’minlash, bolalarni parvarishlashda moddiy ko‘mak berish, mutaxassislarni ko‘paytirish va kasalxonalarni kengaytirib berish hamda bu kasallikning mamlakat bo‘ylab yanada ommalashib ketishining oldini olish bo‘lgan.

Yig‘ilganlar taxminan 200 kishi bo‘lgan va ularni Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov qabul qilib, muammolarini eshitgan. Vazirning murojaatchilar bilan uchrashuvi yopiq tarzda o‘tkazildi va unga jurnalistlar kiritilmadi. Buning sabablari esa izohsiz qoldirildi. Umuman, vazirlik hozirgacha ham bu masala atrofidagi biror savolga javob berayotgani yo‘q. Yopiq muloqotda qatnashgan ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, Eldor Odilov murojaatchilarga ularning murojaatlari nazoratga olinib, yechim izlanishiga va’da bergan. Hatto bemorlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qilinadigan ishlar yuzasidan ota-onalarga kunlik hisobot e’lon qilib borilishi aytilgan. Shu va’dalardan so‘ng murojaatchilar masalaning ijobiy yechim topishiga umid qilib tarqalishgan.

  Vaqt.uz shu voqea, uni yuzaga keltirgan omillar hamda murakkab kasallik atrofidagi ochiq savollarni tahlil qiladi.

SSPE o‘zi qanday kasallik?

Tibbiyotda subakut sklerozlovchi panensefalit (SSPE) deb ataluvchi bu xastalik alohida, mustaqil virus emas. U — barchamizga tanish bo‘lgan oddiy qizamiq virusining yillar o‘tib miyada yuzaga chiqadigan eng og‘ir, o‘lim bilan yakunlanuvchi asoratidir. AQSH Milliy sog‘liqni saqlash instituti ma’lumotlariga ko‘ra, qizamiq bilan og‘rigan bola to‘liq tuzalib ketgandek ko‘rinsa-da, virus miya to‘qimalariga kirib, yashirinib oladi. Bu yashirin davr o‘rtacha 7–10 yil, ba’zan esa 2,5 yildan 34 yilgacha davom etishi mumkin. Bu vaqt ichida virus miyada sekin-asta o‘zgarib (mutatsiyaga uchrab), tana himoya tizimini aldaydi va asab hujayralarini yemirib boradi.

Xalqaro ensefalit fondi (Encyephalitis International) professorlarining yozishicha, SSPE — bu qizamiqni boshdan kechirgandan so‘ng miyaning og‘ir yallig‘lanishi bilan kechadigan juda kam uchraydigan kasallik turidir. U qizamiq bilan kasallangan har 50 ming boladan taxminan bittasida uchraydi. Maqolada keltirilishicha, bu xastalik ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda ko‘proq kuzatiladi, sababi u yerda qizamiq bilan og‘rish darajasi yuqori va emlash qamrovi past bo‘ladi.

Vaqt.uz xastalikning tabiati va unga qarshi kurash haqida tibbiyot fanlari doktori Shermuhammad Umirov bilan suhbatlashdi.

Shermuhammad  Umirov

Shermuhammad Umirov tibbiyot fanlari doktori

Professorning aytishicha, kasallik asosan ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘p uchraydi va 4 bosqichda rivojlanadi. Dastlab to‘liq sog‘lom bolada kutilmaganda turli o‘zgarishlar paydo bo‘la boshlaydi: jizzakilik, xotiraning pasayishi, maktabda o‘zlashtirishda ortda qolish kabi ilk alomatlar seziladi.

«Ikkinchi bosqichda ko‘zlarning xiralashishi, harakatlanishdagi cheklovlar, fikrini to‘liq ifoda eta olmaslik kuzatiladi. Qo‘l-oyoqlarning vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zidan, nazoratsiz silkinishi va tana qotib qolishi sekin-asta paydo bo‘ladi. Undan keyingi uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarda esa bemor o‘ta og‘ir ahvolga kelib qoladi. Harakatlanish butunlay to‘xtaydi, bola mustaqil ovqatlanolmaydigan, hatto suvni ham yutolmaydigan holatga keladi. Bemor bu ahvolda ko‘p oylar yoki yillar davomida yashab qolishi mumkin. O‘lim ko‘pincha zotiljam (pnevmoniya) kabi qo‘shimcha infeksiyalar tufayli sodir bo‘ladi».

 

Emlash SSPEga sabab bo‘ladimi?

Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat bilan kelgan ota-onalarning kasallik bo‘yicha fikrlari ham bir-biridan keskin farq qiladi. Masalan, ayrim ota-onalar qizamiq kasalligining og‘ir asorati hisoblangan bu holat asosan 2019-yilda tug‘ilgan bolalarda kuzatilayotganini aytgan. Boshqalar esa farzandlari qizamiq virusiga qarshi emlatilgandan bir necha kun o‘tib og‘ir ahvolga tushib qolganini bildirgan. Emlash yoshiga yetmay qizamiq bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari esa bola qizamiqdan to‘liq tuzalib ketganidan ancha yillar o‘tib SSPE belgilarining yuzaga chiqqanini aytgan.

Xo‘sh, haqiqatan ham emlash SSPEga olib keladimi? Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra — yo‘q. Tashkilot hisobotlari ham, shifokorlar xulosasi ham SSPEdan himoyalanishning eng yaxshi usuli aynan emlash ekanligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Xalqaro ensefalit fondi agar bola vaksina olishidan oldin qizamiq virusini yuqtirib olmagan bo‘lsa, qizamiqqa qarshi emlash uni SSPEdan himoya qilishini ma’lum qilgan.

AQSH Milliy sog‘liqni saqlash instituti (NIH) klinik tadqiqotlariga ko‘ra, SSPE faqatgina tabiiy ravishda yuqqan qizamiq virusi tufayli yuzaga keladi. Emlashda qo‘llaniladigan vaksina tarkibidagi kuchsizlantirilgan virus esa miyaga o‘tish, ko‘payish va u yerda o‘zgarib miyani zararlash xususiyatiga ega emas. Buni shu kungacha vafot etgan SSPE bemorlarining miya to‘qimalaridan olingan laboratoriya tahlillari ham tasdiqlagan: ularning hech biridan vaksina virusi topilmagan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi keltirgan ma’lumotda ham bolalarda uchrayotgan sklerozlashgan panensefalit aholi orasida qizamiqqa qarshi emlanishdan bosh tortish holatlari ko‘payganligi tufayli yuzaga kelayotgani aytiladi. O‘zbekistonda ham ushbu kasallikka chalingan bolalarning aksariyati qizamiqqa qarshi emlanmagan.

Mahalliy mutaxassislar, xususan, bolalar nevrologi Sardor Anorboyev ham bu boradagi qo‘rquvlar asossiz ekanini bildirdi. Shifokorning fikricha, nevrologik kasallik belgilarining yuzaga chiqishi ko‘pincha bolaning 1–2 yoshiga — aynan emlash tadbirlari o‘tkaziladigan davriga to‘g‘ri kelib qoladi. Natijada ota-onalarda «Vaksina oldi, keyin o‘zgarib qoldi» degan yanglish xulosa paydo bo‘ladi.

«Tibbiyotda ikki hodisaning bir vaqtda sodir bo‘lishi, ulardan biri ikkinchisiga sabab bo‘lganini anglatmaydi», — deydi nevrolog.

U asossiz vahima sabab emlashdan bosh tortish bolalarni qizamiq va uning SSPE kabi dahlizli asoratlari oldida himoyasiz qoldirishidan ogohlantirgan.

Endi tabiiy savol tug‘iladi: agar emlash xavfli kasalliklarning oldini olish uchun zarur vosita bo‘lsa, «Sog‘lom yurgan farzandim vaksina olgandan keyin og‘ir ahvolga kelib qoldi», deyayotgan onalar bu xulosaga nima sababdan kelgan?

Shermuhammad Umirovning fikrlariga ko‘ra, ota-onalarda bunday shubhalar paydo bo‘lishini ham mutlaqo asossiz deb bo‘lmaydi. Chunki joylarda emlash jarayonlarini tashkil etishda jiddiy qoidabuzarliklarga ham yo‘l qo‘yilayotgan holatlar ko‘p. 

«Ba’zi tashkilotlar tomonidan emlash qoidalariga amal qilinmayotgani, muddati o‘tgan preparatlardan foydalanilayotgani rost. Vaksinalar alohida steril xonada, maxsus konteynerlarda saqlanishi va belgilangan tartibda qilinishi kerak. Ammo amaliyotda nesteril joylarda — bog‘cha yoki maktablarning o‘zida qoidalarni buzgan holda emlash holatlari kuzatilmoqda. Men bu xatolarni oqlamoqchi emasman, biz oppoq emasmiz. Tibbiyot tizimida bu kabi kamchiliklar borligini tan olishimiz kerak», — deydi shifokor.

Shifokor garchi emlash jarayonidagi qo‘pol xatolarni tasdiqlagan va ularni tibbiyotdagi og‘ir muammolar deya sanagan bo‘lsa-da, u SSPEning asl kelib chiqish sababi baribir vaksina emasligini aytadi. Umirovning tushuntirishicha, muammoning ildizi — bolaning yoshligida qizamiq bilan og‘rigani va ota-onalarning beparvoligi oqibatida kasallikning oxirigacha davolanmaganidir. Bola asosan ikki yoshgacha bo‘lgan davrda qizamiq yoki qizilcha bilan kasallanganda, aksariyat ota-onalar bunga jiddiy e’tibor bermaydi. Bolaga oddiy virusga yoki allergiyaga qarshi dorilar beriladi, uy sharoitida yuzaki davo choralari ko‘riladi. Tashqi belgilar yo‘qolgach, ota-ona bolani to‘liq tuzaldi deb hisoblaydi.

«Lekin virus organizmda, xususan, bosh miyada saqlanib qoladi. Yillar o‘tib, arzimagan sabab — oddiy shamollash, vaqtida ovqatlanmaslik, och qolish yoki sog‘lom turmush tarzining buzilishi oqibatida bolaning immuniteti keskin tushib ketadi. Aynan shu paytda miyada uxlab yotgan virus o‘z kuchini ko‘rsatadi va asab hujayralarini zararlashni boshlaydi. Shundan so‘ng bolada kasallik belgilari yuzaga chiqadi», — deya tushuntiradi shifokor.

 

SSPEning davosi bormi?

Afsuski, butun dunyo tibbiyoti hozircha bu kasallikka davo topgani yo‘q. Buyuk Britaniyaning Xalqaro ensefalit fondi professorlari hamda AQSH Milliy sog‘liqni saqlash instituti (NIH) xulosalariga ko‘ra, SSPE mutlaqo davolab bo‘lmaydigan, doimiy zo‘rayib boruvchi kasallikdir. Xastalikning o‘lim ko‘rsatkichlari statistikasi 95 foizni tashkil etadi. Odatda, ilk belgilar namoyon bo‘lib, tashxis tasdiqlanganidan so‘ng bemorlarning aksariyati 3–5 yil ichida qo‘shimcha kasalliklar sabab vafot etadi.

Hozirgi kunda dunyoda qo‘llanilayotgan muolajalar kasallikni to‘liq yengishga emas, balki uning rivojlanishini imkon qadar sekinlashtirish va bemorning og‘riqlarini yengillashtirishga qaratilgan. Buyuk Britaniya bolalar nevrologlarining tadqiqotlariga ko‘ra, hozirgacha faqatgina ma’lum bir virusga qarshi dori vositalari orqali kasallikni vaqtincha barqarorlashtirishga erishilgan. Ammo bu dorilar ham vaqtinchalik samara beradi — ma’lum muddat o‘tgach, xastalik baribir o‘z ta’sirini davom ettiradi.

Shuning uchun SSPEni boshqarishning xalqaro standartlardagi eng maqbul usuli — belgilarni pasaytiruvchi davolashdir. Asosiy e’tibor bemorni eng ko‘p qiynaydigan og‘ir tutqanoq xurujlarini to‘xtatuvchi hamda qotib qolgan mushaklarni bo‘shashtiruvchi dorilarga qaratiladi.

Biroq farzandi SSPEga chalingan onalardan birining aytishicha, farzandi 4 yildan beri shu kasallik bilan kurashib kelmoqda, bugun uning salomatligida ijobiy o‘zgarishlar bor.

«Shifokorlar bu kasallikning davosi yo‘q deb qaytarib yuborishgan, lekin men farzandimni parvarish qilyapman. Unda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ryapman», — deydi umidvor ona.

Vaqt.uz suhbatlashgan va farzandi SSPEga yo‘liqqan yana bir ota kasalligi ilk bosqichlarda aniqlangan 3 nafar bolani shaxsan bilishi, ular to‘liq tuzalgani va bugun maktabga borayotganini bildirdi. Bundan kelib chiqadiki, kasallikni erta bosqichlarda aniqlash uni davolash imkonini berishi mumkin. Buni tibbiyot fanlari doktori Shermuhammad Umirov shunday tasdiqlaydi:

«Kasallikni qancha ertaroq aniqlasak, bemorning tuzalishi va sog‘lom hayotga qaytish ehtimoli shuncha baland bo‘ladi. Shuning uchun ota-onalar befarq bo‘lmang, emlashga, uning sog‘lig‘iga, unda kechayotgan jarayonlarga e’tiborli bo‘ling. O‘z vaqtida mutaxassisga ko‘rsating. Ana shundagina siz bolangizning hayotini, sog‘lig‘ini saqlab qolgan bo‘lasiz».

 

SSPE bo‘yicha qanday tadqiqotlar qilinmoqda?

Garchi aniq yechim bo‘lmasa-da, Xalqaro ensefalit fondi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda yirik tibbiyot markazlarida kasallikka qarshi immunitetning buzilishi va bu jarayonni qanday qilib ortga qaytarish mumkinligi ustida ishlanmoqda. Ammo hali aniq bir davolash usuli topilmagan. Ko‘rib chiqilayotgan yana bir yondashuv — virus yashab qolishi uchun zarur bo‘lgan oqsillarni ishlab chiqaruvchi genetik materialini (RNK) to‘xtatish orqali organizmda saqlanib qolgan qizamiq virusini bloklashdir. Biroq bu izlanishlar hozircha yakuniy natija bermagan. Shuning uchun bugungi kunda tibbiyotning barcha shu turdagi og‘ir xastaliklarga yagona yechimi o‘z vaqtida to‘g‘ri emlash bo‘lib qolmoqda.

Bu borada O‘zbekistonda ham turli tadqiqotlar olib borilgan. Masalan, Shahlo Saidazizova va F.U. Inomov kabi tadqiqotchilar tomonidan keng ko‘lamli ilmiy tadqiqot natijalariga e’tibor qarataylik. Tadqiqot natijalari 2025-yil sentabr oyida nufuzli «Xalqaro ilmiy pediatriya» jurnalida e’lon qilingan. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi olimlari tomonidan o‘tkazilgan ushbu izlanishlar 2019–2024-yillar davomida SSPE tashxisi qo‘yilgan 180 nafar o‘zbekistonlik bemor bolaning kasallik tarixiga asoslangan.

Ilmiy maqolaning eng muhim qismi bevosita emlash ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq. Tadqiqotga jalb qilingan 180 nafar boladan 158 nafarining emlash tarixi aniq hujjatlashtirilgan. Ushbu 158 nafar xasta bolaning atigi 63 nafari (40 foizi) qizamiqqa qarshi emlangan. Qolgan 95 nafar (60 foiz) bola umuman emlanmagan yoki vaksinani to‘liq dozada olmagan bo‘lib chiqqan. Olimlarimiz ushbu raqamlarga tayanib, SSPE epidemiyasiga emlash emas, aksincha, vaksina bilan qamrab olinish darajasining o‘ta pastligi sabab bo‘layotgani haqida qat’iy xulosaga kelishgan.

Shuningdek, tadqiqotda mamlakatda tibbiyot tizimidagi yana bir og‘riqli nuqta ochiqlangan. Xastalik belgilar kognitiv pasayish va mioklonik tortishishlar bilan boshlangani sababli, joylardagi shifokorlar bolalarga yillab boshqa noto‘g‘ri tashxislar (masalan, epilepsiya yoki ruhiy xastalik) qo‘yib kelgan. Natijada kasallik o‘tkazib yuborilgan. Olimlarning ta’kidlashicha, kasallikni yuz foiz to‘g‘ri va erta aniqlash uchun oddiy ko‘rik yetarli emas. Bemor bir vaqtning o‘zida EEG, MRT va eng asosiysi — orqa miya suyuqligida qizamiqqa qarshi antitanalar miqdorini tahlil qilish orqali keng qamrovli tekshiruvdan o‘tkazilishi shart.

 

Sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar

Dunyo miqyosida SSPE bilan kasallangan bemorlarning aniq umumiy sonini ko‘rsatuvchi yagona global statistika yo‘q. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, har 100 ming nafar qizamiq bilan kasallangan bemorlarning 4 tadan 11 tagacha bo‘lganida SSPE rivojlanishi mumkin. Ammo bu kasallikka chalingan O‘zbekistondagi bemorlar soni bo‘yicha jiddiy chalkashliklar mavjud. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yilda bergan statistikasida keltirilishicha, O‘zbekistonda bu kasallikka chalingan jami 130 nafardan ziyod bola ro‘yxatga olingan. 2026-yil uchun yangilangan statistika esa vazirlikning rasmiy saytida hali e’lon qilinmagan. Tadqiqotchilar — Shahlo Saidazizova va F.U. Inomovning ilmiy izlanishlarida esa 2019–2024-yillar davomida SSPE tashxisi qo‘yilgan 180 nafar o‘zbekistonlik bemor bolaning kasallik tarixi o‘rganilgani aytiladi.

Bundan tashqari, uzoq yillardan beri farzandi shu kasallik bilan kurashib kelayotgan Saidkomil Murodovning Vaqt.uzga ma’lum qilishicha, bugungi kunda SSPE bilan kurashib kelayotgan bolalar soni 300 nafardan ortiqni tashkil qiladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u bilgan yana 60 nafar bola shu kasallik oqibatida nobud bo‘lgan. Ayniqsa 2019-yilda tug‘ilgan bolalarda bu kasallik ko‘p uchramoqda. Saidkomil Murodovning fikricha, Sog‘liqni saqlash vazirligining kasallik borasida berayotgan statistikasi real raqamlarga mos kelmaydi.

 «Sog‘liqni saqlash vazirligining kasallikka chalingan bemorlar bo‘yicha statistikasi noto‘g‘ri», — deydi u.

Statistika borasidagi bu tafovut O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida qator muammolar borligini, masala kundan-kun jiddiylashib borayotganini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, tadqiqotda aytilganidek, o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘ymaslik xastalikning avj olib ketishiga, oqibatda bemor nobud bo‘lishiga olib keladi. Bu esa kadrlar masalasida ham jiddiy muammolar borligini ko‘rsatadi.

 Shuningdek, mamlakat tibbiyot tizimida bu xil kasalliklarga erta va to‘g‘ri tashxis qo‘yish, buning uchun malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosi ham saqlanib qolmoqda. Bu muammolar haqida gapirarkan, shifokor Shermuhammad Umirov shunday deydi:

«O‘zbekiston aholisi 40 millionga yaqinlashmoqda, biroq mutasaddilar o‘sib borayotgan ehtiyojga mos ravishda tor doiradagi mutaxassislarni ko‘paytirish masalasini o‘z zimmasiga olmayapti. Tibbiyot oliygohlarida nevrologlar va boshqa zarur shifokorlarni tayyorlash uchun ajratilayotgan qabul kvotalari juda kam. Natijada hududlarda kadrlar taqchilligi yuzaga kelyapti. Bu kvotalarni zudlik bilan oshirish kerak».

 

Nega kasallik aynan 2019-yilda tug‘ilgan bolalarda ko‘p uchrayapti?

Farzandi SSPEga yo‘liqqan ota-onalarning aksari bolalari asosan 2019–2023-yillarda tug‘ilganini bildirgan. O‘zbekistonlik olimlarning tadqiqoti ham aynan shu yillarda tug‘ilgan 180 nafar bemorni qamrab olgani bu holat tasodif emasligini ko‘rsatadi. O‘rganishlarimizga ko‘ra, ushbu xronologik moslikning uchta asosiy sababi bo‘lishi mumkin:

1. Pandemiya sababli qoldirilgan emlashlar. 2019-yilda tug‘ilgan bolalar qizamiqqa qarshi birinchi vaksinani olish yoshiga yetgan vaqt — 2020-yildagi COVID-19 pandemiyasi davriga to‘g‘ri keldi. Karantin cheklovlari, poliklinikalar faoliyatidagi uzilishlar va ota-onalarning shifoxonaga borishdan xavotirlanishi oqibatida ko‘plab bolalar o‘z vaqtida emlanmadi. Natijada ushbu avlod qizamiq virusiga qarshi yetarli immunitetsiz qolgan. Buni AQSH Milliy sog‘liqni saqlash institutining tadqiqotlari ham tasdiqlaydi.

2. Qizamiq infeksiyasining tarqalishi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2018–2019-yillarda butun dunyoda, xususan Markaziy Osiyoda ham qizamiq epidemiyasi qayd etilgan. 2019-yilning ilk uch oyida butun dunyoda qizamiq bilan kasallanish to‘rt barobarga oshgan. Emlash yoshiga yetmagan yoki pandemiya sababli vaksinadan qolib ketgan chaqaloqlar aynan shu davrda qizamiqning yovvoyi shtammini yuqtirib olgan va kasallikni ko‘pincha yashirin shaklda o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

3. Kasallikning 7-8 yillik yashirin davri. Tibbiy tadqiqotlar xulosasiga ko‘ra, qizamiq virusi miya to‘qimalariga joylashgach, SSPE belgilarini yuzaga chiqarishi uchun ba’zan 7-8 yil yashirin davr o‘tadi. Bemorlarning chaqaloqlik paytida yuqtirib olgan infeksiyasi xronologik jihatdan aynan bugunga kelib to‘liq klinik belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda.

Demak, xastalikning aynan 2019-yilda tug‘ilgan bolalarda ommalashishi pandemiya sababli emlashdagi uzilishlar, mintaqada qizamiq tarqalishi hamda kasallik yashirin davrining bugungi kunga to‘g‘ri kelishi bilan izohlanadi.

Xulosa: yopiqlik sabab tizimga nisbatan ishonchsizlik kuchaymoqda

Birinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kasallik bilan bog‘liq vaziyatni matbuotdan yashirishga urinish, bu masalaga murojaat qilgan jurnalistlarga nisbatan ko‘rsatilayotgan munosabat hamda raqamlar borasidagi keskin tafovut eng avvalo unga nisbatan munosabatda muammo katta ekanini ko‘rsatadi.

Rasmiylar tushunishi kerak, masalani matbuot ko‘zidan panada ushlash va real statistikani yashirishga urinish muammoni yo‘qotmaydi, aksincha, odamlar orasida vahimani ko‘paytirib, davlat tibbiyot tizimiga nisbatan ishonchsizlikni oshiradi. Natijada, har qanday tibbiy muammo og‘ir ijtimoiy-siyosiy inqirozga aylanishi mumkin. SSPE atrofidagi vaziyat hozir shunday.

Ikkinchidan, kasallikning kelib chiqishi va vaksinatsiya o‘rtasidagi mantiqiy bog‘liqlikni to‘g‘ri anglash kerak: SSPE — bu vaksina asorati emas, balki o‘z vaqtida va to‘liq olinmagan emlash natijasida o‘tkazib yuborilgan qizamiq virusining mudhish oqibatidir. 2018–2019-yillardagi qizamiq epidemiyasi hamda COVID-19 pandemiyasi davridagi tizimli uzilishlar bugun, oradan 7-8 yil o‘tib, bolalar salomatligida o‘zining fojeali aks-sadosini bermoqda. Demak, mas’uliyat vaksinaning o‘zida emas, balki uni tashkillashtirish va qamrab olishdagi mahalliy xatoliklarda.

Uchinchidan, ma’lum bo‘lyaptiki, O‘zbekiston tibbiyotida xavfli va davosi aniqlanmagan kasalliklar borasida izlanishlarni kuchaytirish hamda yosh tadqiqotchilarni bu izlanishlar uchun rag‘batlantirish tizimi to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Nega yosh olimlar tadqiqot uchun xorijiy mamlakatlarni tanlayapti yoki ilmiy yangiliklar qilgan yosh izlanuvchilarning xorijga ko‘chib ketish holatlari nega ko‘p? Bu muammolar jiddiy hamda vijdonan qilingan tahlillarni talab qiladi.

To‘rtinchidan, jamiyatdagi “vaksina va emlashga qarshilik” kayfiyati va yolg‘on miflarga barham berish borasida hukumat tanlashi kerak bo‘lgan yagona yo‘l — kompleks va amaliy choralar ko‘rishdir. Davlat bu muammoni xususiy oilaviy tragediya darajasida qoldirmasdan, uchta zudlik bilan bajariladigan qadamni tashlashi kerak. Masalan, bemor bolalarga bepul va tizimli mediko-sotsial yordam ko‘rsatish, emlash jarayoni va vaksina sifati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish hamda SSPE bo‘yicha ochiq va xolis milliy reyestrni shakllantirish. Aks holda, profilaktika tizimidagi har bir bo‘shliq kelajakda yangi fojealarni tug‘dirishda davom etadi. Pandemiya davrida kasallikning avj olishi bizga achchiq xulosa bo‘lishi shart.

Teglar

Zamira Orziqulova

Zamira OrziqulovaMaqolalar soni: 16

Barchasi

Mavzuga oid