O‘zbekiston Rossiyadan har yili 7000 bosh zotdor sigir sotib oladi
O‘zbekistonda aholi daromadini oshirish va oziq-ovqat ta’minotini kuchaytirish uchun Rossiya bilan yirik agrar loyihalar muhokama qilindi.
© РИА Новости / Виталий БелоусовO‘zbekiston Rossiyadan har yili 7000 bosh golshtein zotli naslli qoramol olib kelishni rejalashtirmoqda. Ularni mahallalardagi oilalarga taqsimlash taklif etilgan. Bu masala 11-sentabr kuni Moskvada O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov va «STEP» agroxoldingi bosh direktori Andrey Nedujko o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi.
Tomonlar agrosanoat sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, naslli qoramol yetkazib berish masalalarini ko‘rib chiqdi. Golshtein zotidagi sigirlar sutkasiga 40 litrgacha va undan ko‘proq sut berishi mumkinligi qayd etildi.
Tashabbusdan maqsad oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi uchun barqaror daromad manbai yaratishdan iborat. Shu orqali oilalarning kambag‘allikdan chiqishiga ham ko‘maklashish ko‘zda tutilmoqda.
500 ming tonna bug‘doy
Muzokaralarda O‘zbekistonga Rossiyadan bug‘doy yetkazib berish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Rossiyada hosil yuqori bo‘lgani inobatga olinib, Kaspiy dengizi orqali 500 ming tonnagacha bug‘doy olib kelish taklif etildi.
Donni O‘zbekistonga yetkazishda Rossiyaning Astraxan va Maxachqala portlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan tashqari, ularni qayta ishlashga qaratilgan loyihalar ham muhokama qilingan.
Tomonlar sut va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgiladi. Bu yo‘nalishda qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Rossiya vakillari rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi. Loyihalar chorvachilik, don ta’minoti va oziq-ovqat sanoatini qamrab oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.





