Logo

O‘zbekistonliklar Tailand vizasi uchun Moskvaga bormasdan ariza topshirishi mumkin

Bugun 07:554 daqiqa

15-sentabrdan O‘zbekiston fuqarolari Tailandga kirish uchun viza rasmiylashtirishi kerak bo‘ladi. Turistik vizani Thai E-Visa tizimi orqali rasmiylashtirish mumkin, konsullik yig‘imini esa Toshkentdagi vositachi kompaniya orqali to‘lash imkoniyati bor.

O‘zbekistonliklar Tailand vizasi uchun Moskvaga bormasdan ariza topshirishi mumkin

Tailand 15-sentabrdan O‘zbekiston fuqarolari uchun amalda bo‘lgan 60 kunlik vizasiz kirish tartibini bekor qiladi. Shu munosabat bilan turistik viza rasmiylashtirish va konsullik yig‘imini to‘lash tartibiga oid qo‘shimcha ma’lumotlar ochiqlandi.

Avvalroq O‘zbekiston fuqarolari viza yig‘imini to‘lash uchun Tailandning Moskvadagi elchixonasiga borishi kerakligi haqida xabar berilgan edi. Bu viza arizalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha O‘zbekiston ham Moskvadagi elchixona yurisdiksiyasiga kirishi bilan bog‘liq.

Tailandning Toshkentdagi faxriy konsulxonasi ma’lum qilishicha, yig‘imni to‘lashning bir nechta usuli mavjud va buning uchun Moskvaga borish shart emas.

Jumladan, to‘lovni O‘zbekistonda Lilavadi Consult kurerlik-konsalting kompaniyasi orqali amalga oshirish mumkin. Shuningdek, Moskvadagi tanishlar orqali ham to‘lovni amalga oshirish imkoni bor. Kelgusida ushbu xizmatni to‘liq onlayn shaklga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Viza qanday olinadi?

Tailand vizasi Thai E-Visa elektron tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Hozircha tizimda O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talab etilmasligi haqidagi ma’lumot ko‘rsatilmoqda.

Arizani fuqaroning o‘zi yoki uning vakili, jumladan turistik kompaniya to‘ldirishi mumkin. Anketada safar maqsadi va yo‘nalishi, aloqa ma’lumotlari hamda joriy ish joyiga oid ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Arizaga pasport, xorijga chiqish pasporti, borish va qaytish aviachiptalari yoki tegishli bron hujjati, Tailandda yashash joyi tasdig‘i hamda so‘nggi olti oyda olingan 4×6 santimetrlik fotosurat ilova qilinadi.

Xorijga chiqish pasportida kamida ikki bo‘sh sahifa bo‘lishi kerak.

Shuningdek, ariza beruvchi o‘zining moliyaviy imkoniyatlarini tasdiqlashi lozim. Buning uchun oxirgi uch oydagi mablag‘lar harakati va ariza topshirish vaqtidagi hisob qoldig‘i ko‘rsatilgan ingliz tilidagi bank ko‘chirmasi talab etiladi.

Hisobda har bir kishi uchun kamida 20 ming tay bati, ya’ni 700 dollarga yetmaydigan mablag‘ bo‘lishi kerak. Kredit kartalari bo‘yicha ko‘chirmalar qabul qilinmaydi.

Voyaga yetmaganlar uchun ota-onaning hisob raqamida kamida 40 ming bat qoldiq ko‘rsatilishi mumkin. Agar farzandlar soni ko‘p bo‘lsa, har bir qo‘shimcha bola uchun yana kamida 20 ming bat hisoblanadi.

Yig‘imni qanday to‘lash mumkin?

Anketa yuborilganidan keyin tizim QR-kod hamda konsullik yig‘imini to‘lash rekvizitlari ko‘rsatilgan tasdiqlovchi hujjatni shakllantiradi. Uni chop etish talab qilinadi.

Hozircha Thai E-Visa tizimi O‘zbekiston bank kartalarini qabul qilmaydi. Shuning uchun ariza beruvchi yig‘imni to‘lash uchun vositachi kompaniya xizmatidan foydalanishi mumkin.

Tailandning Toshkentdagi faxriy konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, turistik viza uchun konsullik yig‘imi 40 dollar, ya’ni taxminan 480 ming so‘mni tashkil etadi.

To‘lovni uch xil usulda amalga oshirish mumkin:

1.    Moskvadagi Tailand elchixonasida shaxsan;

2.    Moskvadagi tanishlar orqali — ular elchixonada yig‘imni to‘lashi mumkin;

3.    Toshkentdagi Lilavadi Consult orqali — kompaniya to‘lovni so‘mda naqd pulsiz o‘tkazma orqali qabul qiladi.

Lilavadi Consult xizmati uchun viza yig‘imiga qo‘shimcha ravishda 420 ming so‘m to‘lanadi.

Moskvadagi tanishlar orqali to‘lov amalga oshirilganda, yig‘im elektron viza tizimida kvitansiya shakllanganidan keyin 14 kun ichida to‘lanishi mumkin. Elchixonada to‘lovlar ish kunlari Moskva vaqti bilan 09:30 dan 12:30 gacha qabul qilinadi.

Viza elektron shaklda beriladi va pasportga yopishtirilmaydi. Shu sababli pasportni Moskvadagi elchixonaga olib borish yoki topshirish talab etilmaydi.

Qanday qo‘shimcha hujjatlar kerak?

Ayrim toifadagi ariza beruvchilardan qo‘shimcha hujjatlar ham talab qilinadi.

Voyaga yetmaganlar uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi, shuningdek, bolaning xorijga chiqishi uchun ota-onalar yoki qonuniy vakillarning notarial tasdiqlangan roziligi kerak bo‘lishi mumkin. Bunda ota-onalar pasportlarining nusxalari ham taqdim etiladi.

Ishlovchilardan ish joyidan lavozimi, ish staji va ta’til berilgani ko‘rsatilgan ma’lumotnoma talab qilinadi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar tadbirkorlik faoliyati davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini tasdiqlovchi hujjatni, talabalar esa ta’lim muassasasidan tegishli ma’lumotnomani taqdim etadi.

Ingliz tilidan boshqa tilda tuzilgan hujjatlar notarial tasdiqlangan inglizcha tarjimasi bilan berilishi lozim.

Konsullik xodimlari zarur deb topilgan hollarda qo‘shimcha hujjatlarni so‘rashi yoki ariza beruvchini suhbatga chaqirishi mumkin.

Viza berilganidan keyin

Elektron pochta orqali olingan vizani Tailandga kirish vaqtida chegara nazorati xodimiga taqdim etish uchun chop etib olish kerak.

Viza uch oy muddatga beriladi. Biroq mamlakatda qolishning aniq muddati viza turiga muvofiq chegara nazorati xodimi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, Tailand vizasi bo‘yicha zarur ma’lumotlar va savollarga javob berish imkonini beruvchi Telegram-bot ishga tushirilishi kutilmoqda.

Viza rasmiylashtirish jarayoni umumiy hisobda qancha vaqt olishi haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolari uchun Tailandga kirishda yanada qulay sharoitlar yaratish masalasida Tailand tomoni bilan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid