
Tramp bayonotidan so‘ng neft narxlari pasaydi
Donald Tramp Venesuela AQSHga neft jo‘natishini aytganidan keyin neft narxi tushdi. Venesuela nefti AQSHga yo‘naltirilishi mumkinligi bozorda ortiqcha taklif xavotirini kuchaytirdi.

7-yanvar kuni neft narxlari pasaydi. Bunga AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuela AQSHga 30–50 million barrelgacha sanksiyalangan neft yetkazib berishini aytgani sabab bo‘ldi, deya xabar qilmoqda «Reuters». Investorlar taklifning oshishi ehtimoliga tezkor reaksiya qilishdi.
Savdolarda AQSHning G‘arbiy «Texas Intermediate» nefti 78 sentga yoki 1,37 foizga arzonlab, barreli 56,35 dollarga tushdi. «Brent» markasi fyucherslari esa 61 sentga, ya’ni 1 foizga pasayib, barreli 60,09 dollarni tashkil etdi. Ikkala etalon ham oldingi sessiyada bir dollardan ortiq yo‘qotishni qayd etgan edi.
Bozor ishtirokchilari bu yil global taklif yetarli bo‘lishi mumkinligi haqidagi kutilmalarni, AQSHning Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan keyin mamlakatda qazib olish bilan bog‘liq noaniqliklar bilan solishtirmoqda. Tramp ijtimoiy tarmoqda neft bozor narxida sotilishi va tushumlar AQSH nazoratida bo‘lishini yozdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, bayonot taklifni cheklashdan ko‘ra oshirishga moyillikni anglatadi. Bu esa global ortiqcha taklif xavotirini kuchaytiradi. «Reuters» manbalari Karakas va Vashington kelishuvi dastlab Xitoyga yo‘naltirilgan yuklarni qayta taqsimlashni talab qilishi mumkinligini bildirdi. Venesuela o‘zining asosiy «Merey» navini «Brent»ga nisbatan taxminan barreliga 22 dollarga arzon sotmoqda, kelishuv qiymati 1,9 mlrd dollargacha baholanmoqda.
Hozirda bu oqimni asosan «Chevron» boshqarmoqda. Korporatsiya PDVSA bilan qo‘shma korxona orqali AQSHga kuniga 100–150 ming barrel neft eksport qilmoqda. «Haitong Futures» tahlilchilari AQSHga yo‘naltirilgan eksport global ortiqcha taklifni chuqurlashtirishini aytdi.
«Morgan Stanley» korporatsiyasi esa 2026 yil birinchi yarmida bozorda kunlik 3 mln barrelgacha profitsit bo‘lishi mumkinligini baholadi. Shu bilan birga, API ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta AQSH xom neft zaxiralari 2,77 mln barrelga kamaygan.





