
Tramp: «Venesuela AQSHga 50 mln barrelgacha neft yetkazib beradi»
Tramp Venesuyelaning o‘tish davri hukumati AQSHga 30 milliondan 50 million barrelgacha yuqori sifatli neft yetkazib berishini ma’lum qildi.

Venesuelaning o‘tish davridagi hokimiyati AQSHga 30–50 million barrel «yuqori sifatli, sanksiyalar ostidagi neft» yetkazib beradi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida 7-yanvar, chorshanba kuni ma’lum qildi.
«Bu neft bozor narxlarida sotiladi, pullar Venesuyela xalqi va Qo‘shma Shtatlarga foyda keltirishini ta’minlash uchun AQSH prezidenti sifatida ularni nazorat qilaman», dedi AQSH rahbari.
Neft Venesuela portlaridan dengiz kemalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSHdagi yuk tushirish portlariga olib kelinadi. Tramp bu jarayonni «katta moliyaviy hajmlarga ega kelishuv» deya baholagan.
Mazkur bayonot AQSHning 3-yanvar kuni Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish maqsadidagi harbiy operatsiyasi haqidagi xabarlardan keyin yangradi. So‘nggi oylarda Tramp Karkas hukumatini AQSHga yo‘naltirilgan narkotik savdosida ishtirok etishda ayblab kelmoqda.
Venesuela esa o‘z navbatida Vashingtonni mamlakatning tabiiy resurslariga egalik qilish istagida ayblaydi. Qayd etilishicha, Venesuela dunyodagi eng yirik aniqlangan neft zaxiralariga ega. 2005 yilgacha mamlakat AQSHning eng katta neft ta’minotchilaridan biri bo‘lgan.
Biroq 2007 yilda o‘sha paytdagi prezident Ugo Chaves neft sanoatini milliylashtirib, xorijiy, jumladan amerikalik kompaniyalar mulkini musodara qilgandan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi energetik aloqalar keskin o‘zgargan edi.
Eslatib o‘tamiz, 3-yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuelada tun davomida amalga oshirilgan harbiy zarbalar natijasida mamlakat rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinganini e’lon qilgan. Uning aytishicha, operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan va Maduro rafiqasi bilan birga Venesuela hududidan olib chiqilgan.





