Tramp: Xomanaiy o‘ldi

01.03.2026 | 04:462 daqiqa

Eron rasmiylari Xomanaiyning o‘limi haqidagi OAV xabarlarini rad etayotgan bir paytda, Tramp oyatulloh AQSH zarbasida halok bo‘lganini e’lon qildi.

Tramp: Xomanaiy o‘ldi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

«Tarixdagi eng yovuz insonlardan biri bo‘lgan Xomanaiy o‘ldi. Bu nafaqat Eron xalqi uchun, balki barcha buyuk amerikaliklar hamda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xomanaiy va uning qonxo‘r bosqinchi to‘dasi tomonidan o‘ldirilgan yoki mayib qilingan insonlar uchun ham adolat tantanasidir», deb yozi AQSH prezidenti.

Tramp Eron oliy rahbari AQSH razvedkasi va o‘ta yuqori texnologiyali kuzatuv tizimlaridan qochib qutula olmaganini bildirgan.

«Isroil bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilgan ishlardan so‘ng, na uning va na u bilan birga o‘ldirilgan boshqa rahbarlarning qo‘lidan biror narsa kelmadi.

Bu Eron xalqi uchun o‘z mamlakatini qaytarib olish uchun yagona va eng buyuk imkoniyatdir», deydi Tramp.

AQSH yetakchisining iddao qilishicha, ko‘plab Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi a’zolari, harbiylar hamda boshqa xavfsizlik va politsiya kuchlari endi jang qilishni xohlamayapti va AQSHdan daxlsizlik so‘ramoqda.

Oldinroq «Reuters» agentligi ham ismi sir qolishini istagan Isroil rasmiysiga tayanib, Ali Xomanaiy Isroil harbiy havo kuchlarining uning qarorgohiga bergan zarbasi oqibatida halok bo‘lganini xabar qilgandi.

Hokimiyatni topshirish rejasi

Eron Oliy rahnamosining o‘limi Eron ichidagi va mintaqadagi kuchlar muvozanatini butunlay o‘zgartirib yuborishi kutilmoqda. Xomanaiy nafaqat diniy rahnamo, balki mamlakatdagi barcha strategik qarorlar, jumladan yadroviy dastur va tashqi siyosatning asosiy me’mori edi. Uning yo‘q qilinishi Islom Respublikasi mavjudligi davridagi eng katta siyosiy va harbiy yo‘qotish bo‘ladi.

O‘tgan yilgi Isroil zarbalaridan so‘ng Xomanaiy o‘zi vafot etgan taqdirda hokimiyatni topshirishning maxsus tizimini belgilab qo‘ygan edi. «NYT» nashrining yozishicha, u shaxsan o‘zi tayinlaydigan har bir harbiy va davlat lavozimi uchun to‘rt bosqichli vorislik rejasini ishlab chiqqan. Bu tizim to‘satdan yuzaga kelgan boshqaruv vakuumini to‘ldirish va rejim barqarorligini saqlab qolishga qaratilgan edi. Boshqa yuqori lavozimli rahbarlarga ham o‘zlariga to‘rttagacha voris topish vazifasi topshirilgan.

Ushbu rejadagi eng muhim figura Milliy xavfsizlik oliy kengashi rahbari, Islom inqilobi muhofizlari korpusining sobiq qo‘mondoni Ali Larijoniy hisoblanadi. U Xomanaiyning eng yaqin va ishonchli odamlaridan biri sifatida ko‘riladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Larijoniy allaqachon mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan va amaldagi prezident Mas’ud Pizishkiyonni ikkinchi planga surib qo‘ygan.

Oyatulloh Ali Xomanaiy 1989 yildan buyon Eron Oliy rahnamosi lavozimini egallab kelayotgan edi. Uning boshqaruvi davrida Eron G‘arb bilan doimiy qarama-qarshilikda bo‘ldi va yadroviy salohiyatini oshirishga intildi. Isroil bilan o‘n yilliklar davom etgan «sovuq urush» endi ochiq va halokatli to‘qnashuv bosqichiga o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid