Logo

Ziroat Mirziyoyeva Turkiy davlatlar tashkiloti Oila va xotin-qizlar kengashining ilk yig‘ilishida ishtirok etdi

Bugun 19:152 daqiqa

TDTning 13-sammiti doirasida tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar kengashi turkiy davlatlar o‘rtasida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Ziroat Mirziyoyeva Turkiy davlatlar tashkiloti Oila va xotin-qizlar kengashining ilk yig‘ilishida ishtirok etdi

Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Oila va xotin-qizlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Anqara shahriga tashrifi va TDTning 13-sammiti doirasida tashkil etildi.

Kengash huzuridagi davlat va hukumat rahbarlari rafiqalaridan iborat Oliy faxriy kengashning ilk yig‘ilishi «Hamjihatlikdan institutsional hamkorlik sari: Turkiy dunyoda oila va xotin-qizlar» mavzusiga bag‘ishlandi.

TDT doirasida tashkil etilgan ushbu Oila va xotin-qizlar kengashi turkiy davlatlar o‘rtasida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Yangi tashabbuslar va muhim takliflar


Yig‘ilish davomida Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqi bilan chiqish qilib, qizlarning zamonaviy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

«Ayolning bilimi va mehnati qadrlangan, oilada o‘zaro hurmat va hamjihatlik qaror topgan muhit butun jamiyatni mustahkamlaydi», — dedi Birinchi xonim.

Shuningdek, tadbirda onalik va bolalikni muhofaza qilish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham takliflar bildirildi. Bolalar va o‘smirlar uchun xavfsiz internet muhitini yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

So‘zining yakunida Ziroat Mirziyoyeva yig‘ilishni tashkil etgani uchun Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘anga tashakkur izhor etdi. Qabul qilingan qarorlar oilalar xotirjamligi, xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar va bolalar farovonligiga xizmat qilishiga umid bildirildi.

Teglar

Mavzuga oid