add

Yevroittifoqda hali yevro joriy etmagan olti davlat qoldi — infografika

Bugun 09:082 daqiqa

Ayni paytda Yevropa Ittifoqning 27 a’zo davlatidan 6 tasi o‘z milliy valutasini saqlab qolgan bo‘lib, yevro hududiga qo‘shilishga shoshilmayapti. Ular qaysilar?

Yevroittifoqda hali yevro joriy etmagan olti davlat qoldi — infografika

Yevropa Ittifoqi tarkibidagi aksariyat davlatlar yevro valyutasidan foydalanayotgan bo‘lsa-da, ayrim mamlakatlar hali ham o‘z milliy pul birligini saqlab qolmoqda. 2026 yil holatiga ko‘ra, ittifoqdagi 27 davlatdan 6 tasi yevro hududiga qo‘shilmagan.

 Yevro joriy etilmagan davlatlar quyidagilar:

  • Polsha (zlotiy);

  • Chexiya (krona);

  • Vengriya (forint);

  • Ruminiya (ley);

  • Shvetsiya (krona);

  • Daniya (krona).

Currencies-of-Europe-Site

Shu tariqa, yevro hozirda taxminan 350 million aholi tomonidan qo‘llanilayotgan bo‘lsa-da, ittifoq a’zolarining qariyb to‘rtdan biri mustaqil pul-kredit siyosatiga ega bo‘lib qolmoqda.

Yaqinda Bolgariya yevrohududning 21-a’zosi sifatida rasman qo‘shilgani haqida xabar bergan edik. Bu qaror 2023 yilda yevroni qabul qilgan Xorvatiyadan keyingi navbatdagi integratsiya qadami bo‘ldi. Sofiyada yevroni joriy etish tashqi savdoni chuqurlashtirish va geosiyosiy beqarorlik sharoitida iqtisodiy xavfsizlikni kuchaytirish zarurati bilan izohlandi.

Shu bilan birga, Bolgariya jamiyatida inflatsiya xavfi haqida xavotirlar ham bo‘ldi. Ammo tarixiy ma’lumotlar yevro joriy etilgan davlatlarda narxlar uzoq muddatli keskin o‘sishini tasdiqlamaydi. Mamlakatda jamoatchilik fikri deyarli ikkiga bo‘lingan holatda qoldi.

Boltiqbo‘yi davlatlari — Estoniya, Latviya va Litva yevroni 2011–2015 yillarda to‘liq qabul qilgan. Sovet ittifoqidan ajralib chiqqan, ammo YIga kirmagan qolgan davlatlar esa milliy valyutalardan foydalanishda davom etmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Polsha, Chexiya va Vengriya kabi davlatlar yevroni kechiktirish orqali iqtisodiy manyovr imkoniyatini saqlab qolmoqda. Milliy valuta ularga inqiroz paytida kursni moslashtirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash yoki foiz stavkalarini mustaqil belgilash imkonini beradi. Shu bois ushbu mamlakatlar uchun yevro masalasi faqat valuta emas, balki iqtisodiy suverenitet masalasi ham hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Yevroittifoqda hali yevro joriy etmagan olti davlat qoldi — infografika | Vaqt.uz