
Bolgariya yevroga o‘tmoqda: lev bor-yo‘g‘i bir oy parallel muomalada bo‘ladi
2026-yil 1-yanvardan Bolgariya yevroga o‘tadi, yanvar oyida lev va yevro birga muomalada bo‘ladi, naqd va naqdsiz to‘lovlar uchun alohida qoidalar joriy etiladi.

2026-yil 1-yanvardan Bolgariya rasman yevrozonaga qo‘shiladi va mamlakatda yevro asosiy valyutaga aylanadi. Yangi tizimga o‘tish jarayonida yanvar oyi davomida ikki valyutali muomala amali qiladi: bulg‘or levi va yevro bir vaqtning o‘zida qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi. Bu davr fuqarolar va biznes uchun moslashuv bosqichi sifatida belgilangan, deb yozmoqda Forbes Bolgariya.
Naqdsiz hisob-kitoblarda esa o‘tish keskinroq bo‘ladi. 1-yanvardan boshlab barcha bank kartalari, bank o‘tkazmalari va POS-terminallar orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar faqat yevroda hisoblanadi. Vending avtomatlari va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish tizimlari ham shu kundan boshlab levani qabul qilmaydi.
Qayd qilish kerakki, ayni paytda 1 bulg‘or levining qiymati 0,51 yevrotsentga teng.
Naqd pul bilan hisob-kitob qilishda muayyan cheklovlar joriy etiladi. Savdogarlar bir operatsiya doirasida ikki valyutani qabul qilish yoki qilmaslik masalasini mustaqil hal qiladi, biroq qaytim asosan yevroda berilishi shart. Agar kassada yevro bo‘lmasa, qaytim levlarda qaytarilishiga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, bir operatsiyada 50 donadan ortiq lev tangasini qabul qilmaslik huquqi ham saqlanib qoladi.
Tovar qaytarish yoki reklamatsiya holatida mablag‘ to‘liq yevroda qaytariladi. Faqat yevro mavjud bo‘lmagan hollarda levalarda qaytarish mumkin. 2026 yil 1-fevraldan esa yevro mamlakatda yagona rasmiy valyutaga aylanadi va bulg‘or levi to‘lov vositasi maqomini yo‘qotadi.
Eski pullarni almashtirish masalasi ham aniq belgilab qo‘yilgan. Bolgariya Xalq banki levni yevroga muddatsiz almashtirib beradi. Tijorat banklari va «Bolgar pochtasi» bo‘limlarida esa bunday almashtirish amaliyotlari 2026 yil oxirigacha amal qiladi.
Eslatib o‘tish joizki, Bolgariya Yevropa Ittifoqiga 2007 yilda qo‘shilgan bo‘lsa-da, yevroni joriy etishga faqat 2025 yil iyunida, Yevropa Markaziy banki va Yevrokomissiya mamlakat iqtisodiy mezonlarga javob berishini tasdiqlagandan so‘ng ruxsat berildi.
Yevro ayni paytda yevrohududning 20 ta davlati (Avstriya, Belgiya, Estoniya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Irlandiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Latviya, Litva, Luksemburg, Malta, Niderlandiya, Portugaliya, Slovakiya, Sloveniya, Xorvatiya)da, shuningdek, Andorra, Vatikan, Monako, San Marino kabi mitti davlatlar, Yevroittifoq a’zosi bo‘lmagan Qoratog‘ (Chernogoriya) va Kosovoda yagona valuta hisoblanadi. Endi ular safiga Bolgariya ham qo‘shilmoqda.
Yevropa Ittifoqi a’zolaridan Shvetsiya, Daniya, Polsha, Chexiya, Ruminiya va Vengriya hozircha o‘z milliy valyutalaridan foydalanib turishibdi.





