«Yo‘qolgan» renovatsiya qonuni: strategiya bor, hujjat yo‘q
2040-yilgacha keng ko‘lamli renovatsiya rejalashtirilgan, ammo uni tartibga soluvchi qonunning taqdiri hanuz noaniq. Hujjat Senatda ko‘rib chiqilyaptimi yoki Qonunchilik palatasiga qaytarilganmi — bu borada rasmiy ma’lumot berilmagan.

2026-yil 3-fevral kuni Prezidentga urbanizatsiya va uy-joy qurilishida yangi yondashuvlarni joriy etish yuzasidan navbatdagi taqdimot ko‘rsatildi. Unda 2040-yilgacha uy-joylarning renovatsiya bilan qamrab olinishini amaldagi 15 foizdan 60 foizga yetkazish va «Yangi O‘zbekiston» massivlarini 120 taga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, hozir yiliga 15–18 ming kvartira renovatsiya hududlarida qurilayotgan bo‘lsa, 2040-yilda bu ko‘rsatkich 170 mingtaga chiqishi rejalashtirilgan. Bu degani, yaqin yillarda qurilish uchun yer ochishning asosiy dastagi aynan eski uylarni buzish — renovatsiya bo‘ladi.
Biroq bu ulkan maqsadlar e’lon qilinayotgan bir paytda eng asosiy savol ochiq qolmoqda: bu jarayonlar qaysi qonun asosida amalga oshiriladi? Negaki, amalda renovatsiya ko‘lami kengayib borayotgan bo‘lsa-da, uning huquqiy asosi hamon «muallaq» turibdi.
Qonun loyihasining xronologiyasi
«Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonunning taqdiri parlament va hukumat idoralari o‘rtasidagi tushunarsiz sukunatga aylanib ulgurdi. Qonun bo‘yicha harakatlar zanjiri quyidagicha bo‘lgan:
2025-yil aprel. Prezidentga qonun loyihasi taqdim etildi. Hujjatda renovatsiya dasturlarini uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan: tegishli hududlarni tanlash va loyihalarni tayyorlash, loyihalar va quruvchilarni tasdiqlash, uy-joylarni qurib, foydalanishga topshirish. Tashabbuskorlar mulkdorlarga yangi uy-joy yoki kompensatsiya berishi kerak bo‘ladi.
Dastlabki bosqichda renovatsiya bo‘yicha bir nechta pilot loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Hatto fuqarolar va homiylar ishtirokida direksiya ham tashkil qilinishi ma’lum qilingan. Adliya vaziri Akbar Toshqulov qonun loyihasi ishlab chiqilgunga qadar uy-joylarni renovatsiya qilish sohasida «huquqiy bo‘shliq» bo‘lganini, loyihalarni kelishish bo‘yicha aholi, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelganini ta’kidlagan.
2025-yil iyul. Qurilish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva qonun loyihasi Adliya vazirligida ekspertizadan o‘tayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u ilk bor asosiy muammoni ochiqladi: aholi o‘z uylarini investorlarga qimmat sotmoqchi, bu esa biznes manfaatlari bilan to‘qnash kelmoqda.
«Ikki qavatli eskirgan uylarda yashovchi aholi o‘z uylarining narxini qimmat baholamoqda. Investorlar aholi bilan narxlarni kelishishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda», — deb Ozoda Jo‘rayeva Spot nashriga ma’lum qilgan.
2025-yil avgust. Deputatlar renovatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasini boshladi. Bu haqda bir nechta partiya matbuot xizmatlari xabar bergan edi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan 5-avgust kuni o‘tkazilgan yalpi majlisda birinchi o‘qishda qabul qilindi.
2025-yil 9-sentabr. Qonunchilik palatasi «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqib, ma’qulladi. Shu kuniyoq Senatga yuborilgani ma’lum qilindi.
Ammo qonunning na birinchi o‘qishdagi, na keyingi o‘qishlardagi matni jamoatchilikka e’lon qilinmadi. Muhokamalardan ma’lum bo‘lishicha, bahsli va muammoli masalalar bo‘yicha aniqlik va asoslar kiritilmagan. Jumladan, deputatlardan birining meros holatidagi jarayon muddatini 6 oyga uzaytirish taklifi ham qabul qilinmagan.
2025-yil 2-oktabr. Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi qonunni muhokama qildi. Shundan so‘ng hujjat «g‘oyib bo‘ldi». Konstitutsiyada belgilangan 60 kunlik muddat (oxirgi muddat — 18-noyabr) o‘tib ketgan bo‘lsa-da, qonunning rad etilgani yoki ma’qullangani haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.
Hozirgi holat (2026-yil) Vaqt.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Oliy Majlis Senati matbuot kotibi Nilufar Abbosxonovaga murojaat qildi. Uning ma’lum qilishicha, qonun navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga qo‘yiladi. Ammo aniq muddati ochiqlanmadi.
«Biz o‘yinni qonunsiz boy berib bo‘ldik»
«Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov renovatsiya bilan bog‘liq jarayonlarga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. U bu jarayonni ochiqchasiga «iste’molchilar himoyalanmagan o‘yin» deb atadi. Uning fikricha, qonunsiz amalga oshirilayotgan renovatsiya — bu drayver emas, balki jamiyat uchun ziyon.
«Qonun yo‘q, lekin renovatsiya ketyapti. Eng yomon tarafi, xalq manfaatiga ishlaydigan qonunlar kelganda, ular qaysidir burchakda yo‘qolib qoladi. Biz matnni bilmaymiz, nima o‘zgarganini bilmaymiz. Quruvchilarning tasavvurida renovatsiya — bu eskirgan uyni buzib, o‘rniga imkoni boricha ko‘proq uy joylashtirishdir», — deydi Bakirov.
Bakirov «zichlik» masalasiga alohida to‘xtalib, huquqiy asossiz harakatlanishning oqibatlaridan ogohlantiradi:
«Mening fikrimcha, qonun yo‘q ekan, bu jarayonlarni to‘xtatish kerak. Qonun yo‘q, renovatsiya bo‘lmasligi kerak. Men renovatsiyaning tarafdoriman, chunki bu yirik shaharlarda iqtisodiy o‘sish drayverlaridan biri. Lekin qonun yo‘q ekan, u bizga ziyon keltiradi», — dedi iqtisodchi.
Ekspertning ta’kidlashicha, 300 kishi yashaydigan joyda 20 ming kishilik massiv qurish — bu «uchinchi molxona»dir. Bu yerda na transport, na energetika va na ijtimoiy infratuzilma (bog‘cha, maktab) muammosi hal bo‘ladi. 20 qavatli uylarda odamlar bir-birini tanimaydi, ijtimoiy zanjir uziladi.
Renovatsiya qonuni o‘zi nega kerak?
Renovatsiya avvalo eski, energetik va texnik talablarga javob bermaydigan, 40–50 yil avval qurilgan uylarda yashayotgan mulkdorlarni himoya qilish uchun kerak. Bu insonlar — uy egalari, ularning mulk huquqi daxlsiz. Qonun aynan shu huquqlarni kafolatlashi shart.
Renovatsiya faqat eski uyni buzib, o‘rniga yanada baland va zich bino qurish degani emas. Agar 300 kishi yashaydigan hudud o‘rniga 20 ming kishilik massiv barpo etilsa, bu infratuzilmani izdan chiqaradi. Elektr ta’minoti, transport, tirbandlik, maktab va bog‘chalar masalasi hal bo‘lmaydi, aksincha yanada og‘irlashadi. Yashil hududlar qisqaradi, ijtimoiy muhit parchalanadi.
Shu ma’noda, renovatsiya — bu avvalo infratuzilmani yangilash, yashash muhitini yaxshilash va aholining huquqlarini himoya qilishdir. U faqat qurilish hajmini oshirish emas, balki mavjud aholining hayot sifati, ta’lim, ekologiya va jamoat makoniga bo‘lgan huquqini ta’minlash jarayoni bo‘lishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘qituvchilarga va’da qilingan, ammo hanuzgacha qarori e’lon qilinmagan imtiyozlar haqida yozgan edik.
Teglar






