Oltin uch haftalik eng yuqori darajadan pasaydi
Ayrimlar oltin narxidagi bunday o‘zgarishni sezilarli o‘sishdan keyingi «hazm qilish» jarayoni demoqda.

Bugun, 24-fevral kuni oltin narxi tushdi. Investorlar oldingi sessiyada 2 foizdan ortiq o‘sgan qimmatbaho metall bo‘yicha foydani qayd etdi, shuningdek mustahkamlangan dollar ham «sariq metall»ga bosim o‘tkazdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Spot-oltin 0,8 foizga arzonlashib, unsiyasi 5 189,99 dollarga tushdi. Shu bilan u to‘rt sessiyalik o‘sish seriyasini to‘xtatdi va kun davomida qayd etilgan uch haftadan ortiq muddatdagi eng yuqori darajadan pasaydi. Oldingi savdo kunida oltin 2,5 foizga qimmatlashgan edi.
AQSHning aprel oyi uchun oltin fyucherslari 0,3 foizga tushib, 5 210,40 dollarga teng bo‘ldi.
«Kecha oltinda sezilarli o‘sish kuzatildi. Hozir esa ma’lum darajada «hazm qilish» jarayoni ketmoqda. Shunisi e’tiborliki, Uoll-stritdagi vahima Osiyo bozorlariga to‘liq ko‘chmadi» – deydi «Tastylive» kompaniyasi global makro tadqiqotlar rahbari Ilya Spivak.
Uning aytishicha, dollar mustahkamlanishi va investorlarning foydani qayd etishi oltin narxining pasayishiga sabab bo‘lgan.
Osiyo bozorlari ochildi
24-fevral kuni Osiyo aksiya bozorlari erta savdolarda beqaror harakat qildi. AQSH bozorlaridagi kechagi keskin sotuvlar investorlarni xavotirga soldi. Kayfiyatga Donald Trampning tarif siyosati borasidagi noaniqlik va Eron bilan keskinlikning kuchayishi salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Dollar biroz qimmatlashdi, bu esa boshqa valutalar egalari uchun dollarda baholanadigan oltinni qimmatroq qildi.
Trampning ogohlantirishi
23-fevral kuni Tramp Oliy sud uning favqulodda tariflarini bekor qilganidan so‘ng, yaqinda tuzilgan savdo kelishuvlaridan chekinishga uringan mamlakatlar boshqa savdo qonunlari asosida ancha yuqori bojlarga duchor bo‘lishini aytdi.
Shuningdek, Federal zaxira gubernatori Kristofer Vallerning aytishicha, agar fevral oyidagi mehnat bozori ma’lumotlari 2025 yildagi zaiflikdan so‘ng bozor «yanada mustahkam poydevorga o‘tgani»ni ko‘rsatsa, mart oyidagi yig‘ilishda foiz stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirishga tayyor.
«CME Group»ning «FedWatch» vositasi ma’lumotlariga ko‘ra, bozorlar joriy yilda 25 bazis punktdan iborat uchta stavkani pasaytirishni kutmoqda.
Spot-kumush 1 foizga tushib, unsiyasi 87,38 dollarga yetdi (23-fevral kuni ikki haftalik eng yuqori darajaga chiqqan edi). Platina 0,7 foizga arzonlashib, 2 139,25 dollarga tushdi, palladiy esa 0,3 foizga qimmatlashib, 1 748,12 dollarga yetdi.





