
AQSH hukumati Yashil iqlim fondidan chiqishini e’lon qildi
AQSH ma’muriyati energetika siyosatida iqtisodiy o‘sishni ustuvor qo‘yib, xalqaro iqlim majburiyatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda.

AQSH hukumati BMT huzuridagi Yashil iqlim fondida ishtirokini to‘xtatishga qaror qildi. Moliya vazirligi Vashington mazkur jamg‘armaga moliyaviy hissa qo‘shishdan voz kechganini rasman ma’lum qildi. Bu qaror mamlakat energetika siyosatida iqtisodiy o‘sishni birinchi o‘ringa qo‘yish strategiyasi bilan izohlanmoqda.
AQSH moliya vaziri Skott Bessent fondning faoliyatini tanqid qilib, uni «radikal tashkilot» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, fond ilgari surayotgan yondashuvlar arzon va ishonchli energiya manbalari iqtisodiy taraqqiyot hamda qashshoqlikni qisqartirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani haqidagi asosiy tamoyilga zid keladi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, Donald Tramp ma’muriyati iqtisodiyot o‘sishiga xizmat qiladigan barcha energiya manbalarini, jumladan an’anaviy va muqobil yo‘nalishlarni birdek rivojlantirish niyatida. Shu sababli Yashil iqlim fondida ishtirok etish hukumatning joriy ustuvor maqsadlariga mos kelmaydi, degan xulosaga kelingan.
Yashil iqlim fondi BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va kamaytirish loyihalarida moliyaviy yordam ko‘rsatishni maqsad qiladi. AQSHning chiqishi fond faoliyatiga salmoqli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bu qaror Trampning xalqaro tashkilotlarga nisbatan tanqidiy siyosatining davomi hisoblanadi. Avvalroq Tramp AQSHni 66 ta xalqaro tuzilmadan chiqarishni nazarda tutuvchi memorandumni imzolagan, ularning 31 tasi BMT tizimiga kiradi. Oq uyga ko‘ra, ushbu tashkilotlar endi Amerika manfaatlariga xizmat qilmayapti.





