Arab davlatlarining neft embargosi qurboni — AQSH dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi
Mamlakat kuniga 10,5 million barrel neft va yoqilg‘i eksport qilib, Saudiya Arabistoni hamda Rossiyani ortda qoldirmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylanib, uzoq yillar davomida Saudiya Arabistoni va Rossiya hukmronlik qilib kelgan tartibni o‘zgartirib yubordi. Vashington va Tehron o‘rtasidagi urush global energiya savdosini qayta shakllantirayotgan bir paytda, bu burilish Amerika kompaniyalarining energiya bozorlaridagi mavqeini yanada mustahkamlaydi.
AQSHning yetakchi o‘ringa chiqishi haqiqiy hayratlanarli voqea hisoblanadi. Sababi, mamlakat o‘nlab yillar davomida Yaqin Sharq neftiga qaram bo‘lgan, hatto 1973 yilda Isroilni qo‘llab-quvvatlagani uchun OPEKning ayrim a’zolari tomonidan joriy etilgan neft embargosidan jiddiy jabr ko‘rgan edi.
Amerikaning bu sohadagi keskin yuksalishi 2010 yildan keyin, slanets qatlamlaridan neft va gaz qazib olish hajmining mislsiz darajada oshishi bilan boshlandi. Bu avvaliga mamlakatni dunyodagi eng yirik gaz, keyinchalik esa yetakchi neft qazib oluvchi davlatga aylantirdi.
2026 yilning fevral oyidan buyon davom etayotgan AQSH–Eron urushi Saudiyaning neft eksportiga jiddiy putur yetkazmoqda. Qolaversa, Ukraina dronlarining hujumlari hamda Moskvaning Ukrainaga bosqini ortidan joriy etilgan Amerika sanksiyalari sababli Rossiyaning neft eksporti ham zarar ko‘rmoqda. Aynan shu omillar fonida AQSH dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylanib oldi.
Kemalar qatnovini kuzatuvchi «Vortexa» xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori qazib olish hajmi hamda strategik zaxiralarning bozorga chiqarilishi natijasida may oyida AQSHning xom neft va yoqilg‘i eksporti kuniga qariyb 10,5 million barrelga yetgan. Bu ko‘rsatkich bilan AQSH qatorasiga uchinchi oy global miqyosda eng yirik eksportchi maqomini saqlab turibdi.
«Reuters» hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyida Rossiya eksporti kuniga 7 million barrelni tashkil etgan. «Vortexa» ma’lumotlarida esa Saudiya Arabistonining eksport ko‘rsatkichi kuniga 5,9 million barrel atrofida bo‘lgani qayd etilgan.
Taqqoslash uchun, «Vortexa» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Saudiya Arabistoni kuniga taxminan 8,1 million barrel, AQSH 6,6 million barrel, Rossiya esa 5,8 million barrel neft eksport qilgan edi.
«Vashington Eron urushigacha o‘zida borligini anglamagan yangi vositaga — energiya eksportiga ega bo‘ldi», — dedi kemalar qatnovini kuzatuvchi «Kpler» kompaniyasining siyosat bo‘limi rahbari Mishel Bruhard.
AQSHning bu boradagi yangi hukmronligi Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK) va uning ittifoqchilarining narx belgilash borasidagi tarixiy ta’sir kuchini zaiflashtirishi mumkin. AQSH prezidenti Donald Tramp uzoq vaqtdan beri OPEKni bozorni manipulyatsiya qilishda ayblab keladi. Shuningdek, may oyida eng yirik a’zolardan biri — Birlashgan Arab Amirliklarining qariyb 60 yillik ishtirokdan so‘ng tashkilotni tark etishi OPEK uchun yana bir jiddiy zarba bo‘ldi.
Jahonning eng yirik neft eksportchisi maqomi Vashingtonga ittifoqchilar va raqiblar bilan muzokaralarda yangi, qudratli dastak beradi. Bu esa AQSHning global harbiy ustunligi va dollarning dunyo zaxira valutasi sifatidagi moliyaviy bozorlardagi hukmronligini yanada to‘ldiradi.
«Bugungi kunda AQSHning ayrim mamlakatlarga nisbatan ta’sir doirasi naqadar kengayganini ko‘rish mumkin. Sababi ular neft va gaz ta’minoti borasida Amerikaga qaram bo‘lib qoldi», — deydi Bruhard. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH hozirda Yevropaga xom neft yetkazib beruvchi eng yirik, yoqilg‘i mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha esa ikkinchi raqamli davlatga aylangan.
Yevropa Ittifoqi rasmiylari dastlab AQSHdagi neft va gaz bumini Rossiya hamda Yaqin Sharq ta’minotiga yaxshi muqobil sifatida olqishlagan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu holatga shubha bilan qaray boshlashdi va Amerika kompaniyalariga haddan tashqari qaram bo‘lib qolish xavfidan ogohlantirishdi.
Bu ogohlantirishlar Yevropa Ittifoqi va AQSH ma’muriyati o‘rtasida savdo tariflari hamda «yashil» energetika qoidalari bo‘yicha kelishmovchiliklar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Moskva ham bu vaziyatdan hafsalasi pir bo‘lganini yashira olmayapti.
Kremlga qarashli «Rosneft» giganti rahbari va prezident Vladimir Putinning eng yaqin ittifoqchilaridan biri Igor Sechinning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishidan eng ko‘p foyda ko‘rgan tomon aynan AQSH energetika kompaniyalari bo‘lgan.
Biroq, AQSH va Eron o‘rtasidagi urush boshlanishidan ancha oldin ham Saudiya Arabistoni va Rossiya qazib olish hajmining o‘sishi borasida Amerika kompaniyalaridan sezilarli darajada ortda qolayotgan edi.
AQSHda xom neft va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmi 2000 yildan beri deyarli uch baravarga ko‘payib, kuniga qariyb 22 million barrelga yetdi. Saudiya Arabistonida esa bu ko‘rsatkich 2000 va 2026 yillar oralig‘ida OPEK kvotalariga muvofiq, asosan kuniga 10 milliondan 12 million barrelgacha bo‘lgan oraliqda tebranib turdi.
Rossiyada neft va boshqa suyuq yoqilg‘ilar qazib olish 2000—2010 yillar oralig‘ida kuniga 6 million barreldan 10 million barrelgacha ko‘tarildi va 2010 yillarda yana 2 million barrelga oshdi. Biroq 2020 yildan keyin bu ko‘rsatkich o‘sishdan to‘xtadi va hatto kuniga 10 million barreldan ham pastlab ketdi.
Dunyo bo‘yicha neftga bo‘lgan talab 2010 yildagi kunlik 87 million barreldan o‘tgan yili 104 million barrelgacha o‘sdi. Bu shuni anglatadiki, oxirgi 15 yil ichidagi global talab o‘sishining asosiy qismi aynan AQSHdagi neft bumi hisobiga qoplangan.
2015 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari arab davlatlarining neft embargosi davridan, ya’ni 40 yildan beri amalda bo‘lgan eksport taqiqini bekor qildi va o‘z neftining jahon bozoriga chiqishiga yo‘l ochdi.
Oradan 10 yil o‘tib, AQSH jahondagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi.
Hukumat qazib olish va eksport hajmini to‘liq yoki qisman belgilab beradigan Saudiya Arabistoni hamda Rossiyadan farqli o‘laroq, AQSHdagi neft bumi xususiy kompaniyalarning qarorlariga asoslanadi va ular uchun birinchi o‘rinda foyda ko‘rish turadi.
Beyker jamoatchilik siyosati institutining Energetika va resurslar iqtisodiyoti bo‘limi ilmiy xodimi Kennet Medlokning ta’kidlashicha, neft narxi ko‘tarilganda, AQSH firmalari qazib olishni ko‘paytiradi va bu narxlarning pasayishiga yordam beradi. Narxlar tushib ketganda esa, qazib olish hajmini qisqartiradi va bu o‘z navbatida narxlarning qayta ko‘tarilishiga turtki bo‘ladi.
«Bu holat ko‘p jihatdan OPEK va Saudiya Arabistoni o‘z zaxira quvvatlari orqali bajarib kelgan vazifaga o‘xshaydi. Biroq Amerikaniki strategik vosita emas, balki ko‘proq bozor mexanizmidir», — deydi u.
Yevropa davlatlari 2022 yilda Ukrainada urush boshlanganidan beri energiya ta’minotida tobora ko‘proq AQSHga tayanmoqda. Joriy yilda AQSH neft eksportining qariyb 47 foizi aynan ushbu qit’a hissasiga to‘g‘ri keldi. Vaholanki, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 37 foizni tashkil etgan edi.
Ilgari xom neftni asosan Yaqin Sharqdan sotib olgan Osiyo davlatlari ham endi ta’minot masalasida borgan sari AQSHga ko‘proq murojaat qilmoqda. Joriy yilning may oyida AQSH neft eksportining qariyb 46 foizi Osiyo qit’asiga yo‘naltirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich taxminan 37 foiz atrofida bo‘lgan.





