Logo

«Aravani torta olmaganlar safdan tushib qoladi» — ta’lim vaziri kadrlar va yangi o‘zgarishlarga munosabat bildirdi

Bugun 15:402 daqiqa

Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov kadrlar siyosatida ish natijalari asosiy mezon bo‘lishini bildirdi. Uning aytishicha, vazifasini uddalay olmagan xodimlar tizimda qolmaydi, biroq muammolarni faqat kadrlarni almashtirish orqali hal qilib bo‘lmaydi.

«Aravani torta olmaganlar safdan tushib qoladi» — ta’lim vaziri kadrlar va yangi o‘zgarishlarga munosabat bildirdi

Yangi ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov ta’lim tizimida yangi qonunlar qabul qilishdan ko‘ra, mavjud tartib va talablarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhimligini aytdi. U hududlardagi rahbar va kadrlar masalasiga ham to‘xtalib, ishni uddalay olmagan xodimlar tizimda qolmasligini ta’kidladi.

«Yangilik qilib Amerikani ochish kerak emas»

Erkinjon Turdimov Gazeta.uz'ga bergan intervyusida ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar qilishni rejalashtirayotgani haqidagi savolga javob berdi. Uning aytishicha, tizimdagi mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish va mas’uliyatni o‘z o‘rniga qo‘yish kerak.

«Yangilik qilib Amerikani ochish kerak emas. Bugun hamma narsa davlat tomonidan yaratilgan. Faqat pastga qo‘yib, buni qo‘yishimiz kerak», — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, ta’lim sifatini oshirish faqat vazirlikning emas, balki butun jamiyatning vazifasi hisoblanadi. Bunda fuqarolar, ayniqsa, farzandli ota-onalar o‘z mas’uliyatini his qilishi kerak.

Ishlay olmagan kadrlar tizimda qolmaydi

Jurnalist vazirlik rahbariyati va o‘rinbosarlari yangilangani, shuningdek, tuman va viloyatlardagi rahbar hamda kadrlarni ham almashtirish kerakligi haqidagi muhokamalarga munosabat so‘radi.

Erkinjon Turdimov kadrlarni almashtirishning o‘zi bilan muammoni hal qilib bo‘lmasligini aytdi. Uning fikricha, xodimlar faoliyati tahlil qilinishi va ularning ish natijalariga baho berilishi kerak.

«Hamma narsa, hammani kadrlar yechadi. Kadr endi almashtirish bilan bir narsa bitmaydi. Biz, albatta, bu narsani tahlil bilan [hal qilamiz]. Aravani hamma o‘zi tortishi kerak. Aravani torta olmayotganlar nima bo‘ladi? Safdan tushib qoladi», — dedi vazir.

U hududlardagi rahbar va xodimlar faoliyati haqida hozircha aniq xulosa berishga erta ekanini bildirib, kadrlar masalasida vaqt va tahlil muhimligini ta’kidladi.

Ota-onalar ham ta’lim uchun mas’ul

Vazir ta’lim sifatini oshirishda ota-onalarning ham mas’uliyati borligini ta’kidladi. Uning fikricha, bolalarning bilim olishi va tarbiyasi faqat maktab yoki o‘qituvchining vazifasi emas.

«Mana shu farzandingiz bilan har kuni bir soat vaqt ajratib dars qilasizmi? Dars qilmaysiz. Ko‘pchilik qilmaydi. Biz dars qilishimiz kerak, farzandimizdan so‘rashimiz kerak, farzandimizga o‘rgatishimiz kerak», — dedi u.

Turdimov o‘qituvchilarni tanqid qilish bilangina ta’lim sifatini oshirib bo‘lmasligini ham qayd etdi. Uning aytishicha, pedagoglarning jamiyatdagi mavqeyini oshirish uchun ota-onalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi munosabatlar ham o‘zgarishi zarur.

Vazir, shuningdek, vazirlik maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarida o‘z vazifalarini aniq belgilab olishi kerakligini aytdi. Bu borada jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlash muhimligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid