«O‘zbekneftgaz» neft bazalar ilk bor sof foydaga chiqqanini ma’lum qildi
Avvalroq kompaniya zavodlarni modernizatsiya qilish uchun banklardan 580 mln dollar olmoqchiligini aytgandi.
© sputnik2026-yilning dastlabki 9 oyi davomida «O‘zbekneftgaz»ning foyda bilan ishlayotgan neft bazalari soni 13 taga yetdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kompaniya bergan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning mos davrida 108,3 milliard so‘mlik zarar ko‘rilgan bo‘lsa, joriy davrda 25,2 milliard so‘m sof foyda bo‘lgan.
«Neft bazalar tarixida ilk bor qayd etilgan bu natija tizimdagi islohotlar amalda moliyaviy samara berayotganini ko‘rsatdi», — deya qayd etgan tashkilot.
Qayd etilishicha, hisobot davrida neft bazalar orqali 191 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 baravar ko‘p bo‘lib, tizimdagi savdo faolligi sezilarli oshganini ko‘rsatadi. AYQSHlardagi kunlik savdo hajmi esa yil boshidagi 245 ming litrdan 1 million 237 ming litrga yetgan — qariyb besh baravar o‘sish qayd etildi. Tarmoqdagi o‘zgarishlar ham bu sur’atni qo‘llab-quvvatlagani aytildi.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu vaqt mobaynida 121 ta FYOTSH zamonaviy AYQSHga aylantirilgan, 56 ta shoxobchaga 87 ta yangi yoqilg‘i tarqatish uskunasi o‘rnatilgan. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi oldidagi kreditor qarzdorlik 296,7 mlrd so‘mga, iste’molchilarning debitor qarzdorligi 56,8 mlrd so‘mga qisqartirilgan.
Kompaniya hisobotida aytilishicha, 60 ta AYQSH qamrab olingan.
«Yil boshida boshlagan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri neft bazalardagi savdo va hisob-kitob jarayonlarini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda korrupsiyaviy xavflarni cheklashdan iborat edi. Shu maqsadda 60 ta AYQSH videokuzatuv tizimi bilan ta’minlanib, ularning 10 tasi markaziy apparatda tashkil etilgan vaziyatlar markaziga integratsiya qilindi, qolganlarida ham raqamlashtirish ishlari davom ettirilmoqda», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekneftgaz» zavodlarni modernizatsiya qilish uchun banklardan 580 mln dollar olmoqchiligi haqida yozgan edik.





