Logo

Toshkentda shar IES qurilmasiga urilib, to‘rtta tumanni elektrsiz qolishiga sabab bo‘ldi

Bugun 21:531 daqiqa

Qibraydagi «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi oqibatida himoya tizimi ishga tushib, stansiya quvvati 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan.

Toshkentda shar IES qurilmasiga urilib, to‘rtta tumanni elektrsiz qolishiga sabab bo‘ldi © yandexmaps

19-oktabr kuni Toshkent shahrining to‘rtta tumanida kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishga Qibray tumanida joylashgan «Aksa Toshkent» issiqlik elektr stansiyasining (IES) ochiq taqsimlash qurilmasiga havoda uchib kelgan shar tushishi sabab bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, himoya tizimining ishga tushishi oqibatida yuzaga kelgan avariya holati yarim soat ichida to‘liq bartaraf etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa soat 19:05 da sodir bo‘lgan. Stansiyaning T-5 transformatoridagi shikastlanish va himoya tizimi ishlab ketishi oqibatida IES quvvati keskin — 460 MVtdan 185 MVtgacha kamaygan. Holat kuzatuv kameralari yozuvlari orqali ham tasdiqlangan.

Buning oqibatida poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug‘bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kuzatilgan.

«Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti qisman tiklangan. Soat 19:25 da esa zaxira manbalar orqali ta’minot to‘liq tiklangan», - deyiladi xabarda.

Soat 19:38 ga kelib barcha tumanlardagi iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq qayta tiklangan.

Vazirlik keltirilgan noqulaylik uchun iste’molchilardan uzr so‘rab, aholini xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

«Shu o‘rinda fuqarolardan elektr stansiyalari, podstansiyalar va boshqa elektr qurilmalari yaqinida havoga shar uchirmasliklarini so‘raymiz. Bu kabi holatlar elektr ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin», — deyiladi rasmiy xabarda.

Teglar

Mavzuga oid