Logo

Budjet taqchilligini qoplash uchun Rossiya 1998-yildan beri eng ko‘p oltin sotdi

Bugun 11:472 daqiqa

Rossiya Markaziy banki budjet taqchilligini qoplash uchun zaxiradagi oltinni ketma-ket o‘ninchi oy sotmoqda. 2026-yilda budjet taqchilligi 7,3 trln rublga yetishi mumkin.

Budjet taqchilligini qoplash uchun Rossiya 1998-yildan beri eng ko‘p oltin sotdi © Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiya Markaziy banki sentabrda oltin zaxirasini 200 ming troy unsiyaga, ya’ni qariyb 6,2 tonnaga kamaytirdi. Natijada zaxira hajmi 72,8 million troy unsiyaga tushdi. Bu 2019-yil oxiridan beri eng past daraja hisoblanadi.

2025-yil dekabridan beri Rossiya oltin zaxirasi qariyb 2 million troy unsiyaga, ya’ni 62 tonnaga qisqardi. Xalqaro valuta jamg‘armasi statistikasiga ko‘ra, zamonaviy tarixda bunday tezlikdagi sotuv faqat 1998-yilda, moliyaviy inqiroz davrida kuzatilgan.

O‘sha yili defolt, valuta inqirozi va davlat qisqa muddatli obligatsiyalari bozoridagi tanglik fonida Markaziy bank uch oy ichida 118 tonna oltin sotgan. Biroq yil oxiriga kelib sotilgan quymalarning bir qismi qayta sotib olingan. Yil davomida zaxiraning sof qisqarishi qariyb 50 tonnani tashkil etgan.

Budjet taqchilligi bosimi

«Finam» tahlilchisi Aleksandr Potavinning fikricha, neft va gazdan tushadigan daromad kamaygani uchun Rossiya hukumati Milliy farovonlik jamg‘armasi aktivlarini, jumladan oltinni ko‘proq sotmoqda. Markaziy bank esa bu orqali mamlakatda xorijiy valuta yetishmasligini qoplashga ham harakat qilishi mumkin.

Rossiyaning 2026-yilgi budjet taqchilligi dastlab rejalashtirilganidan ikki baravar ko‘p bo‘lib, 7,3 trillion rublga yetishi kutilmoqda. Shu sababli davlat xarajatlarini qoplash uchun oltin zaxiralarini sotishga to‘g‘ri kelmoqda.

Oltin Xitoyga sotilmoqda

Rossiya 1990-yillar oxiridan 2022-yil boshigacha oltin zaxirasini besh baravardan ko‘proq oshirib, 2,3 ming tonnaga yetkazgan. O‘sha paytda Rossiya oltin zaxirasi hajmi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda edi.

London bozori Rossiya oltinini qabul qilishni to‘xtatganidan keyin mamlakat o‘z eksportining katta qismini Xitoyga yo‘naltirdi. Xitoy bojxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida Rossiyadan Gonkongga qariyb 100 tonna oltin olib kirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar ko‘p. «Financial Times» hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urushni boshlaganidan beri Gonkong orqali 35 milliard dollarlik oltin eksport qilingan.

Teglar

Mavzuga oid