Super-kontrakt narxlari: ta’lim uchun qo‘shimcha to‘lov qancha turadi?
Oliy ta’lim muassasalarida kontrakt va super-kontrakt narxlari yo‘nalishlarga qarab 22 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha bo‘lgan summani tashkil qilmoqda. Vaqt.uz universitetlarda o‘qish puli qanday miqdorlarda shakllanganini o‘rgandi.

2026/2027-o‘quv yili uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 677,9 ming abituriyentdan 209,1 ming nafari talabalikka tavsiya etildi. Demak, ro‘yxatdan o‘tganlarning qariyb 30,8 foizi talaba bo‘lgan. Bu esa 468,8 ming yoki qariyb 70 foiz abituriyent talaba bo‘la olmaganini anglatadi.
Talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarning aksariyatida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt, ya’ni super-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati mavjud.
Kimlar super-kontrakt asosida o‘qishi mumkin?
Super-kontrakt asosida o‘qish uchun minimal ball 56,7 ni tashkil qiladi, bundan past to‘plaganlar super-kontraktda o‘qish uchun ariza berolmaydi. Shunday qilib, kirish imtihonida kamida 56,7 ball to‘plagan, ammo o‘zi tanlagan yo‘nalish bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul chegarasiga 4,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun super-kontraktning bazaviy miqdorlari belgilangan.
Yetmayotgan ball oshgani sari to‘lov miqdori ham ko‘payadi:
● o‘tish baliga 1,05 ballgacha yetmaganlar bazaviy kontraktning 1,5 baravarini;
● 1,06–2,05 ballgacha yetmaganlar 2 baravarini;
● 2,06–3,05 ballgacha yetmaganlar 2,5 baravarini;
● 3,06–4,05 ballgacha yetmaganlar esa 3 baravarini to‘laydi.
O‘tish balidan ancha past ball to‘plaganlar uchun esa universitet o‘zi narx taklif qilishi yoki qabul qilmasligi mumkin.
Biroq yuqoridagi to‘lov qiymatlari barcha abituriyentlar uchun amal qilmaydi. Moliyaviy mustaqillikka ega OTMlar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini o‘zlari belgilaydi. Shu bois super-kontrakt narxlari universitet va ta’lim yo‘nalishiga qarab farq qiladi.
Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetida 2026/2027-o‘quv yili uchun tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlangan. Universitetda eng yuqori super-kontrakt Yurisprudensiya yo‘nalishi uchun 99 mln so‘m bo‘lib, bu summa ushbu yo‘nalish bo‘yicha 12 mln 375 ming so‘mlik bazaviy kontraktning 8 baravariga teng. Ya’ni, super-kontrakt asosida o‘qishni tanlagan abituriyent oddiy kontrakt to‘lovidan 87 mln 625 ming so‘m ko‘proq to‘laydi.
Quyidagi jadvalda top universitetlar kesimida eng yuqori super-kontrakt miqdorlarini ko‘rishingiz mumkin:

Ko‘rib chiqilgan 10 ta oliy ta’lim muassasasi orasida eng qimmati Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishda o‘qish uchun super-kontrakt narxi 303 million 750 ming so‘m turadi. Undan keyin Toshkent davlat yuridik universitetining Yurisprudensiya yo‘nalishi (269 million 960 ming 400 so‘m) turibdi.
Eng arzon yo‘nalish esa Toshkent arxitektura va qurilish universitetidagi Menejment bo‘lib, uning narxi 60 million 400 ming so‘m. Eng qimmat yo‘nalish eng arzonidan qariyb 5 baravar qimmat.
Bir xil yo‘nalishning o‘zida ham narx universitetga qarab o‘zgaradi. Masalan, Yurisprudensiya yo‘nalishi O‘zbekiston Milliy universitetida 99 million so‘m bo‘lsa, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida 303 million 750 ming so‘m, ya’ni uch baravardan ko‘p. Davolash ishi yo‘nalishi Toshkent davlat tibbiyot universitetida 105 million so‘m, Samarqand davlat tibbiyot universitetida esa 157 million so‘m. Menejment yo‘nalishi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 99 million so‘m, Toshkent arxitektura va qurilish universitetida 60 million 400 ming so‘m.
Super-kontrakt uchun ta’lim krediti beriladimi?
Ta’kidlab o‘tish joiz, super-kontrakt to‘lovini qoplash uchun ta’lim krediti ajratilmaydi. Shu sababli super-kontrakt asosida o‘qishga kirishni rejalashtirayotgan abituriyentlar birinchi yilgi to‘lovni o‘z hisobidan amalga oshiradi.
Keyingi kurslarda talaba oddiy to‘lov-kontrakt asosida kunduzgi ta’limni davom ettirsa, ta’lim krediti olish uchun murojaat qilishi mumkin. Bunda kredit ajratilishi amaldagi talablar, jumladan, talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi va boshqa belgilangan shartlarga bog‘liq. Demak, universitet tanlashda faqat super-kontrakt miqdorini emas, balki keyingi yillardagi kontrakt to‘lovini va uni qoplash imkoniyatlarini ham hisobga olish lozim.
Teglar






