Logo

O‘zbekistonda har bir odam yiliga 127 kg ovqatni uvol qiladi: Qaysi davlatlarda isrofgarchilik eng yuqori?

Bugun 18:557 daqiqa

Dunyo bo‘ylab 645 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Shunga qaramay, har yili bir milliard tonnadan ortiq oziq-ovqat isrof qilinadi.

O‘zbekistonda har bir odam yiliga 127 kg ovqatni uvol qiladi: Qaysi davlatlarda isrofgarchilik eng yuqori?

Dunyo bo‘ylab tayyorlangan har besh porsiya taomning taxminan bittasi chiqindiga tashlanadi. Bu yiliga bir milliard tonnadan ziyod oziq-ovqat uvol bo‘lmoqda, deganidir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda yer yuzi aholisining qariyb har 13 nafaridan biri — jami 645 million kishi ochlik iskanjasida qolgan.

Ushbu keskin nomutanosiblik 16-oktabr — Butunjahon oziq-ovqat kunining bosh mavzusiga aylandi. Mazkur sana 1945 yilda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tuzilgani munosabati bilan har yili nishonlanadi. Bu yilgi «Bugun yangilik yarat, ertani ta’minla» shiori aholini ko‘proq to‘ydirishga va isrofgarchilikni keskin kamaytirishga xizmat qiladigan oziq-ovqat tizimlarini yaratishga chorlaydi.

Ochlik ko‘lami sekin bo‘lsa-da, kamaymoqda

Global ochlik darajasi ketma-ket uchinchi yil pasayib bormoqda, biroq u hamon pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan yuqoriligicha qolmoqda. BMTning «Dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati» nomli yillik hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda taxminan 645 million inson, ya’ni yer yuzi aholisining 7,8 foizi ochlikka duch kelgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yildagi 8,1 foizdan va 2022 yildagi eng yuqori 8,6 foizlik cho‘qqidan past bo‘lsa-da, 2019 yilga nisbatan baribir 61 million kishiga ko‘p.

Ochlikdan eng ko‘p qaysi mintaqalar aziyat chekmoqda?

Afrikada to‘yib ovqatlanmaydigan aholi soni boshqa barcha mintaqalarga qaraganda eng yuqori. 2025 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qit’ada 309 million kishi ochlikdan qiynalmoqda. Bu Afrika aholisining har besh nafaridan birini va dunyodagi jami och aholining qariyb yarmini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, Osiyoda 292 million (aholining 6 foizi), Lotin Amerikasi va Karib havzasida esa 32 million kishi (4,8 foizi) to‘yib ovqatlanmagan.

2026 yilgi Global ochlik indeksi davlatlar miqyosida ham shunga o‘xshash manzarani ko‘rsatmoqda. Mazkur indeks mamlakatlarni 100 ballik tizimda baholab, to‘yib ovqatlanmaslik darajasini bolalarning o‘sishdan qolishi, vazn yo‘qotishi va go‘daklar o‘limi kabi ko‘rsatkichlar bilan birgalikda tahlil qiladi. 35 va undan yuqori ball to‘plagan davlatlardagi vaziyat «xavotirli» deb topiladi.

Sakkizta davlatda ochlik xavotirli darajada ekani aniqlangan bo‘lib, ularning yettitasi Afrika qit’asida joylashgan. Reytingdagi 122 ta davlat orasida Somali eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi. Undan keyingi o‘rinlarni Kongo Demokratik Respublikasi, Chad va Madagaskar egalladi. Sudan, Janubiy Sudan, Burundi va Yamandagi holat ham xavotirli deb baholangan, biroq qurolli to‘qnashuvlar va ma’lumot yetishmasligi sababli indeks ularning aniq ballarini hisoblab chiqa olmagan.

Shu bilan birga, dunyo bo‘ylab katta mashaqqat bilan yetishtiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarining juda katta qismi iste’molchilarning dasturxonigacha yetib bormasdan isrof bo‘lmoqda.

Har yili qancha oziq-ovqat isrof qilinadi?

Oziq-ovqat mahsulotlari daladan to dasturxonga yetib kelguncha bo‘lgan har bir bosqichda yo‘qotiladi va uvol qilinadi. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yetishtiriladigan oziq-ovqatning qariyb 13 foizi hosil yig‘ib olinganidan keyin, to do‘kon peshtaxtalariga yetib borgunga qadar yo‘qotiladi. Ularning katta qismi omborlarda, tashish yoki qayta ishlash jarayonidayoq aynib, yaroqsiz holga keladi. Bu borada eng katta yo‘qotish meva va sabzavotlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Tashkilotning qayd etishicha, do‘kongacha yetib bormasdan nobud bo‘lgan oziq-ovqatning umumiy qiymati yiliga 400 milliard dollardan oshadi.

BMTning Atrof-muhit dasturi (UNEP) hisobotida keltirilishicha, do‘konlar, restoranlar va uy xo‘jaliklari iste’molchilarga taqdim etilgan oziq-ovqatning qariyb beshdan bir qismini chiqindiga tashlaydi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda taxminan 1,05 milliard tonnani tashkil etgan. Buncha hajmdagi yukni tashish uchun har biri 20 tonna sig‘imga ega bo‘lgan 52,5 millionta yuk mashinasi kerak bo‘ladi. Isrofgarchilikning eng katta ulushi, ya’ni 60 foizi uy xo‘jaliklariga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda 28 foiz bilan restoranlar (va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalari) hamda 12 foiz bilan do‘konlar turadi.

Uyda oziq-ovqat isrofini qanday kamaytirish mumkin?

Isrofgarchilikning eng katta ulushi uy sharoitiga to‘g‘ri kelar ekan, demak, oilalar bu vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish kuchiga ega. Quyida isrofgarchilikka qarshi kurashuvchi faollar va BMT agentliklari tomonidan tavsiya etilgan bir necha oddiy qadamlar keltirilgan:

  1. Xariddan oldin reja tuzing: Uyda nimalar borligini ko‘zdan kechiring, haftalik taomnomani rejalashtiring va ortiqcha mahsulot sotib olmaslik uchun do‘konga aniq ro‘yxat bilan boring.

  2. Yorliqdagi muddatlarni to‘g‘ri tushuning: «Yaroqlilik muddati» mahsulotning xavfsiz iste’mol davrini bildiradi. Ammo «Tavsiya etiladigan muddat» uning eng sifatli holatda bo‘lish vaqtiga tegishli. Odatda, tavsiya etilgan muddat o‘tganidan keyin ham mahsulotni iste’mol qilish xavfsiz sanaladi.

  3. Mahsulotlarni to‘g‘ri saqlang: Muzlatkichdagi haroratni 5°C yoki undan past darajada ushlab turing. Meva va sabzavotlarni uzoqroq saqlanadigan joyga joylashtiring. Masalan, banan boshqa mevalarning yonida tursa, ularning tezroq pishib yetilishiga va aynishiga sabab bo‘ladi.

  4. Muzlatkich kamerasidan foydalaning: Non, tayyor taomlar, go‘sht va ko‘plab meva-sabzavotlarni aynib qolmasidan avval muzlatib qo‘yish mumkin.

  5. Kerakli miqdorda ovqat tayyorlang: Masalliqlarni, ayniqsa, guruch va makaronni o‘lchab solish orqali chiqindiga tashlanadigan ortiqcha taomning oldini olasiz.

  6. Eskiroq mahsulotlarni birinchi bo‘lib ishlating: Muzlatkich va javondagi avvalroq xarid qilingan narsalarni oldinroq ishlatish uchun ko‘rinarli qatorga chiqarib qo‘ying.

  7. Ortib qolgan taom va mahsulot qismlaridan foydalaning: Ortib qolgan taomlardan yangisini tayyorlash mumkin. Sabzavotlarning po‘stlog‘i va poyasini esa sho‘rva yoki qaynatmalar uchun ishlatsa bo‘ladi.

  8. Iste’molga yaroqsiz qismlarni kompost qiling: Meva va tuxum po‘chog‘i kabi yeyishga yaroqsiz qismlarni kompost qilish ularning umumiy chiqindixonaga tushishidan asraydi. Bu muhim qadam, chunki chiqindixonada chiriyotgan oziq-ovqatdan atmosferaga issiqxona gazi bo‘lmish metan ajralib chiqadi.

Qaysi davlatlarda isrofgarchilik eng yuqori?

O‘rtacha hisobda dunyodagi har bir inson yiliga 132 kilogramm (taxminan ikki nafar katta yoshli insonning vazniga teng) oziq-ovqatni isrof qiladi. Shundan 79 kilogrammi aynan uy sharoitida chiqindiga tashlanadi. Biroq bu ko‘rsatkich turli hududlarda keskin farq qiladi. UNEP ma’lumotlariga ko‘ra, issiq iqlimli mamlakatlarda uy sharoitidagi isrofgarchilik ko‘proq kuzatiladi. Bunga asosiy sabab sifatida tez buziladigan yangi mahsulotlarning ko‘pligi va sovutish tizimlarining yetishmasligi ko‘rsatilmoqda.

Oziq-ovqat eng ko‘p isrof qilinadigan hudud — Maldiv orollari bo‘lib, bu yerda har bir inson yiliga taxminan 260 kilogramm mahsulotni tashlab yuboradi. Bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan naq ikki baravar yuqori demakdir. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, keyingi o‘rinlarni Suriya, Dominikan Respublikasi, Seyshel orollari, Meksika va Tunis egallagan. Ushbu davlatlarning har birida jon boshiga to‘g‘ri keladigan isrofgarchilik hajmi yiliga 210 kilogrammdan oshadi. Ispaniyada esa dunyo bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlardan biri qayd etilgan: bu mamlakatda bir kishi yiliga bor-yo‘g‘i 39 kilogramm yoki undan ham kamroq oziq-ovqatni chiqindiga tashlaydi.

Markaziy Osiyoda oziq-ovqat isrofi: Qozog‘iston va Turkmanistonda ko‘rsatkich yuqoriroq

«Al Jazeera» nashri e’lon qilgan infografikada Markaziy Osiyoning besh davlati bo‘yicha jon boshiga to‘g‘ri keladigan yillik oziq-ovqat chiqindisi miqdori keltirildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich Qozog‘iston va Turkmanistonda yiliga 140 kilogrammni, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda esa 127 kilogrammni tashkil etmoqda.

Infografikada oziq-ovqat chiqindilari uchta asosiy yo‘nalishga ajratilgan: xonadonlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari (restoran va kafelar) hamda chakana savdo nuqtalari (do‘konlar). Shu bois, keltirilgan raqamlar faqatgina uylarda tashlab yuboriladigan taomlarni emas, balki mazkur uch sohadagi jami isrofgarchilikni ifodalaydi.

 

 

 

 

 

Mamlakat

Jon boshiga yillik jami chiqindi

Xonadonlar ulushi

Umumiy ovqatlanish ulushi

Chakana savdo ulushi

Qozog‘iston

140 kg

88 kg

31 kg

21 kg

Turkmaniston

140 kg

88 kg

31 kg

21 kg

O‘zbekiston

127 kg

86 kg

31 kg

10 kg

Qirg‘iziston

127 kg

86 kg

31 kg

10 kg

Tojikiston

127 kg

86 kg

31 kg

10 kg

Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich bir kishi uchun yiliga 132 kilogramm deb belgilangan. Demak, O‘zbekistondagi 127 kilogrammlik ko‘rsatkich dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 5 kilogrammga kamroq, Qozog‘iston va Turkmanistondagi 140 kilogrammlik natija esa aksincha, 8 kilogrammga yuqori.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi asosiy tafovut chakana savdo tarmoqlarida namoyon bo‘ladi: bu ko‘rsatkich Qozog‘iston va Turkmanistonda 21 kilogramm, qolgan uch davlatda esa 10 kilogramm deb baholangan. Xonadonlardagi isrof hajmi bo‘yicha ham Qozog‘iston va Turkmaniston (88 kg) O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan (86 kg) biroz oldinda bormoqda. Umumiy ovqatlanish sohasidagi isrof esa beshala mamlakatda ham bir xil — 31 kilogramm etib ko‘rsatilgan.

Isrofgarchilik insoniyatga qanchaga tushmoqda?

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat yo‘qotishlari va isrofgarchilik global iqtisodiyotga yiliga 1 trillion dollardan ham qimmatroqqa tushmoqda.

Oziq-ovqatni chiqindiga tashlash — uni yetishtirish uchun sarflangan mablag‘, suv, yer va bebaho energiyani ham havoga sovurish demakdir. Bugungi kunda dunyodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining 28 foizi, ya’ni 1,4 milliard gektar maydon hech qachon yeyilmaydigan oziq-ovqatni yetishtirish uchun band qilingan. Tasavvur qiling, butun boshli Kanada hududidan ham kattaroq bo‘lgan ulkan maydonda faqat chiqindiga ketadigan mahsulotlar yetishtirilmoqda.

Shuningdek, oziq-ovqatning nobud bo‘lishi global miqyosda atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlarining taxminan 8–10 foizini tashkil qiladi. Bunga chiqindixonalardagi mahsulotlarning chirishi oqibatida ajralib chiqadigan o‘ta zararli metan gazi ham kiradi.

Teglar

Mavzuga oid