O‘z nomiga kredit olishni taqiqlaganlar soni 3 millionga yaqinlashdi
O‘zbekistonda so‘nggi uch oyda «Kreditga taqiq» xizmatidan foydalanganlar soni 267 ming nafardan ziyodga ko‘paydi.
© Sun'iy intelekt2026-yil 1-oktabr holatiga O‘zbekistonda 2 mln 841 ming 475 nafar jismoniy shaxs «Kreditga taqiq» xizmatidan foydalandi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, jami foydalanuvchilarning 1 mln 656 ming 387 nafarini erkaklar, 1 mln 185 ming 88 nafarini esa ayollar tashkil etadi.
2026-yil 1-iyul holatida mazkur xizmatga ulanganlar soni 2 mln 574 ming 26 nafar bo‘lgan. Uch oy ichida ko‘rsatkich 267 ming 449 nafarga yoki 10,4 foizga oshgan.
Xizmat qanday ishlaydi?
«Kreditga taqiq» xizmati fuqaroning o‘z nomiga kredit, mikrokredit yoki kredit kartasi rasmiylashtirilishini cheklash haqidagi ixtiyoriy qarorini reyestrga kiritishga asoslanadi. Bu imkoniyat shaxsning xabari va ishtirokisiz kredit bitimi tuzilishi bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olishga qaratilgan.
Xizmat 2025-yil 6-iyundan ishga tushirilgan. Undan foydalanish bepul bo‘lib, fuqaro taqiqni istalgan vaqtda o‘rnatishi yoki olib tashlashi mumkin.
Cheklovni KATM mobil ilovasi, kredit byurosining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabinet, markazning qo‘ng‘iroqlar markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish mumkin.





