Logo

Milliardlab pul tikilayotgan Rog‘un: loyihadan O‘zbekistonga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar

Bugun 19:5512 daqiqa

Qo‘shni Tojikistonning foydali qazilmalar bo‘yicha zaxiralari ko‘p, lekin ularni qazib olish va tashish katta xarajat va mashaqqat talab qiladi. Markaziy Osiyodagi barcha suv resurslarining qariyb 60 foizi ham aynan Tojikistonda jam bo‘lgan, biroq qishda u yerda elektr tanqisligi kuchayadi, chekka hududlar doimiy ravishda «svet»siz qoladi. Ana shu energetik muammolarni hal qilish uchun Tojikiston hukumati Rog‘un GESini barpo etishga kirishgan. Islom Karimov uning qurilishiga qarshi bo‘lgan. Xo‘sh, uni kimlar moliyalashtiryapti? U o‘zbekistonliklarga qanday xavflarni keltirishi mumkin?

O‘zbekistonning qo‘shnisi bo‘lmish Tojikiston ham oldin SSSR tarkibida edi. Yerlarining 93 foizi tog‘lardan tarkib topgan mamlakatning foydali qazilmalar bo‘yicha zaxiralari ko‘p, lekin ularni qazib olish va tashish katta xarajat va mashaqqat talab qiladi. Markaziy Osiyodagi barcha suv resurslarining qariyb 60 foizi ham aynan Tojikistonda jam bo‘lgan, biroq qishda bu yerda elektr tanqisligi kuchayadi, chekka hududlar doimiy ravishda «svet»siz qoladi. Ana shu energetik muammolarni hal qilish uchun Tojikiston hukumati Rog‘un GESini barpo etishga kirishgan. Xo‘sh, uni qurish qachon start olgandi. Karimov uni qurishga nega qarshi chiqqan?

Loyihaga kimlar pul beryapti?

Loyiha mamlakat uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, ammo bu ulkan inshoot mintaqadagi boshqa davlatlar, masalan, o‘zbekistonliklar uchun juda xavfli sanaladi. Orolning qurishi, kasalliklar, O‘zbekistonning Tojikiston bilan chegara hududida yuzaga keladigan ulkan suv toshqinlari – bularning hammasini birgina Tojikistonning Rog‘un GESi keltirib chiqarishi mumkin. Bu gidroelektrostansiya – Tojikiston janubidagi Vaxsh daryosida qurilayotgan ulkan gidroinshoot. U Dushanbe shahridan 110 km uzoqlikda joylashgan.

Rog‘un tugallangach, balandligi 335 metr bo‘lgan GESning to‘g‘oni dunyodagi eng baland, stansiya esa oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 3780 MVt quvvatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyodagi eng yirik gidroelektrostansiyaga aylanishi kutilyapti. GES dunyodagi eng yirik uzoq muddatli qurilish hisoblanadi. Stansiyani qurish bo‘yicha ishlar 1976-yilda boshlangan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Rog‘undagi ishlar to‘xtatilgan.

1993-yil qurilish uchun yomon yil bo‘lgan. Bu yerda kuchli suv toshqini to‘g‘on ko‘prig‘ini yuvib ketgan. Oqibatda o‘sha paytda qurilgan barcha binolar suv ostida qolgan. Bugun esa loyiha yana jonlantirilmoqda, unga ko‘p pul tikilyapti.

Tojikiston hukumati iltimosiga binoan, Jahon banki Rog‘un GESini muvofiqlashtirish guruhiga bosh hisoblanadi. Bu loyihani yakunlashni ma’qullagan yoki qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirgan rivojlanish hamkorlari bo‘lib, ular Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi (ADFD), Osiyo taraqqiyot banki (ADB), Osiyo infratuzilma investitsiya banki (AIIB), CDP (Italiya), Yevropa komissiyasi (EC), Yevropa investitsiya banki (EIB), Islom taraqqiyot banki (IsDB), Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (KFAED), OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi (OPEK jamg‘armasi), Qatar taraqqiyot jamg‘armasi (QFD) va Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi (SFD)ni o‘z ichiga oladi.

Aholi nimadan qo‘rquvda?

2025-yilda Jahon bankining Inspeksiya kengashi Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GES loyihalarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston va Turkmaniston aholisining shikoyatini ko‘rib chiqishga rozi bo‘lgandi. Aholi o‘z shikoyatida kelajakdan, tabiatdan xavotirda ekanini bildirgan.

Ular Jahon bankining Rog‘un loyihasi uchun ajratgan 350 million dollarlik krediti va 2014-yildagi ekologik hamda ijtimoiy ta’sir bo‘yicha tadqiqotlarni yangilash uchun berilgan texnik yordamni tanqid qilgandi.

Shikoyat mualliflarining aytishicha, hozirgi tadqiqotlar eskirgan va yetarli emas. Ular o‘n yildan ko‘proq vaqt oldingi ma’lumot va taxminlarga asoslangan. Ularning fikricha, tadqiqotlarda Vaxsh daryosidan suvni to‘plash va boshqa tomonga yo‘naltirishning O‘zbekiston va Turkmanistondagi aholi hamda tabiatga ta’siri yetarlicha hisobga olinmagan. Vaxsh daryosi esa Amudaryo havzasining asosiy irmoqlaridan biridir.

Xavotirlar bejiz emas. Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat suv omborini to‘ldirish bosqichida Amudaryoning Orol dengiziga oqimi yiliga 0,8–1,2 kub kilometrga kamayadi, bu esa hozirgi oqimning kamida 25 foizini tashkil etadi, degani. Bunday ulkan hajmdagi suvning yo‘qotilishi tabiiy va antropogen ekotizimlarning shundoq ham zaif holatini yanada og‘irlashtiradi, yerlarning yanada tanazzulga uchrashiga, tuproqning sho‘rlanishiga va cho‘llanishga olib keladi.

Ayni damda Amudaryoning quyi oqimi aholisi o‘ylamasdan qilingan sovet gidroqurilishi tufayli Orol fojiasi oqibatlarini umr bo‘yi o‘z boshidan kechirmoqda. Ular chang bo‘ronlari va suv sifatining pastligi tufayli sog‘liqning yomonlashishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi tufayli tirikchilik vositalarining yo‘qolishi kabi bugungi kundagi muammolarga qayta-qayta duch kelmoqda.

Mahalliy fermerlarni, ayniqsa, suvning qachon kelishiga ta’sir qilishi mumkinligi xavotirga solmoqda. Agar Rog‘un suv ombori daryo suvini bahor va yoz oylaridan qishda to‘plash uchun o‘zgartirsa, bu an’anaviy sug‘orish tartibiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Oqibatda fermerlar mavjud sug‘orish tizimlarini o‘zgartirish uchun katta mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ayrim jamoalar esa ekin ekish uchun eng muhim davrlarda suv yetishmasa, iqtisodiy ahvol og‘irlashib, odamlar o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lishidan xavotirda.

Rog‘un loyihasining bitishi esa ushbu muammolarni bir necha bor kuchaytirishi mumkin. Daryo rejimining o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi va suv ta’minoti tizimlarining qimmatga tushadigan transformatsiyasini talab qiladi.

Ekologiya bo‘yicha mutaxassislar yana bir xavfni ham ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, Rog‘un GES loyihasi Afg‘onistonda rejalashtirilayotgan Qo‘shtepa kanali bilan birgalikda mintaqa suv tizimiga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirgacha ushbu ikki yirik suv loyihasining birgalikdagi ta’sirini — ya’ni mintaqadagi suv oqimi va biologik xilma-xillikka qanday ta’sir qilishini to‘liq o‘rgangan kompleks tadqiqot o‘tkazilmagan.

Jahon bankining o‘zi ham iqlim o‘zgarishi sabab 2050-yilgacha Markaziy Osiyoda suv mavjudligi 15–30 foizga kamayishi mumkinligini hisoblab chiqqan. Bu esa O‘zbekistonda 250 mingtagacha qishloq xo‘jaligi ish o‘rnining yo‘qolishiga olib kelishi va iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun milliardlab dollar mablag‘ talab qilishi mumkin.

Bunga javoban «Chegara bilmas daryolar» koalitsiyasi Jahon banki va Rog‘un loyihasini moliyalashtirishga va’da bergan boshqa tashkilotlardan, jami 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratilishidan oldin loyihani moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatishni so‘ramoqda. Ular avvalo ekologik va ijtimoiy xavflarni mustaqil hamda shaffof tarzda baholashni talab qilgan. Shunga qaramay, Jahon bankining Rog‘un GESini qurib bitkazish loyihasini moliyalashtirishni ma’qullagani aqlga sig‘maydigan ish ekani aytilyapti.

Karimov qarshi bo‘lgan loyiha

Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘n yil avval Rog‘un GESni qurib bitkazish rejalari Toshkent va Ashxobodning keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan, xususan, birinchi prezident Islom Karimov 1991-yildan Rog‘un GESi qurilishiga qarshi chiqqan. U seysmik jihatdan xavfli hududda dunyodagi eng baland to‘g‘on paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan.

2012-yil Qozog‘istonga borgan Karimov prezident Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tojikistondagi Rog‘un va Qirg‘izistondagi Qambarota GESlari qurilishi borasida alohida to‘xtalgan.

Qozog‘iston matbuotining yozishicha, Islom Karimov Rog‘un va Qambarota gidrostansiyalari loyihalari ustida xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan.

«Biz nimanidir qurishdan oldin, qaysi bir buyuk davlatlar bilan shartnoma tuzishdan oldin kelinglar, haqqoniy ekspertiza o‘tkazaylik va xalqqa, odamlarimizga aniq tushuntirish beraylik, ular bilan ertaga nima bo‘ladi, kim bu daryolarning quyisida yashaydi? Shunga e’tibor qilish lozimki, bu loyihalar, Rog‘un ham, Qambarota ham 70–80-yillarda tuzilgan. Ya’niki, biz hammamiz Sovet Ittifoqi tarkibida edik va hamma gigantomaniya bilan og‘rigan paytlar edi. Lekin vaqt o‘zgardi, 40 yildan ortiq vaqt o‘tdi, bugun butunlay boshqacha qarashlar va talablar bor. Bugun gidrotexnik vositalar butunlay boshqacha asosda qurilishi talab qilinadi. Nima uchun ekspertiza o‘tkazish mumkin emas — kelinglar o‘tirib hammasini muhokama qilaylik», — deb ta’kidlagan edi O‘zbekistonning birinchi rahbari.

Birinchi prezidentga ko‘ra, Qirg‘izistondagi Qambarota suv to‘g‘oni 275 metr balandlikda, Rog‘un 350 metr balandlikda qurilayotganligini hisobga olsak, bu ikki loyiha qurilishi bu yerda yashayotgan insonlar hayotiga tahdid bo‘lishi mumkin.

«Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni orzu qilishibdi-yu, ikkala GES hududi ham seysmik xavfli joylarga kirishini va yuzlab odamlarning hayoti haqida so‘z borayotganini tushunishmayapti. Zilzila yuz bergan taqdirda To‘xtagul suv ombori ham qo‘shilib, to‘plangan suvlar chiqib ketsa, u fojianing oqibatlari qanday bo‘lishini tasavvur qilyapsizmi?» — deya ogohlantirgan o‘z vaqtida Karimov.

O‘sha paytlarda Rog‘un loyihasi yuzasidan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ixtiloflar ancha kuchli edi. O‘zbekiston mas’ullari qo‘shnilari qurayotgan loyiha puxta o‘ylanmaganini bir necha bor ta’kidlagan, ammo Tojikiston tomoni o‘zbekistonlik mutaxassislarning ushbu GES qurilishiga oid loyiha haqida bildirgan xavotirlarini «asossiz», deya atagan. Yillar o‘tgan sari qo‘shnimiz amalga oshirayotgan ushbu loyihaga aralashmay ham qo‘ydik. Biroq qo‘shnilar tomonidan jamoatchilik tanqidining yo‘qligi loyiha tashabbuskorlaridan ham, moliya institutlaridan ham Rog‘un GESning butun mintaqa uchun ekologik va ijtimoiy xavfsizligini ta’minlash mas’uliyatini olib tashlamaydi.

Rog‘un uchun qurbon bo‘layotgan ishchilar

Xalqimiz orasida «urush qurbonlarsiz bo‘lmaydi», degan gap bor. Tojikistonda qad rostlashi kerak bo‘lgan gigant loyiha yakunlanishi uchun ham qo‘shtirnoq ichidagi «urush» davom etmoqda. Qurbonlar esa loyihada mehnat qilayotgan ishchilar jamoasi. Ha, loyiha boshlangandan buyon 100 ga yaqin ishchi portlashlar va texnik nosozliklar tufayli vafot etmoqda. Halok bo‘lganlar soni hokimiyat vakillari tomonidan yashirilgan holatda bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. Sababki, qurilishga 20 mingga yaqin ishchi jalb qilingan.

E’lon qilingan va tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yilda Rog‘un GESi qurilishida 15 ta avariya qayd etilgan, buning oqibatida 3 nafar ishchi halok bo‘lgan, 15 nafari turli tan jarohatlari olgan. 2019-yilda 33 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan, oqibatda 20 kishi halok bo‘lgan va yana 25 kishi jarohat olgan. 2024-yilda esa gidroelektrostansiyada yuz bergan favqulodda hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, bir kishi jarohatlangan. Baxtsiz hodisalarning aksariyati yer osti ishlari paytida sodir bo‘lgan.

Milliard dollarlik shartnoma

Jahon bankining Rog‘unni barqaror moliyalashtirish loyihasi bo‘yicha yangilangan xaridlar rejasida Rog‘un GESining o‘ng qirg‘og‘ida qolgan inshootlarni qurish (Lot 3A) uchun qiymati taxminan 1 milliard dollar bo‘lgan xalqaro shartnoma ko‘zda tutilgan. Hujjat 2026-yil 6-sentabrda e’lon qilingan. Unda ushbu xarid jarayoni hozir amalga oshirilayotgan bosqichda ekani, shartnomani yakunlash muddati esa 2028-yil 4-fevral etib belgilangan. Lot 3A Rog‘un GESining o‘ng qirg‘og‘ida hali qurilishi kerak bo‘lgan inshootlarni o‘z ichiga oladi. Bu ishlar qatoriga gidrotexnik inshootlar, suv tashlash qurilmalari, ularga bog‘liq tonnellar hamda gidromexanik uskunalar kiradi.

Shartnoma doirasida o‘ng qirg‘oqdagi boshqa zarur qurilish ishlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, tog‘ yonbag‘irlarini qazish va mustahkamlash hamda inshootlar majmuasini barpo etish uchun kerak bo‘ladigan boshqa ishlar bajariladi. Avval bu ishlar boshqa bir xarid paketi tarkibida bo‘lgan. Uning taxminiy qiymati 1,3 milliard dollardan ortiq edi. Biroq avvalgi xarid jarayoni bekor qilingan. Shundan so‘ng Jahon banki o‘ng qirg‘oqda qolgan inshootlarni yangi Lot 3A paketiga kiritdi va uning taxminiy qiymatini 1 milliard dollar qilib belgiladi. Yangi reja Lot 3A bo‘yicha xarid jarayoni allaqachon bir necha bosqichdan o‘tganini ko‘rsatmoqda.

Ishtirokchilarni dastlabki saralash 2025-yilning oxiriga rejalashtirilgan edi. Keyingi bosqichlar esa 2026-yilda davom etgan. Yangilangan rejada shartnomani imzolash sanasi sifatida 2026-yil 13-avgust ko‘rsatilgan. Ishlarni yakunlash muddati esa 2028-yil 4-fevral deb belgilangan. Demak, yangi hujjat Rog‘undagi eng yirik qolgan qurilish paketlaridan biri bo‘yicha ishlar ancha oldinga siljiganini ko‘rsatadi.

Nega qiymat o‘zgardi?

Avvalgi xaridlar rejasida Lot 3A qiymati 1,3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yirik paket sifatida ko‘rsatilgan va xarid jarayoni bekor qilingan edi. Yangilangan rejada esa «Lot 3A – Remaining right bank structures», ya’ni «O‘ng qirg‘oqda qolgan inshootlar» deb nomlangan yangi paket paydo bo‘lgan. Uning taxminiy qiymati 1 milliard dollar. Shuning uchun 1 milliard dollarni avvalgi 1,385 milliard dollar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri solishtirib, «Rog‘un qurilishi 385 million dollarga arzonlashdi» deb aytish to‘g‘ri emas. Chunki xarid paketi va uning tarkibidagi ishlar o‘zgargan. Qurilish ishlarini moliyalashtirish bilan bir qatorda xalqaro hamkorlar Rog‘un loyihasiga texnik yordam ham ko‘rsatyapti.

Jahon banki avvalroq Rog‘un loyihasiga texnik yordam berish uchun 15 million dollar grant ajratishni ma’qullagan edi. Bu mablag‘ loyihaning moliyaviy va tijoriy modelini yaxshilash, texnik tayyorgarlikni kuchaytirish va loyihani amalga oshiruvchi guruhning imkoniyatlarini oshirishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, mablag‘lar ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya qilish, loyihaga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga tayyorgarlik ko‘rish va boshqa zarur yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.

Yana qancha pul kerak?

Xalqaro moliya tashkilotlari uchun faqat qurilishning narxi muhim emas. Ular ishlarni texnik jihatdan xavfsiz bajarilishi, qurilish sifati, ekologik va ijtimoiy talablarga rioya qilinishi hamda xarid jarayonlarining ochiq va shaffof bo‘lishiga ham e’tibor beradi. Shu sababli loyiha doirasida xalqaro konsultantlar va texnik maslahatchilar ham ishlamoqda. Ular shartnomalarni boshqarish, xarid jarayonlari, texnik ekspertiza va loyihaning bajarilishini nazorat qilishda yordam berishi kerak. Jahon bankining yangilangan xaridlar rejasida Rog‘unni amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa konsalting xizmatlari ham ko‘zda tutilgan.

Rog‘un Tojikistondagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uni yakunlash uchun hali ham milliardlab dollar kerak. Avgust oyida «S&P Global Ratings» Rog‘unni yakunlash uchun qolgan mablag‘ ehtiyojini taxminan 5,8 milliard dollar deb baholagan. Agentlik hisob-kitobiga ko‘ra, Tojikiston xalqaro hamkorlardan allaqachon mablag‘ olgan bo‘lsa-da, loyihani yakunlash uchun yana katta miqdorda mablag‘ topishi kerak.

Shunday qilib, 1 milliard dollarlik shartnoma Rog‘unni to‘liq yakunlash uchun kerak bo‘ladigan umumiy mablag‘ning faqat bir qismidir.


Rahmonning siyosiy merosi


Rog‘un GESi Vaxsh daryosida qurilmoqda. Loyiha yakunlangach, elektr stansiyasining umumiy quvvati 3780 MVt bo‘lishi kerak. Avgust oyida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qurilish boshlanganidan beri loyihaga 60,3 milliard somoniy sarflanganini ma’lum qilgan. Hozir qurilishda 20 mingdan ortiq ishchi va muhandis-texnik xodim ishlamoqda. Uning topshirig‘iga ko‘ra, 2027-yilda to‘g‘on balandligi 1185 metrga yetkazilishi, suv omboridagi suv sathi esa kamida 1165 metr bo‘lishi kerak. Shuningdek, 2027-yil sentabriga qadar 4-agregatni ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.

Rog‘un qurilishi davlat mablag‘lari va xalqaro moliya tashkilotlarining yordami hisobidan moliyalashtirilmoqda. Jahon banki loyihaning asosiy xalqaro hamkorlaridan biridir. Bank hujjatlarida Rog‘unning barqaror moliyaviy modelini yaratish, xalqaro ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya qilish, xarid jarayonlarini shaffof olib borish hamda gidrotexnik inshootlarning xavfsizligini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan. Xalqaro kreditorlar uchun Rog‘un loyihasi nafaqat Tojikiston energetikasi, balki Markaziy Osiyoning umumiy energetika tizimi uchun ham muhim hisoblanadi.

Loyiha 73 yoshli prezident Emomali Rahmonning siyosiy merosidagi asosiy loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Hukumat Rog‘un GESi yetarli miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarib, undan elektr eksporti orqali daromad olish, shuningdek, sanoatni kengaytirish va mamlakatda endigina shakllanayotgan sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish uchun energiya ta’minotini kuchaytirishga umid qilmoqda.
Avgust o‘rtalarida e’lon qilingan hisobotida S&P Tojikiston hukumati loyihani yakunlash uchun hali taxminan 5,8 milliard dollar mablag‘ topishi kerakligini baholagan.

Jahon bankining yangi mablag‘laridan tashqari, «Abu Dhabi Fund for Development» fevral oyining boshida loyihaning hozirgi bosqichi uchun 100 million dollarlik kredit ajratish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Iyul oyining oxirida esa Italiyaning davlat investitsiya tashkiloti «Cassa Depositi e Prestiti» Jahon banki konsorsiumi orqali 150 million dollar investitsiya kiritish majburiyatini oldi.

Hozir loyiha uchun eng katta savollardan biri — Yevropa investitsiya bankining 500 million dollarlik rejalashtirilayotgan sarmoyasi, shuningdek, Osiyo taraqqiyot bankining yana 500 million dollargacha imtiyozli kredit va grantlari masalasi bo‘lib qolmoqda.

Tojikiston moliya vaziri Qahhorzodaning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa tomoni bilan muzokaralar yakuniy bosqichga yetgan va Tojikiston bank ma’muriyatining qarorini kutmoqda.

Yevropa Ittifoqi Rog‘un to‘g‘onini mintaqadagi ta’sirini kuchaytirish va Rossiyaning mavqeini kamaytirish vositasi sifatida ko‘rmoqda. Yigirma yil avval Rossiya ushbu loyihada yetakchi rolni egallashi kutilgan edi.

Umuman olganda, moliya vazirining aytishicha, Tojikiston xalqaro moliyaviy tashkilotlardan 1,5 milliard dollarlik moliyalashtirish majburiyatlarini jalb qilgan. «Rivers without Boundaries» vakili Simonovning fikricha, kichik xalqaro moliyaviy tashkilotlar «shubhali» loyihalarga qo‘shilmoqda, chunki ular Jahon bankining loyihani tekshirish va baholash jarayoniga tayanish mumkin deb hisoblaydi.

Tojikistonning o‘zi ham loyiha uchun mablag‘ ajratishda davom etmoqda. Moliya vazirining ma’lum qilishicha, mamlakat 2026-yilning birinchi yarmida davlat daromadlaridan 400 million dollarni Rog‘un loyihasiga yo‘naltirgan. Yilning ikkinchi yarmida esa yana 300 million dollar ajratish rejalashtirilgan.

Loyihaga sarflangan pullar o‘zini oqlaydimi?

Balandligi 335 metr bo‘lgan to‘g‘onning hozirgi maksimal variantida loyihaning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi ham savol tug‘diradi. Obyektga allaqachon 5 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan bo‘lsa-da, Rog‘un GESni qurib bitkazish xarajatlari doimiy ravishda o‘sib bormoqda va allaqachon u 6 milliard dollardan oshdi. Bu esa ishlab chiqarilgan elektr energiyasi stansiyani qurish xarajatlarini qoplash uchun yetarlicha yuqori narxda sotilishini anglatadi. Tojikiston hukumati esa mahalliy aholi uchun elektr energiyasi tariflarini har yili oshirib bormoqda, to‘lovlarni o‘z vaqtida qilmaganlik uchun jazo choralarini kuchaytirmoqda. Ekspertlarning aytishicha, qimmat narx o‘zini oqlamasligi ham mumkin. Bundan ko‘rinib turibdiki, aholi bildirgan shikoyat muhim va ko‘rib chiqishga arzirli sanaladi.

 

Teglar

Asadbek Komilov

Asadbek KomilovMaqolalar soni: 483

Barchasi

Mavzuga oid