Logo

Fransiyadagi Luvr muzeyi yopildi — mamlakatda komendantlik soati joriy etiladi

Bugun 09:002 daqiqa

Parijda talabalar ish tashlashi oqibatida Luvr muzeyi yopildi.

Fransiyadagi Luvr muzeyi yopildi — mamlakatda komendantlik soati joriy etiladi © Foto: france24

Fransiyani qamrab olgan ommaviy namoyishlar va talon-torojlar sababli mamlakatning ayrim shaharlarida komendantlik soati joriy etiladi, shuningdek, Parijdagi mashhur Luvr muzeyi tashrif buyuruvchilar uchun yopildi. Bu haqda 19-oktabr kuni mamlakat hukumati va muzey ma’muriyati ma’lum qildi.

Fransiya Bosh vaziri Sebasten Lekornyuning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat organlariga komendantlik soati joriy qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Lekornyuning ta’kidlashicha, komendantlik soati qisman yoki «juda lokal» bo‘lishi mumkin. Mazkur chora talon-toroj qilish holatlari tez-tez uchrayotgani sababli 19-oktabr oqshomidanoq kuchga kiradi.

Luvr muzeyining yopilishi va sayyohlar noroziligi

Talabalarning ish tashlashlari sababli ko‘plab tarixiy va badiy relikviyalarni o‘zida jamlagan Luvr muzeyi yopildi. Muzeyning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida mazkur madaniy muassasa vaqtincha tashrif buyuruvchilarni qabul qilmasligi haqida post e’lon qilindi:

«Hurmatli tashrif buyuruvchilar, talabalarning ish tashlashlari sababli muzey hozircha yopiq. Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», — deyiladi bayonotda.

Fransuz jurnalisti Lyuk Offrening X tarmog‘ida ma’lum qilishicha, talabalar 19-oktabr kuni ertalabdan boshlab muzeyga kirish yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

«Sayyohlar talabalar tomonidan to‘sib qo‘yilgan Luvrga kirishga ruxsat berishni talab qilib, norozilik bildirishni boshlashmoqda», — deb yozadi jurnalist voqea joyidan olingan videoni ulashib.

Voqealar xronologiyasi va hibsga olishlar

Sentyabr oyining oxirida Fransiyada yuqori sinf o‘quvchilarining namoyishlari boshlangan edi. Kuni kecha Parijda o‘quvchilarning yirik demonstratsiyasi oldidan stixiyali aksiyalar o‘tkazilib, ularning biri politsiya bilan to‘qnashuvlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanilishi bilan yakunlangan.

Shu bilan birga, hayot kechirish qiymatining oshib ketishiga qarshi o‘tkazilayotgan ommaviy namoyishlar davomida Fransiya bo‘ylab 2 mingdan ortiq ishtirokchi qo‘lga olingan. Biznesmenlar va shahar merlari butun mamlakat bo‘ylab yuz bergan tartibsizliklar va pogromlar oqibatlari haqida xabar berishgan.

Ushbu voqealar fonida kuni kecha mamlakat prezidenti Emmanuel Makron millatga videomurojaat yo‘llagan.

Teglar

Mavzuga oid