Logo

«SpaceX» va «Tesla» birlashishi mumkin

Bugun 15:545 daqiqa

«SpaceX» 2026 yilning uchinchi choragida 4,4 mlrd dollar sof foyda oldi. Kompaniya daromadi 161 foizga oshgan bir paytda, Ilon Mask «Tesla» bilan ehtimoliy birlashuv masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

«SpaceX» va «Tesla» birlashishi mumkin © Sun'iy intelekt

Ilon Mask boshqaruvidagi «SpaceX» kompaniyasi 2026 yilning iyul–sentabr oylarida 14,6 mlrd dollarlik tushum va 4,4 mlrd dollarlik sof foyda qayd etdi. Bu bir yil avvalgi mos davrda kuzatilgan 1,1 mlrd dollarlik moliyaviy zararga nisbatan keskin burilishdir. Mazkur yuksalishda sun’iy intellekt xizmatlari, bulutli hisoblash infratuzilmasi hamda «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘i asosiy omil bo‘ldi.

Moliyaviy hisobot 20-oktabr kuni e’lon qilindi. O‘sha kuni sarmoyadorlar bilan o‘tgan muloqotda Mask «SpaceX» va «Tesla» birlashishi ehtimoli ko‘rib chiqilayotganini tasdiqladi. Biroq u bunday bitimning amalga oshishi muqarrar emasligini, har ikki kompaniyaning mustaqil direktorlaridan iborat maxsus qo‘mitalar hali kelishuv shartlari bo‘yicha bir qarorga kelmaganini alohida ta’kidladi.

Sun’iy intellekt «SpaceX» daromadining asosiy manbaiga aylandi

«SpaceX» hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning uchinchi choragida kompaniyaning jami daromadi 14,575 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu 2025 yilning mos davridagi 5,576 mlrd dollardan 161 foiz ko‘pdir.

Kompaniya o‘z faoliyatini uchta asosiy tarmoq bo‘yicha yuritadi:

·         sun’iy intellekt va hisoblash infratuzilmasini o‘z ichiga olgan «Super Intelligence» (SI);

·         «Starlink» tarmog‘ini birlashtirgan «Connectivity» (aloqa xizmatlari);

·         raketa uchirish va kosmik dasturlarni qamrab olgan «Space» (kosmos) segmentlari.

Uchinchi chorakda tarmoqlar kesimidagi daromad quyidagicha taqsimlandi:

·         «Super Intelligence» (SI) — 7,56 mlrd dollar tushum. Bu o‘tgan yilgi 813 mln dollarga nisbatan qariyb 9,3 barobar ko‘p.

·         «Connectivity» — 5,248 mlrd dollar tushum. O‘tgan yilgi ko‘rsatkich 3,097 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lib, yillik o‘sish 69 foizni tashkil etdi.

·         «Space» — 1,767 mlrd dollar tushum. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 6 foizga yuqori.

Eng katta tushum aynan SI tarmog‘idan kelgan. «SpaceX» hisobotida bunga yangi bulutli shartnomalar, «Cursor» dasturlash vositasining sotib olinishi hamda korporativ mijozlar va oddiy iste’molchilar tomonidan «Grok» sun’iy intellekt modelidan foydalanish keskin oshgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Kompaniya bulutli hisoblash infratuzilmasini yanada kengaytirib, uning umumiy quvvatini 2026 yil 30 sentabr holatiga 1,7 gigavattga yetkazdi.

«Starlink» tarmog‘idagi foydalanuvchilar 13,6 millionga yetdi

«SpaceX» tushumining ikkinchi yirik manbai — «Starlink» sun’iy yo‘ldosh internet xizmatini o‘z ichiga olgan «Connectivity» segmentidir.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 2026 yil 30 sentabr holatiga ko‘ra, «Starlink» tarmog‘idan foydalanuvchilar soni 13,6 millionga yetdi. Bu 2025 yilning mos davridagi 7,2 millionlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Faqatgina 2026 yilning ikkinchi va uchinchi choraklari oralig‘ida obunachilar safi 1,6 millionga kengaygan.

Shuningdek, hisobotda korporativ va davlat buyurtmachilari uchun taqdim etilayotgan qo‘shimcha xizmatlar ham qayd etilgan. Xususan, sentabr yakuniga kelib 3 800 dan ortiq avialaynerda «Starlink» aloqasi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan.

Aloqa segmentining jami tushumi 5,248 mlrd dollarni, operatsion foydasi esa 2,367 mlrd dollarni tashkil etdi.

Foyda oshdi, biroq xarajatlar ham keskin ko‘tarildi

«SpaceX» qayd etgan 4,4 mlrd dollarlik sof foyda kompaniya faoliyatidagi muhim burilish nuqtasi bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning uchinchi choragida 1,1 mlrd dollar, 2026 yilning ikkinchi choragida esa 541 mln dollar zarar qayd etilgan edi.

Ammo sof foydaning ko‘payishi chiqimlar kamayganini anglatmaydi. Kompaniyaning uchinchi chorakdagi kapital xarajatlari 19,593 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2025 yilning shu davridagi 6,88 mlrd dollardan qariyb uch barobar ko‘p.

Ushbu sarmoyaning 16,444 mlrd dollari aynan SI segmentiga yo‘naltirilgan. Kompaniya buni hisoblash quvvatlari, ma’lumotlar markazlari va sun’iy intellekt infratuzilmasini jadal kengaytirish zaruriyati bilan izohlaydi.

«Associated Press» xabariga ko‘ra, «SpaceX» joriy chorakda kapital xarajatlari 35–40 mlrd dollargacha yetishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Kapital xarajatlar va sof foyda bir-biridan tubdan farq qiluvchi moliyaviy tushunchalardir. Birinchisi uzoq muddatli aktivlar va infratuzilmani barpo etishga sarflangan mablag‘ni bildirsa, ikkinchisi muayyan davrda olingan tushumlar bilan joriy chiqimlar o‘rtasidagi ijobiy qoldiqni anglatadi. Shu sababli 19,6 mlrd dollarlik sarmoyani «kompaniya 19,6 mlrd dollar zarar ko‘rdi» deb talqin qilish xatodir.

 «SpaceX» va «Tesla» birlashishi mumkinmi?

20-oktabr kuni moliyaviy natijalarni sarmoyadorlar bilan muhokama qilish chog‘ida Mask «SpaceX» va «Tesla» o‘rtasidagi ehtimoliy birlashuv masalasiga oydinlik kiritdi.

Uning bildirishicha, har ikki kompaniya aksiyadorlar talabiga binoan mustaqil direktorlardan iborat alohida qo‘mitalar tashkil etgan bo‘lib, ular mazkur bitim istiqbollarini o‘rganmoqda. Mask manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu muhokamalarda shaxsan ishtirok etmayotganini ma’lum qildi.

«SpaceX va Tesla albatta birlashadi, deb qat’iy ishonayotganlar bor. Lekin bu jarayonni muqarrar deb hisoblashga hali erta», — dedi Mask.

Shu bilan birga, u ikki gigant kompaniyani birlashtirish g‘oyasi ortida katta istiqbol mavjudligini yashirmadi. Uning fikricha, bunday hamkorlik sun’iy intellekt, mikrochiplar ishlab chiqarish, robototexnika va kosmik tizimlar borasidagi imkoniyatlarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Biroq Mask birlashuv bo‘yicha hali aniq shartlar kelishilmaganini va bitim kafolatlanmaganini ta’kidladi. Xususan, «Tesla» tomonidan bu bitimni ma’qullash uchun kompaniyaga tegishli barcha aksiyalarning kamida 50 foizi ovozi talab etiladi.

Nega ikki kompaniyaning birlashuvi kun tartibiga chiqdi?

«Tesla» asosan elektromobillar, energiya saqlash tizimlari va robototexnikaga ixtisoslashgan bo‘lsa, «SpaceX» raketasozlik, sun’iy yo‘ldosh aloqasi hamda sun’iy intellekt hisoblash infratuzilmasini rivojlantirmoqda.

Mask ehtimoliy integratsiyani izohlar ekan, aynan texnologiyalar sinteziga diqqat qaratdi. Uning fikricha, ikki kompaniyaning salohiyatini birlashtirish sun’iy intellekt modellarini yaratish, ixtisoslashtirilgan chiplar, avtonom robotlar va kosmik komplekslar taraqqiyotini tezlashtiradi.

 

Teglar

Mavzuga oid