Logo

O‘zbekistondagi ikki shahar aholisi daromadlarini deklaratsiya qiladi

Bugun 22:002 daqiqa

Deklaratsiyada mehnatga haq to‘lash tarzidagi, mulkiy, moddiy foyda tarzidagi va boshqa daromadlar ko‘chmas mulk, ko‘char mulk va majburiyatlar bo‘yicha xarajatlar ko‘rsatiladi.

O‘zbekistondagi ikki shahar aholisi daromadlarini deklaratsiya qiladi © Foto: Stat.uz

19-oktabr kuni Hukumat qarori [574-son] bilan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qo‘yilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish bo‘yicha vaqtinchalik ma’muriy reglament tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Qarorga ko‘ra, deklaratsiya 2026–2027 yillarda olingan daromadlar bo‘yicha Soliq qo‘mitasining Elektron soliq xizmatlari portali va “Soliq” mobil ilovasi orqali doimiy yashash joyidagi soliq organiga taqdim etiladi.

Ushbu shaharlarda ichki ishlar organlari tomonidan doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan jismoniy shaxslar nazarda tutiladi (o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar bundan mustasno). Reglament hisobot yilida soliq organiga ishga qabul qilingan hamda hisobga qo‘yilganiga olti oy to‘lmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Deklaratsiyada qanday ma’lumotlar aks etadi?


Deklaratsiya hisobot yilidan keyingi yilning 1-aprelidan kechiktirmay taqdim etiladi. Soliq organi muddatdan kamida bir oy oldin xabarnoma yuboradi.

Deklaratsiyada:

• mehnatga haq to‘lash tarzidagi, mulkiy, moddiy foyda tarzidagi va boshqa daromadlar (Soliq kodeksining 371, 375, 376 va 377-moddalari);

• ko‘chmas mulk, ko‘char mulk va majburiyatlar (soliqlar, kommunal xizmatlar va kreditlar) bo‘yicha xarajatlar ko‘rsatiladi (yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlari bundan mustasno).

Xarajatlar vazirlik va idoralar ma’lumotlari hamda “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan fiskal belgili cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllantiriladi. Ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, mobil ilova orqali qo‘shimcha ma’lumotlar kiritish imkoniyati beriladi.

Deklaratsiya noto‘g‘ri to‘ldirilsa, aniqlashtirilgan hisobot taqdim etilishi mumkin. Unda ham noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilsa, deklaratsiya jismoniy shaxsning murojaatiga ko‘ra rad etiladi va uch yil ichida takroran taqdim etish imkoniyati beriladi. Boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.

Aniqlashtirilgan soliq bazasiga (daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi farq) qo‘shimcha soliq hisoblanmaydi (Soliq kodeksining 393-moddasida belgilangan daromad bundan mustasno) va huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistondagi ikki shahar aholisi daromadlarini deklaratsiya qiladi | Vaqt.uz