Logo

Rubio Shavkat Mirziyoyevga nimalar dedi?

Bugun 19:554 daqiqa

O‘zbekiston prezidenti va Oq uyning tashqi siyosat idorasi rahbari bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining o‘rni katta ekani ta’kidlandi. Vashington va Toshkent o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni «C5+1» formatidagi vazirlar uchrashuvi hamda Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida Marko Rubio davlat rahbariga AQSH prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Asosiy e’tibor O‘zbekiston – AQSH strategik sherikligini yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalariga qaratildi. AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari muloqotni mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqlagan «C5+1» formatidagi navbatdagi vazirlar uchrashuvining yakunlari yuqori baholandi.

Siyosat va xavfsizlik, savdo va investitsiyalar, innovatsiya va texnologiyalar, ta’lim va madaniyat kabi ustuvor yo‘nalishlarda ikki tomonlama hamkorlik faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, iqtisodiy hamkorlik strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 35 foizga oshdi. Iqtisodiy hamkorlik dasturi doirasida fuqaro aviatsiyasi, avtomobilsozlik, konchilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va moliya sohalarida yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining o‘rni katta ekani ta’kidlandi. Kengash yig‘ilishi doirasida 12 milliard dollarlik yangi kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar amaliy hamkorlikni rivojlantirishning yangi istiqbollarini ham belgilab oldi. Hududlararo aloqalarni rivojlantirish va ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Ikki mamlakat yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak tadbirlar rejasi va ularni mazmunan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.

Rubio nimalar dedi?

«Rahmat. Janob prezident, avvalo bizni qabul qilganingiz, butun jamoangiz vakillari bilan birgalikda bizga ko‘rsatgan samimiy mehmondo‘stligingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Aytganingizdek, bu nafaqat Markaziy Osiyoga, balki mamlakatingizga ham birinchi tashrifim. Bu yerdan siz erishgan yutuqlar va hamkorlik uchun mavjud imkoniyatlardan katta taassurot olgan holda qaytyapmiz.

Tashqi siyosatda ko‘pincha inqirozlar va muammolar asosiy e’tiborimizni egallaydi. Ba’zan esa bu imkoniyatlarga yetarlicha ahamiyat bermasligimizga olib keladi.

Prezident Tramp tashqi siyosatining asosiy tamoyillaridan biri shundan iboratki, biz nafaqat dunyodagi mavjud muammolar va inqirozlarni hal qilishimiz, balki ayni vaqtda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan imkoniyatlardan ham foydalanishimiz kerak.

Shu bois, bir yil avval boshlangan hamkorlikni davom ettirish maqsadida uch oy avval Markaziy Osiyoning beshta davlati va AQSH ishtirokidagi ushbu uchrashuvga tayyorgarlikni boshladik. Bu hamkorlik AQSH va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari uchun katta imkoniyatlar yaratayotgani shubhasiz.

Tarix davomida Markaziy Osiyo Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasida savdo-sotiq va aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutgan. Bugun esa mintaqaning diplomatik va iqtisodiy aloqalar uchun qayta ochilayotgani, bunda siz kabi yetakchilar muhim rol o‘ynayotgani yangi va ulkan imkoniyatlarni yaratmoqda.

Xususan, O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo-iqtisodiy diplomatiya sohasida yangi rivojlanish davrini boshdan kechirmoqda. AQSH ham bu jarayonning bir qismi bo‘lishni istaydi. AQSH energetika, muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi, transport va yuqori texnologiyalarni rivojlantirish kabi sohalarda O‘zbekiston hamda mintaqaning boshqa davlatlari bilan hamkorlik qilishni istaydi va bu borada allaqachon ish olib bormoqda.

Bugungi forumda ishtirok etayotgan har bir davlat, jumladan, Markaziy Osiyoning beshta mamlakati va AQSH o‘z manfaatlariga ega bo‘lgan mustaqil davlatlar ekanidan kelib chiqib ish tutamiz.

Shu sababli Markaziy Osiyo mamlakatlarining dunyo bilan hamkorlik qilishga ochiqligi va tayyorligini yuqori baholaymiz. Ular bu hamkorlikni o‘z ehtiyojlari, maqsadlari va xalqlari manfaatlariga mos ravishda olib bormoqda. Prezident Tramp rahbarligida AQSH ham xuddi shu yo‘ldan bormoqda.

Eng katta imkoniyat esa sizning kelajakka bo‘lgan intilishlaringiz, ehtiyojlaringiz va milliy manfaatlaringiz bizning maqsadlarimiz bilan mos kelganida yuzaga keladi. Chunki siz uchun muhim bo‘lgan narsa biz uchun ham muhim bo‘lsa, bu avlodlar davomida saqlanib qoladigan mustahkam hamkorlik va yaqin aloqalarga asos bo‘ladi.

Ammo bu hamkorlik shunchaki gapda qolib ketmasligi uchun amaliy ishlar qilinishi kerak. Menimcha, shu haftadagi uchrashuvlar davomida erishgan natijalarimiz mamlakatlarimizni uzoq muddatli farovonlik va xavfsizlik sari yanada yaqinlashtiradi.

So‘nggi yillardagi hamkorligimiz va bugungi uchrashuvlarimiz shuni ko‘rsatadiki, hukumatlarimiz, tadbirkorlarimiz va xususiy kompaniyalarimiz iqtisodiy hamda boshqa sohalardagi hamkorlikni davom ettirishni istaydi. Bu ko‘p yillar davomida xalqlarimiz farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Taxminan ikki soat avval prezident Tramp bilan gaplashdim. U sizga rahbarligingiz va hamkorlikka ochiqligingiz uchun minnatdorligini yetkazishimni so‘radi.

Shuningdek, u mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mustahkam ekani va yanada rivojlanib borayotganini alohida ta’kidlashimni istadi. Bu, asosan, sizning shaxsiy hissangiz va rahbarligingiz bilan bog‘liq. Biz siz va Markaziy Osiyodagi barcha hamkorlarimiz bilan birgalikda yangi davrning muammolari va imkoniyatlaridan foydalanishga tayyormiz. Rahmat», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Marko Rubioning O‘zbekistondagi ilk kuni qanday o‘tgani haqida yozgan edik.

Teglar

Asadbek Komilov

Asadbek KomilovMaqolalar soni: 489

Barchasi

Mavzuga oid