Baxt indeksi e’lon qilindi: O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Qo‘shni Qozog‘iston reytingda 10 pog‘onaga ko‘tarilib, MDH davlatlari orasida eng yaxshi natijani ko‘rsatdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo‘linmasi tomonidan e’lon qilingan «World Happiness Report» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 147 davlat orasida 53-pog‘onani egallab, o‘tgan yilgi reytingdagi o‘rnini saqlab qoldi.
Qo‘shni Qozog‘iston esa dunyodagi eng baxtli davlatlar reytingida 10 pog‘onaga ko‘tarildi. Bu yil Qozog‘iston 33-o‘rinni egalladi, o‘tgan yili esa 43-pog‘onada bo‘lgan. Bu bilan Qozog‘iston MDH davlatlari orasida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan.
Keyingi o‘rinlarda quyidagi davlatlar joylashdi:
O‘zbekiston 53-o‘rin (o‘tgan yil ham 53-o‘rin),
Qirg‘iziston 66-o‘rin (75-),
Moldova 77-o‘rin (80-),
Rossiya 79-o‘rin (66-),
Tojikiston 88-o‘rin (90-),
Armaniston 89-o‘rin (87-),
Ozarbayjon 102-o‘rin (106).
Shuningdek, Ukraina 111-o‘rinni egalladi, Litva 28-o‘rinda, Latviya 48-o‘rinda, Estoniya esa 46-o‘rinda joylashgan.
Eng baxtli mamlakatlar

Dunyodagi eng baxtli mamlakat sifatida to‘qqizinchi marta Finlyandiya tan olindi. Undan keyin Islandiya, Daniya, Kosta-Rika va Shvetsiya joy olgan. Shuningdek, birinchi o‘nlikka Norvegiya, Niderlandiya, Isroil, Luksemburg va Shveysariya ham kirgan. AQSH esa 23-o‘rinni egallagan.
Eng baxtsiz mamlakatlar

Eng baxtsiz mamlakat sifatida o‘tgan yilda bo‘lgani kabi Afg‘oniston tan olindi. Shuningdek, eng quyi o‘rinlarda Serra-Leone, Malavi, Zimbabve, Botsvana, Yaman va Livan ham keltirilgan.
Bu o‘zi qanday reyting?
«World Happiness Report» reytingi har yili 20-mart kuni nishonlanadigan Xalqaro baxt kuni munosabati bilan e’lon qilinadi. Hisobot Oksford universiteti qoshidagi farovonlikni o‘rganish markazi tomonidan «Gallup» instituti va BMT hamkorligida aholi turmush sifati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar asosida tayyorlanadi.
Tadqiqot 140 dan ortiq mamlakat va hududdan taxminan 100 ming kishining javoblariga asoslangan. Respondentlardan hayotdan qoniqish darajasini «Kantril zinapoyasi» testi orqali baholash so‘raladi (bu o‘n pog‘onali shkala bo‘lib, 10 – eng yaxshi hayot, 0 – eng yomoni).
Bundan tashqari, tuzuvchilar yalpi ichki mahsulotning aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishi, erkinlik darajasi, korrupsiyani qabul qilish va kutilgan umr davomiyligi kabi omillarni ham hisobga oladi.





