Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
5-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida bloger Sirojiddin Odilovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 2026-yil 5-oktabrdagi hukmi bilan fuqaro Adilov Sirojiddin Sayfiddinovich («Sirojiddin media» MCHJ rahbari) jami 3 nafar fuqaroga nisbatan firibgarlik va tovlamachilik jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topilib, jazo tayinlandi.
Unga ko‘ra, Odilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining firibgarlik (168-modda) hamda tovlamachilik (165-modda) moddalari bo‘yicha aybli deb topildi. Unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilandi.
Jizzax viloyati sudi matbuot xizmati hamda huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanov ma’lumotlariga ko‘ra, Odilov D. Shamsiyevning 12 mln so‘mini tovlamachilik, G. Jumaniyozova (30 mln so‘m) hamda R. Xudoynazarovaning (33 mln so‘m) mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani o‘z tasdig‘ini topgan.
Sud jarayonida fuqarolarga yetkazilgan jami 75 mln so‘mlik moddiy zarar to‘liq qoplangani ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Sirojiddin Odilov YouTube'dagi «Sirojiddin Media» kanali orqali tanilgan bloger. U ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi videolar va chiqishlari bilan auditoriya to‘plagan.
Odilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi ilk rasmiy xabar 2026 yil 11-mart kuni tarqalgan. O‘sha paytda Samarqand viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, Past Darg‘om tumanida yashovchi fuqaro bloger ustidan shikoyat qilgan. Fuqaro 2024 yil avgustida Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan. IIB ma’lumotida Odilov vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, masalani hal qilib berishni va’da qilgani va buning evaziga pul olgani, keyinchalik va’dasini bajarmagani aytilgan.
Shundan so‘ng Odilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan. Unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.





