Logo

GTA 6 internetni «qulatadi»mi? «Nvidia»dagi «josus» va o‘g‘irlangan 6 mlrd dollar!

Kecha 21:306 daqiqa

Bitta o‘yin butun dunyo bo‘ylab internetni «qulatishga qodir»mi? Kripto-olamdagi tarixdagi eng yirik — 6,3 mlrd dollarlik o‘g‘irlik qanday yopdi-yopdi qilindi? Trillion dollarlik imperiya rahbari nega «josus ayol» qarshisida taslim bo‘ldi? Vaqt.uz’ning ushbu ko‘rsatuvida texnologiya, AI va blokcheyn olamining eng yirik mojarolari hamda yutuqlari haqida so‘z boradi.

Bitta o‘yin sabab butun dunyoda internet uzilib qolishiga ishonasizmi? Yoki IT-olamidagi 3 trillion dollarlik kompaniya rahbari bitta xitoylik «ayol josus»ning tuzog‘iga tushganiga-chi? Xakerlar qanday qilib 6 milliard dollarni atigi 20 daqiqada o‘g‘irlab ketdi va nega «Apple» bitta urinishda barcha raqobatchilarini «yer tishlatdi»?

GTA 6 va global internet inqirozi

Bolaligida komputerxonalarda «Vice City»ning varaqdagi kodlarini yodlab o‘tirgan, vertolyot missiyasida asabi buzilgan, miltiq o‘qini to‘ldirish uchun «Nuttertools», politsiyadan qochish uchun «Leave me alone» yoki jonini to‘ldirish uchun «Aspirine» terib barmoqlari qadoq bo‘lgan qadrdon GTAchilar — yaqinroq keling, bu xabar aynan sizlar uchun!

Nihoyat, 13 yillik kutishlardan so‘ng, «Rockstar Games» o‘zining shoh asari — Grand Theft Auto 6 o‘yinini 2026-yilning 19-noyabr kuni rasman ommaga taqdim etmoqda. 13 yil ichida hamma narsa o‘zgardi. Biz yana o‘sha sevimli «Vice City» shahrimizga qaytamiz, ammo bu safar syujet zamonaviy «Bonni va Klayd» uslubidagi juftlik — Lusiya va Jeyson atrofida aylanadi. O‘yinni ishlab chiqish uchun «Rockstar» va bosh kompaniya «Take-Two Interactive» naqd 1 milliarddan tortib 2 milliard dollargacha mablag‘ sarflagan. «RAGE 9» dvigatelidan fizika va realizm shunchalik mukammalki, hatto qahramonlarning soch tolalari va kiyimlari shamolda tebranadi.

Lekin butun dunyoni tashvishga solayotgan asosiy xavf boshqa. O‘yinning hajmi nihoyatda katta — salkam 200 gigabaytdan yuqori. Tasavvur qiling, 19-noyabrga o‘tar kechasi o‘n millionlab odamlar bir vaqtning o‘zida bu o‘yinni yuklab olishni boshlaydi. Mutaxassislar ushbu ommaviy yuklashlar sababli global internet trafigida jiddiy uzilishlar sodir bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Qolaversa, AQSH va Yevropada yuz minglab geymerlar 19-noyabr va undan keyingi kunlarda o‘yin o‘ynash uchun rasman ishdan javob so‘rab, ta’tilga chiqmoqda. Xullas, GTA 6 yer yuzida hayotni 1-2 haftaga «to‘xtatib qo‘yishi» aniq.

Geymerlar GTA 6’da raqamli banklarni qanday o‘marishni o‘ylayotgan bir paytda, kiberjinoyatchilar real hayotda rekordlarni yangilab tashladi!

«Binance Hack» va 6,3 milliard dollar

Atigi 20 daqiqa ichida naqd 6 milliard 340 million dollar yo‘q bo‘lib qolsa-ya! 29-oktabr kuni dunyodagi eng yirik kripto-birja «Binance» aynan shunday dahshatli kiberhujumga uchradi. Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, bu hujum ortida Shimoliy Koreyaning «TraderTraitor» xakerlik guruhi turibdi. Lekin voqealarning eng qiziq tomoni, mabodo sizning hisobingizdan ham mablag‘lar yo‘qolgan bo‘lsa, hozir kirsangiz, balans to‘liq joyiga qaytganini ko‘rasiz.

Pullar xakerlardan qaytarib olindimi? Yo‘q. «Binance» xalqaro maydondagi obro‘sini saqlab qolish va vahima ko‘tarilmasligi uchun bu o‘g‘irlangan pullarni shunchaki o‘z zaxira fondidan qoplab berdi. Kompaniya odatda zaxiralar qaydini har oyda bir marta e’lon qiladi, biroq bu voqeadan so‘ng 16-noyabr kuni navbatdan tashqari hisobot berishga majbur bo‘ldi. Hisobotga ko‘ra, 4-noyabrdan buyon foydalanuvchilarning Bitcoin zaxirasi 0,35 foizga o‘sib, 687 ming 900 ta BTC ga yetgan. «Ethereum» 1,04 foizga, BNB esa 1.03 foizga ko‘paygan. Faqatgina steyblkoin bo‘lgan USDT balansi 3,68 foizga qisqargan — bu taxminan 928 million dollarga kam degani. Xullas, «Binance» obro‘ uchun milliardlardan voz kechishga ham tayyorligini isbotladi.

O‘g‘rilar kripto olamini tashqaridan buzishga urinayotgan bir paytda, sun’iy intellekt olamining eng yirik imperiyasini bitta chiroyli «josus ayol» ichkaridan buzib yubordi!

«Nvidia» rahbari va josuslik mojarosi

Sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqaruvchi, qiymati 3 trillion dollardan oshgan «Nvidia» kompaniyasi bosh direktori Jensen Xuang atrofida kutilmagan mojaro yuz berdi. O‘zining qora charm kurtkasi bilan tanilgan AI qiroli uzoq yillardan beri Elis Xuang ismli xitoylik ayol bilan yashirin ishqiy munosabatlarda bo‘lib kelgan. Ularni yillar oldin aynan Elisning qonuniy eri tanishtirgan ekan.

Hammasi silliq ketayotgan edi, toki ishga AQSH milliy xavfsizligi va josuslik aralashmagunicha. Hukumat Xitoyga ilg‘or AI chiplarini sotishni taqiqlagan bir paytda, Singapurdagi «Megaspeed» kompaniyasi qandaydir yo‘llar bilan 4,8 milliard dollarlik uskunalarini sotib olishga erishgan. Endi razvedka tizimlari o‘sha ma’shuqa Elis Xuang aslida Xitoyning maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan josusi ekani, u Jensenning hayotiga ataylab kiritilgani va sanksiyalarni aylanib o‘tish aynan uning yordamida amalga oshganini iddao qilmoqda.

Vaziyat o‘ta jiddiy. Jensen Xuang mojaro fosh bo‘lgach, butun kompaniya xodimlariga ochiq xat bilan chiqish qilishga majbur bo‘ldi. Xatda shunday deyiladi:

«Men xotinim va bolalarimga xiyonat qildim. Xatoyimning uzri yo‘q va buning uchun o‘zim javobgarman».

U rafiqasi Loridan kechirim so‘ragan bo‘lsa-da, bu uni siyosiy bosimdan qutqarmadi. Hozirda «Nvidia» direktorlar kengashi uning ustidan maxsus mustaqil tekshiruv boshlagan, AQSH Senati esa bu ishlarni tushuntirib berish uchun uni so‘roqqa chaqirtirgan. Tasavvur qilyapsizmi, agar josuslik ayblovi tasdiqlansa, AI qiroli o‘z lavozimidan haydalishi, «Nvidia» aksiyalari esa qulashi mumkin. Bu voqea fonida esa internet portladi: Ilon Mask «Jensenni ishga olish men uchun sharaf bo‘lardi» deb hazillashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi minglab memlarda esa «Kelajakni AI yoki terminatorlar emas, chiroyli josus qizlar boshqarar ekan!» degan kinoyalar «bolalab ketdi».

«Nvidia» rahbarlari raqobatchilardan qanday himoyalanishni o‘ylayotgan bir paytda, «Apple» yopiq eshiklar ortida chizgan bitta qoralamasi bilan bozor gigantlari e’tiborini o‘ziga qaratdi.

«Apple» buklanadigan smartfonlar bozorini egalladi

Kutib oling, buklanadigan smartfonlar bozorida yangi qirol — «Apple»! Xitoy bozorida sotuvga chiqqan yangi iPhone Duo smartfoni atigi 10 kun ichida «Samsung», «Xiaomi» va «Huawei» kabi gigantlarning yillik mehnatini chippakka chiqardi. Insayderlarning ma’lumotlariga ko‘ra, iPhone Duo bor-yo‘g‘i 10 kun ichida 264 mingdan ortiq sotilgan. Keling, raqobatchilar bilan solishtiramiz: Samsung Galaxy Z Fold 8 smartfoni 87 kunda bor-yo‘g‘i 71 mingta sotilgan. Xiaomi 18 Fold esa 53 kunda 119 mingta xaridorga yetib borgan. Hatto Xitoyning o‘z g‘ururi bo‘lgan Huawei Pura X Max ham 191 kun ichida 1,17 million dona sotilgan, xolos.

Tarmoqlarda iPhone Duo’ning buklanish mexanizmida ayrim muammolar borligi aytilayotgan bo‘lsa-da, bu savdoga umuman salbiy ta’sir ko‘rsatmagani yaqqol ko‘rinib turibdi.

«Apple» yerdagi rekordlarni yangilayotgan bo‘lsa, Ilon Mask odatdagidek osmonda mo‘’jizalar yaratmoqda.

«SpaceX» va 15-parvoz

«SpaceX» kompaniyasi Starship kosmik kemasining 15-sinov parvozini amalga oshirdi. Bu safar ulkan raketaning «Ship» qismi parvozdan so‘ng yerga qaytib tushayotganda, uchirish minorasining ulkan temir qo‘llari (chopsticks) uni havoda xuddi o‘yinchoqdek tutib oldi! Bu degani, raketalar endi okeanga qulab yo‘q bo‘lib ketmaydi, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri minoraga qaytib, keyingi parvozga tayyorlanadi.

«XPeng» uchar avtomobillari

Xitoyning «XPeng» kompaniyasi 2027-yilning yozida o‘zining uchar avtomobillarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. «Land Aircraft Carrier» deb nomlangan bu ulov ko‘rinishidan futuristik kibertrakka o‘xshaydi, lekin eng qizig‘i uchadigan avtomobil uning yukxonasida joylashgan: u yerdan 6 parrakli ulkan odam tashuvchi dron ajralib chiqadi! Mashinaning narxi taxminan 300 ming dollar atrofida bo‘lishi aytilmoqda va bu narx ichiga parvoz qilishni o‘rgatuvchi maxsus tayyorgarlik kurslari ham kiradi. O‘zining quvvati bilan u yerdan bir necha marta ko‘tarilib, havoda yetarlicha uzoq vaqt uchib yurishi mumkin.

«Microsoft» uzilishi tiklandi

Yaqindagina dunyo bo‘ylab yuz minglab korxonalar va aeroportlar ishini to‘xtatib qo‘ygan «Microsoft» tizimidagi global uzilish nihoyat to‘liq bartaraf etildi. 14-noyabr kuni kompaniya barcha xizmatlar, jumladan Microsoft 365, Teams va Outlook yuz foiz ishchi holatiga qaytganini rasman e’lon qildi. Tizimlar yana ishga tushgani yaxshi. Ayniqsa, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va kripto-bozor kundan-kunga qonuniy va keng qamrovli bo‘lib borayotgan bir paytda.

O‘zbekistonda kripto-do‘konlar ko‘paymoqda

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabariga ko‘ra, 9-noyabr kuni «C-store» MCHJ korxonasiga qonuniy kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish huquqi berildi. Shu bilan O‘zbekiston hududida litsenziyaga ega bo‘lgan kripto-do‘konlar soni 15 taga yetdi. Shuningdek, hozirda «Asterium» va «Coinpay» kabi 2 ta kripto-birja, shuningdek 6 ta kripto-depozitariy korxonasi ham litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda. Mablag‘laringiz xavfsizligi uchun barcha operatsiyalarni faqat ruxsatnomasi bor platformalarda amalga oshirishingizni maslahat beramiz. Litsenziyaga ega korxonalar ro‘yxatini istalgan vaqtda «napp.uz» sayti orqali tekshirishingiz mumkin.

Bu galgi texno-olam yangiliklari shulardan iborat edi. GTA 6 uchun komputeringizda joy va ishingizdan ta’til oldingizmi yoki josuslar dunyoni boshqarayotganidan xavotirdamisiz? Fikrlaringizni izohlarda yozib qoldiring!

Teglar

Mavzuga oid

GTA 6 internetni «qulatadi»mi? «Nvidia»dagi «josus» va o‘g‘irlangan 6 mlrd dollar! | Vaqt.uz