O‘zbekistonda banknot va tangalarga qo‘yiladigan talablar hamda naqd pul muomalasi kafolatlari belgilandi
Muomalaga chiqariladigan banknot va tangalardagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yoziladi. Yangi banknot va tangalar muomalaga chiqarilishidan kamida 1 hafta oldin bu haqda aholiga xabar beriladi.
© stockO‘zbekistonda muomalaga chiqariladigan banknot va tangalardagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi hamda aholi va tadbirkorlarning naqd pul olish huquqi kafolatlanishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 17-noyabrda 3977-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston Respublikasida banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»da ma’lum qilindi.
Hujjatga muvofiq, yangi banknot va tangalar muomalaga chiqarilishidan kamida 1 hafta oldin bu haqda aholiga xabar beriladi.
Pul belgilariga qo‘yiladigan talablar
Yo‘riqnomaga ko‘ra, muomalaga chiqariladigan pul belgilarida quyidagilar bo‘lishi shart:
— pulning raqamlar bilan ifodalangan nominal qiymati;
— pul belgilarini bir-biridan oson farqlash imkonini beruvchi o‘lcham va ranglar;
— Markaziy bankning nomi;
— pul belgisi dizayni va namunasi tasdiqlangan yil;
— O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi yoki Davlat bayrog‘i tasviri;
— qalbakilashtirishdan himoyalovchi elementlar.
Shuningdek, banknotlarda ularning seriyasi va raqami, nominal qiymatining yozuv bilan ifodasi, barcha turdagi to‘lovlar uchun qabul qilinishi majburiyligi hamda qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi yozuvlar bo‘lishi lozim.
Pul belgilarining dizaynida O‘zbekiston tarixi, milliy madaniyati, qadriyatlari, buyuk allomalar va mamlakat yutuqlarini aks ettiruvchi tasvirlardan foydalaniladi.
Bundan tashqari, pul belgilari inson salomatligi uchun xavfsiz xomashyolardan tayyorlanishi va zamonaviy himoya elementlariga ega bo‘lishi kerak.
Naqd pul olish, bankomatlar va bepul ayirboshlash tartibi
Yo‘riqnoma bilan aholi va tadbirkorlarning naqd pul olish huquqi kafolatlanadi. Banklar fuqarolar va tadbirkorlarning hisobvaraqlarida mavjud mablag‘lari doirasida naqd pul olishga bo‘lgan talablarini birinchi talab bo‘yicha uzluksiz qondirishi shart. Shu bilan birga, banklar muomaladagi naqd pullarni nominal qiymati bo‘yicha moneliksiz qabul qiladi.
Hujjatda bankomatlarni naqd pul bilan ta’minlab borish tartibi ham belgilangan. Unga ko‘ra, banklar mijozlarning naqd pulga bo‘lgan ehtiyojini va bankomatlardagi naqd pul aylanmasini muntazam tahlil qiladi. Naqd pul yetishmasligi kutilganda banklar qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish choralarini ko‘radi.
Bundan tashqari, pul belgilarini bepul ayirboshlash imkoniyati nazarda tutilgan. Markaziy bank va tijorat banklari talabga ko‘ra bir nominaldagi pul belgilarini boshqa nominaldagi pul belgilariga hech qanday to‘lov yoki vositachilik haqisiz ayirboshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi banklar o‘rtasida naqd pul taqsimoti elektron tizimga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.





