Logo

Hisobdan chetda qolgan 810 ming kishi: aholini ro‘yxatga olish natijalari qanday?

Bugun 20:206 daqiqa

37 yildan keyin o‘tkazilgan ro‘yxatga olish aholining yosh tarkibi, oilalardagi farzandlar soni va hududlar o‘rtasidagi demografik farqlarni ochib berdi. Vaqt.uz tahliliga ko‘ra, aholining uchdan biri mehnat yoshiga yetmagan, ko‘p farzandli oilalar ulushi esa sezilarli darajada kamaygan.

Hisobdan chetda qolgan 810 ming kishi: aholini ro‘yxatga olish natijalari qanday?

O‘zbekistonda aslida necha kishi yashaydi? 37 yil davomida bu savolga aniq javob berish qiyin edi, chunki mamlakatda 1989-yildan beri aholini to‘liq ro‘yxatga olish o‘tkazilmagandi. 

2026-yilgi ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 mln 47,3 ming kishini tashkil etdi. Ma’lum bo‘lishicha, aholining 32 foizi mehnat yoshiga yetmagan, aksariyat odamlar shaharlarda yashaydi. So‘nggi 37 yilda besh va undan ortiq farzandli onalar ulushi 4 baravardan ko‘proq kamaygan. Ro‘yxatga olish yana 2,1 mln kishi doimiy yashash joyida bo‘lmaganini ham ko‘rsatdi.

Vaqt.uz ro‘yxatga olish natijalarini tahlil qilib, O‘zbekistonning bugungi demografik qiyofasini o‘rgandi.

Aholi 16 yilda qariyb 10 mln kishiga ko‘paydi

O‘zbekiston aholisi so‘nggi yillarda barqaror o‘sib bormoqda. 1897-yilda mamlakat hududida 3,9 mln kishi yashagan bo‘lsa, 1989-yilga kelib bu ko‘rsatkich 19,9 mln kishiga yetgan. Keyingi 37 yilda esa aholi yana qariyb 19,1 mln kishiga ko‘paydi.

1


Manba: Statistika qo‘mitasi

Bu o‘sishning so‘nggi yillardagi sur’atlari ham e’tiborga molik. Milliy statistika qo‘mitasining aholini ro‘yxatga olish natijalari asosida yangilangan hisob-kitoblariga ko‘ra, 2010-yil boshida O‘zbekistonning doimiy aholisi 29 mln 215,9 ming kishini tashkil etgan. 2026-yil 1-yanvarga kelib bu ko‘rsatkich 39 mln 24 ming kishiga yetgan. Demak, 16 yil ichida mamlakat aholisi 9 mln 807 ming kishiga yoki 33,6 foizga oshgan.

Avvalroq, Vaqt.uz O‘zbekiston aholisi 16 yilda qariyb 10 mln kishiga ko‘paygani haqida yozgan edi. O‘shanda e’lon qilingan ma’lumotlar aholi sonining yillar kesimidagi o‘sishini ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi ro‘yxatga olish natijalari bu raqamlarni qayta hisoblash va demografik manzarani yanada aniqroq baholash imkonini berdi.

Yillik ko‘rsatkichlarni solishtirganda, eng katta o‘sish 2023-yildan 2024-yil boshigacha bo‘lgan davrda qayd etilgan. Bu vaqt ichida doimiy aholi soni 792,4 ming kishiga ko‘paygan. 2023-yil boshidan 2024-yil boshigacha bo‘lgan davrda o‘sish yuqori bo‘lgan bo‘lsa, 2024–2025-yillarda 762,5 ming kishini, 2025–2026-yillarda esa 702 ming kishini tashkil etgan.

2


Manba:
Vaqt.uz

Shunday qilib, oxirgi yilda aholi o‘sishi avvalgi ikki yilga nisbatan sekinlashgan. Biroq mamlakat aholisi baribir yiliga 700 mingdan ortiq kishiga ko‘paymoqda. Bu esa ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy, transport va mehnat bozoriga bo‘lgan talab ham yuqori bo‘lib qolishini anglatadi.

Ro‘yxatga olishning yana bir muhim natijasi — avvalgi yillardagi aholi soni ham qayta ko‘rib chiqilganidir. Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvar holatidagi aholi soni oldingi rasmiy ko‘rsatkichdan 786,9 ming kishiga yoki 2,1 foizga yuqori chiqqan. 2011–2026-yillardagi ma’lumotlarda tafovut 1,9–2,1 foiz, 2010-yilda esa 4,3 foizni tashkil etgan.

Bunda gap 786,9 ming kishining bir yil ichida paydo bo‘lgani haqida emas. Milliy statistika qo‘mitasi ro‘yxatga olish natijalaridan kelib chiqib, avvalgi yillarning demografik ko‘rsatkichlarini ham qayta hisoblagan. Hisob-kitoblarda tug‘ilish, o‘lim, migratsiya, yosh va jins tarkibi, shuningdek, hududiy o‘zgarishlar inobatga olingan.

Aholining uchdan biri mehnat yoshiga yetmagan

Ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 55,7 foizi, ya’ni 21,7 mln kishi mehnatga layoqatli yoshda. Mehnat yoshiga yetmaganlar 12,5 mln kishini (32 foiz), mehnat yoshidan kattalar esa 4,8 mln kishini (12,3 foiz) tashkil etadi.

Demak, mehnat yoshiga yetmaganlar soni keksa yoshdagilardan qariyb 2,6 baravar ko‘p. Bu O‘zbekiston aholisi tarkibida bolalar va yoshlar ulushi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Bunday yosh tarkibi demografik yuklamada ham ko‘rinadi. Mehnatga layoqatli yoshdagi har 100 kishiga o‘rtacha 79,6 nafar bola yoki keksa to‘g‘ri keladi. Shaharlarda bu ko‘rsatkich 77,9 nafar, qishloqlarda esa 81,7 nafar. Ya’ni qishloq joylarida mehnat yoshidagi aholining zimmasidagi demografik yuklama biroz yuqoriroq.

3


Manba: Statistika qo‘mitasi


O‘zbekiston aholisining yosh-jins piramidasi pastki qismida keng, yuqoriga qarab esa torayib boradi. Bu aholining katta qismini bolalar va yoshlar tashkil etishini ko‘rsatadi. Eng katta guruh — 0–4 yoshdagilar: ularning jami soni 4,6 mln nafardan oshadi. 5–9 va 10–14 yosh guruhlarida ham aholi soni yuqori.

Piramidada 20–29 yoshdagilar soni 15–19 yoshdagilarga nisbatan kam. Masalan, 15–19 yosh guruhida 3,15 mln kishi bo‘lsa, 20–24 yoshda bu ko‘rsatkich 2,66 mln, 25–29 yoshda esa 2,65 mln kishini tashkil etadi. 30–39 yosh guruhida aholi soni yana ortadi. 40 yoshdan keyin esa yosh oshgani sari aholi soni kamayib boradi.

Jinslar kesimida ham farqlar bor. 45 yoshgacha bo‘lgan guruhlarning aksariyatida erkaklar soni ayollarnikidan ko‘proq. 45–49 yosh guruhidan boshlab esa ayollar soni ustunlik qiladi. Bu farq katta yoshdagilar orasida yanada ortadi. Masalan, 65–69 yosh guruhida ayollar soni erkaklardan qariyb 71 ming nafarga, 70–74 yoshda esa 44 ming nafarga ko‘p.

2 milliondan ortiq kishining doimiy yashash joyida bo‘lmagan

O‘zbekiston aholisining jinsiy tarkibi deyarli teng, bunda erkaklar 19,8 mln kishini yoki aholining 50,6 foizini, ayollar esa 19,3 mln kishini yoki 49,4 foizini tashkil etadi. Erkaklar soni ayollardan 485,1 ming nafarga ko‘p.

Aholining 54,5 foizi shaharlarda, 45,5 foizi esa qishloqlarda yashaydi. Raqamlarda bu 21,3 mln shahar aholisi va 17,8 mln qishloq aholisiga teng. Shunday qilib, shaharlarda yashovchilar qishloq aholisidan 3,5 mln nafarga ko‘p.

4


Manba: Statistika qo‘mitasi

Ro‘yxatga olishning yana bir muhim natijasi — 2,1 mln kishi doimiy yashash joyida bo‘lmagan. Bu jami aholining 5,4 foizini tashkil etadi. Ularning asosiy qismi, ya’ni 1,64 mln kishi ishlash uchun boshqa joyga ketgan. Yana 329,2 ming kishi ta’lim olish sababli vaqtincha yashash manzilida bo‘lmagan.

5


Manba: Statistika qo‘mitasi

Qolganlar oilaviy sabablar, davolanish, turizm, dam olish, tijorat va boshqa maqsadlarda doimiy yashash joyidan vaqtincha ketgan. Demak, vaqtincha boshqa joyda bo‘lganlarning qariyb 79 foizi mehnat faoliyati bilan bog‘liq sabablar tufayli uydan uzoqda bo‘lgan.

Ayollar orasida bevalar ulushi erkaklarnikidan 4,7 baravar ko‘p

Statistika qo‘mitasi qayd qilishicha, 15 yosh va undan katta aholining 71,6 foizi rasmiy nikohda yashaydi. Bu 19,5 mln kishiga teng. Hech qachon nikohdan o‘tmaganlar 5,45 mln yoki 20,1 foizni tashkil etadi. Bevalar ulushi 4,4 foiz, ajrashganlar esa 1,8 foiz bo‘lgan.

Oilaviy holat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida ham farq bor. Masalan, beva ayollar soni 981,5 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, beva erkaklar 208,5 ming nafar. Ya’ni beva ayollar erkaklardan qariyb 4,7 baravar ko‘p. Rasmiy ajrashgan ayollar soni ham erkaklarnikidan uch baravardan ko‘proq.

Besh va undan ortiq farzandli onalar ulushi 4 baravar kamaydi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 yoshdan katta 10,5 mln ayol jami 29,2 mln nafar farzand ko‘rgan. Farzand ko‘rgan har bir ayolga o‘rtacha 2,8 nafardan bola to‘g‘ri keladi. 

So‘nggi 37 yilda oilalardagi farzandlar soni sezilarli o‘zgargan. 1989-yilda besh va undan ortiq farzand ko‘rgan ayollar ulushi 35,7 foiz bo‘lgan. 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 8,8 foizgacha tushgan.

Ayni paytda ikki va uch farzandli ayollar ulushi oshgan. 2026 yilda uch farzand ko‘rgan ayollar 31,1 foizni, ikki farzand ko‘rganlar 27,5 foizni tashkil etgan. Bir farzandli ayollar ulushi 16,6 foiz, to‘rt farzandlilar esa 16 foiz bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 1989 yilda ikki farzandli ayollar ulushi 21,2 foiz, uch farzandlilar 15,2 foiz edi. Demak, so‘nggi o‘n yilliklarda besh va undan ortiq farzandli oilalar ulushi kamayib, ikki-uch farzandli oilalar ko‘paygan.

Farzandlar soni ayollarning yoshiga qarab ham farq qiladi. 15–19 yoshdagi farzandli ayollarning 76,7 foizi bir nafar farzand ko‘rgan. 70 yosh va undan katta ayollarning esa 28 foizi besh va undan ortiq farzandli.

Umumiy manzarabda esa oilalar tarkibi o‘zgarayotganini guvohi bo‘lishimiz mumkin. Ya’ni ko‘p farzandli oilalar ulushi qisqarib, ikki-uch farzandli oilalar kengaymoqda.

O‘zbekistonda qaysi millat vakillari eng ko‘p yashaydi?

6

Milliy tarkibda o‘zbeklar eng katta ulushga ega — 34,9 mln kishi yoki aholining 89,4 foizi. Keyingi o‘rinlarda tojiklar (3,3 foiz), qoraqalpoqlar (2,2 foiz), qozoqlar (1,8 foiz) va ruslar (1,6 foiz) turadi. Qirg‘izlar 219,1 ming, turkmanlar 194,8 ming, boshqa millat vakillari esa 300 ming kishini tashkil etadi.

Hududlar kesimida o‘zbeklarning eng katta ulushi Xorazm viloyatida — 98,7 foiz. Eng kichik ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda qayd etilgan: 47,6 foiz. Bu hududda 1,02 mln o‘zbek va 772 ming qoraqalpoq yashaydi.

Tojiklar asosan Surxondaryo (274 ming), Namangan (255 ming) va Farg‘ona (210 ming) viloyatlarida istiqomat qiladi. Rus millati vakillarining qariyb yarmi — 300 ming nafari Toshkent shahrida yashaydi.

Milliy tarkib bilan birga, aholining asosiy muloqot tili ham o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra, 35,65 mln kishi yoki aholining 91,3 foizi o‘zbek tilini asosiy muloqot tili sifatida ko‘rsatgan. Keyingi o‘rinlarda qoraqalpoq (910 ming), tojik (851 ming), rus (787 ming) va qozoq (561 ming) tillari turadi.

Avvalroq, aholining qariyb 91 foiz kamida umumiy o‘rta ma’lumotga ega ekanini
yozgan edik. 

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 239

Barchasi

Mavzuga oid