O‘zbekistonda Xitoy avtomobillari savdosi qariyb 50 foizga oshdi
Joriy yilning dastlabki o‘n oyida yangi avtomobillarning jami savdosi 6,5 foizga kamayib, shu davrda Xitoy brendlarining bozordagi ulushi 11,6 foizdan 18,4 foizga ko‘tarildi.

2026-yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatda jami 318 ming 949 ta yangi avtomobil sotildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 ming 257 taga yoki 6,5 foizga kam. Bu haqda O‘zbekiston Avtomobil biznesi assotsiatsiyasi xabar berdi.
Umumiy savdo kamaygan bo‘lsa-da, Xitoy brendlarining avtomobil savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 48,2 foizga oshdi.
Chevrolet’ning bozordagi ulushi 81,8 foizdan 74 foizga tushganiga qaramay, yetakchilikni saqlab qoldi. ADM Global 12,3 foiz bilan ikkinchi, BYD 10,7 foiz bilan uchinchi bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida BYD hissasiga yangi avtomobillar savdosining 5,6 foizi to‘g‘ri kelgan edi.
Shunday qilib, oktabrda 36 ming 176 ta yangi avtomobil sotildi. Bu sentabrdagidan 6,3 foizga ko‘p, o‘tgan yilning oktabriga nisbatan esa qariyb 12 foizga kam.
Oktyabrda savdosi eng ko‘p oshgan modellar Cobalt va Damas bo‘ldi. Sentyabrga qaraganda 2 ming 175 ta ko‘proq Cobalt va 1 ming 843 ta ko‘proq Damas sotildi.
BYD modellaridan Song Plus DM-i Champion savdosi 496 taga, Yuan Up DM-i savdosi 246 taga oshdi. Chazor Champion esa sentabrdagidan 820 ta kam sotildi.
Hududlar kesimida o‘n oyda eng ko‘p yangi avtomobil Toshkent shahrida 92,6 mingta sotildi. Bu jami savdoning qariyb 29 foiziga teng. Poytaxtdan keyin esa Samarqand (25,9 mingta) va Farg‘ona (25,1 mingta) viloyatlarida sotilgan. Eng kam savdo Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonda kuzatildi. Sirdaryoda 4 ming 952 ta, Qoraqalpog‘istonda 9 ming 384 ta yangi avtomobil sotildi.
Eslatib o‘tamiz, yilning dastlabki to‘qqiz oyida O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish 9,2 foizga oshib, 356 ming donadan oshdi.





