Logo

«Emirates» O‘zbekistonga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Kecha 21:072 daqiqa

«Emirates» Dubayda joylashgan eng yirik xalqaro aviakompaniyalardan biridir. Tashuvchining yo‘nalishlar tarmog‘i dunyoning qariyb 80 ta mamlakatidagi 150 dan ortiq manzilni qamrab olgan.

«Emirates» O‘zbekistonga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin

Birlashgan Arab Amirliklarining «Emirates» aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslar ochish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda «Uzbekistan Airports» matbuot xizmati xabar berdi.

20-noyabr kuni «Uzbekistan Airports» aksiyadorlik jamiyati rahbariyati «Emirates Group» kompaniyasining xalqaro aviatsiya siyosati hamda davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul vakillari bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi «Emirates» aviakompaniyasining O‘zbekiston aviatsiya bozoriga kirish imkoniyati bo‘ldi.

Uchrashuvda mehmonlarga O‘zbekiston xalqaro aeroportlarini rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, yo‘lovchi tashish dinamikasi, shuningdek, mamlakatning o‘sib borayotgan sayyohlik va tranzit salohiyati haqida ma’lumot berildi.

Havo kemalariga xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari, istiqbolli yo‘nalishlar hamda yangi reyslarni ochishda aviakompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi mexanizmlarga alohida e’tibor qaratildi.

«Uzbekistan Airports» ma’lumotiga ko‘ra, «Emirates» O‘zbekistonga muntazam reyslarni ochishni «yo‘lovchilar talabi, aeroportlarning infratuzilma imkoniyatlari va yo‘nalishlarning tijorat salohiyatini o‘rganib chiqqandan keyin» ko‘rib chiqishi mumkin. O‘z navbatida, «Uzbekistan Airports» BAAdagi hamkorlarga zarur ma’lumotlarni taqdim etish va maslahatlashuvlarni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.

«Muzokaralar yakunida tomonlar keyingi hamkorlikdan manfaatdor ekanini bildirdi», — deyiladi xabarda.

Ayni paytda O‘zbekiston aviatsiya bozorida BAAning «Fly Dubai», «Air Arabia» va «Etihad Airways» aviatashuvchilari mavjud. «Emirates»ning ehtimoliy kelishi ikki davlat o‘rtasidagi aviatsiya aloqalarini mustahkamlashi va yo‘lovchilarga Dubay orqali xalqaro parvozlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi qayd etilgan.

«Emirates» Dubayda joylashgan eng yirik xalqaro aviakompaniyalardan biridir. Tashuvchining yo‘nalishlar tarmog‘i dunyoning qariyb 80 ta mamlakatidagi 150 dan ortiq manzilni qamrab olgan. Aviakompaniya eng yirik keng fyuzelyajli havo kemalari parkiga ega bo‘lib, uzoq masofalarga xalqaro tashuvlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan.

Teglar

Mavzuga oid