Van Gogning «Gullayotgan kashtanlar» kartinasi auksionda rekord — 190,4 mln dollarga sotildi
1890-yilda yaratilgan ushbu polotno jahon auksionlari tarixidagi eng qimmat san’at asarlari to‘rtligidan ham joy olib, Leonardo da Vinchi, Gustav Klimt va Endi Uorxol asarlaridan keyingi o‘rinni egallagan.
© Li Zhihua / China News Service / VCG / Getty ImagesVinsent Van Gogning 1890-yilda chizilgan «Gullayotgan kashtanlar» asari Nyu-Yorkdagi «Sothebyʼs» auksionida 190,4 mln dollarga sotildi. Bu haqda «Meduza» xabar berdi.
Mazkur summa auksion uyining komissiya to‘lovlarini ham o‘z ichiga oladi va Van Gog asarlari uchun yangi auksion rekordi hisoblanadi. «The Wall Street Journal» nashrining eslatishicha, avvalroq rassomning ochiq savdolarda sotilgan eng qimmat asari «Sarv daraxtli bog‘» (1888 yil) kartinasi edi. «Microsoft» hammuassisi Pol Allen kolleksiyasida bo‘lgan ushbu asar 2022 yilda auksionda 117,2 mln dollarga sotilgan.
«Gullayotgan kashtanlar» savdoga Arriyete-Blake oilasi kolleksiyasining bir qismi sifatida qo‘yilgan. Ushbu to‘plam dunyodagi eng yirik xususiy impressionizm va postimpressionizm kolleksiyalaridan biri sanaladi. Kartinaga alohida qiymat beradigan jihat shundaki, u Van Gogning so‘nggi asarlaridan biri bo‘lib, rassom uni vafotidan ikki oy oldin chizgan. Rassomning so‘nggi davriga oid deyarli barcha asarlari muzeylarda saqlanadi.
Savdoda Nyu-Yorkdagi «Acquavella Galleries» galereyasi egasi, art-diler Uilyam Akvavella g‘olib chiqdi. «Artnet News» nashrining yozishicha, Akvavella kartina kimning manfaati uchun sotib olinganiga aniqlik kiritmagan.
Savdolar amalga oshmay qolishi ham mumkin edi. Kartinaning sobiq egalaridan biri — Germaniyaning «S. Fischer Verlag» nashriyoti asoschisi Samuel Fisherning merosxo‘rlari asarni savdodan olib tashlashni talab qilgan.
Fisher kartinani 1909 yilda sotib olgan va 1936 yilgacha unga egalik qilgan. Fisher merosxo‘rlari manfaatlarini himoya qiluvchi advokat «Gullayotgan kashtanlar» 1936 yilda «S. Fischer Verlag» natsistlar davrida ko‘rgan moliyaviy yo‘qotishlar sababli va, ehtimol, adolatsiz narxda sotilganini bildirgan.
Blake va Fisher merosxo‘rlari savdo boshlanishiga bir necha soat qolgandagina kelishuvga erishgan. «Sothebyʼs» kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmay, faqat ikkala tomon ham uni maqbul deb topganini ma’lum qilgan.
2021 yilda «Christieʼs» auksionida texaslik neft magnati Edvin Koks kolleksiyasidan Van Gogning «Bug‘doy g‘aramlari» (1888 yil) asari sotuvga qo‘yilgan edi. 1930-yillarda ushbu asar germaniyalik sanoatchi Maks Meyrovskiyga tegishli bo‘lgan. Germaniyadan qochgan Meyrovskiy kartinani Parijda Aleksandrina de Rotshildga sotgan, Fransiya okkupatsiyasi davrida esa uni natsistlar musodara qilgan. Meyrovskiy merosxo‘rlari va ularga qo‘shilgan Rotshildlar savdoga e’tiroz bildirgan, biroq tomonlar tushumni taqsimlash bo‘yicha kelishib olgan. Natijada «Bug‘doy g‘aramlari» 35,9 mln dollarga sotilgan.





