Logo

Birjaga qaytgan AI-80 benzini, «Beeline» egasining bank ochish rejasi va pulli yo‘ldagi trafik — 20-noyabr dayjesti

Kecha 22:305 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Birjaga qaytgan AI-80 benzini, «Beeline» egasining bank ochish rejasi va pulli yo‘ldagi trafik — 20-noyabr dayjesti

Beeline egasi O‘zbekistonda bank ochish yoki sotib olishni rejalashtirmoqda

«Beeline Uzbekistan» egasi bo‘lgan xalqaro telekommunikatsiya guruhi «VEON» O‘zbekiston va Qozog‘istonda yangi bank tashkil etish yoki mavjud moliya muassasasini sotib olish orqali bank litsenziyasini qo‘lga kiritish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu haqda kompaniya 16-noyabr kuni Nyu-Yorkda o‘tkazilgan «Capital Markets Day» tadbirida hamda AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) bazasida e’lon qilgan taqdimotida ma’lum qildi. Bank litsenziyasi guruhga to‘lov xizmatlari doirasidan chiqib, depozitlar jalb qilish, yirikroq kreditlar ajratish, kelgusida esa sug‘urta va investitsiya mahsulotlarini rivojlantirish imkonini beradi.

Ayni paytda «VEON» O‘zbekistonda elektron hamyon va mikrokreditlash xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. 2026 yilning to‘qqiz oyi davomida «Beeline Uzbekistan» va guruhning mamlakatdagi boshqa xizmatlari daromadi 5,9 foizga o‘sib, 3,03 trillion so‘mga (shundan raqamli xizmatlar 483,2 milliard so‘m), EBITDA ko‘rsatkichi esa 1,1 trillion so‘mga yetgan. Uchinchi chorak holatiga ko‘ra, «Beeline Uzbekistan» qariyb 7,4 million abonentga, «Hambi» superilovasi 4,9 million, «Beepul» va «OQ» esa 800 ming nafardan faol foydalanuvchiga ega (eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktabr oyida «VEON» «Perfectum» aloqa operatorini 207 million dollarga sotib olgan edi).

Urganch — Xiva pulli yo‘lidan kuniga 1700 tagacha avtomobil harakatlanmoqda

O‘zbekistondagi ilk pulli trassa — ochilganiga ikki oydan oshgan Urganch — Xiva yo‘lidan kuniga 1,6–1,7 mingta, ayrim kunlarda esa 2 mingtagacha avtomobil harakatlanmoqda. Xorazm viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dushanboy Zarifboyevning ma’lum qilishicha, trassada to‘lovlar bank kartasi yoki QR-kod orqali qabul qilinadi. Yengil avtomobillar va mototsikllar uchun yo‘l haqi dastlab taklif qilingan 26,4 ming so‘mdan 17,6 ming so‘mgacha pasaytirilgan bo‘lib, mikroavtobuslar uchun tarif 44 ming so‘m, avtobuslar uchun esa 66 ming so‘mni tashkil etadi.

Dastlab ikkita to‘lov terminali bilan ish boshlagan trassaga keyinchalik Yangiariq — Xiva yo‘nalishidan ham kirish imkoniyati yaratilib, terminallar soni uchtaga yetkazildi. Yangiariq yo‘lidan pulli trassaga 7-kilometrda qo‘shilish mumkin bo‘lib, Xivagacha bo‘lgan 28 kilometrlik masofa uchun yo‘l haqi 14,52 ming so‘m etib belgilangan. Shuningdek, yo‘lda avtomobillar yuqori tezlikda harakatlanishi sababli haydovchilar va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida uy hayvonlari chiqib ketishining oldini oluvchi maxsus to‘siqlar o‘rnatilmoqda.

O‘zbekistonda yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 179,7 trln so‘mga yetdi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda yashash va ovqatlanish xizmatlari hajmi 179,7 trillion so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan real hisobda 11,3 foizga oshdi (2025 yilning mos davrida 149,5 trln so‘m bo‘lgan). Umumiy hajmning 96,1 foizi yoki qariyb 172,7 trillion so‘mi ovqatlanish va ichimliklar bilan ta’minlash, qolgan 3,9 foizi (qariyb 7 trln so‘m) esa joylashtirish xizmatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur yo‘nalish to‘qqiz oyda 1 003,2 trillion so‘mni tashkil etgan jami bozor xizmatlarining 17,9 foizini egallab, savdo xizmatlaridan keyin ikkinchi o‘rinni band etdi.

Hududlar kesimida jami xizmatlarning qariyb 30 foizi yetakchi ikki hudud — Toshkent shahri (32,6 trln so‘m) va Samarqand viloyati (21,6 trln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keldi. Keyingi yuqori ko‘rsatkichlar Namangan (17,8 trln so‘m), Farg‘ona (17,6 trln so‘m), Qashqadaryo (15,4 trln so‘m), Andijon (11,6 trln so‘m) va Xorazm (10,2 trln so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 9,1 trln, Buxoroda 8,9 trln, Surxondaryoda 7,5 trln, Navoiyda 5,5 trln va Jizzaxda 5,3 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, eng past natija Sirdaryo viloyatida (3,4 trln so‘m) kuzatildi.

AI-80 benzini birja savdosiga chiqdi. «Zapravka»larga beriladimi?

O‘zbekistonda AI-80 markali benzin yana birja savdolariga chiqarildi, biroq Energetika vazirligi izohiga ko‘ra, ushbu yoqilg‘i AYQSHlarga yetkazib berilmaydi va haydovchilarga sotilmaydi. Vazirlik ma’lumotida ta’kidlanishicha, birjaga qo‘yilgan AI-80 benzini faqat tegishli litsenziyaga ega qayta ishlash korxonalariga yuqori oktanli benzin va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xomashyo (komponent) sifatida mo‘ljallangan. Shu bois uni avtomobillarga yoqilg‘i sifatida sotish bo‘yicha amaldagi cheklovlar to‘liq saqlanib qoladi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov AI-92 benzini narxi tonnasiga 15 million so‘mga yaqinlashayotgan bir sharoitda AI-80-K2-L tipidagi benzin tonnasi 8 250,3 ming so‘mdan savdoga qo‘yilganiga hamda lotlarda sotuvchi nomi to‘liq ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratdi (u Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi bo‘lishi mumkin). Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» 2025 yil 2-sentabrdan AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatgan, prezident qarori bilan esa 2025 yil 1-dekabrdan uni «zapravka»larda sotishning oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilgan edi.

O‘zbekiston qurilish materiallari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazmoqchi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Parkent tumanida qurilish sanoati va turizm sohasi tadbirkorlari bilan uchrashuvda qurilish materiallari eksportini yaqin yillarda 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligini ma’lum qildi. So‘nggi o‘n yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingdan ziyod korxona ishga tushirilgan, joriy yilda esa ishlab chiqarish hajmi 65 trillion so‘mga, eksport 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Mamlakatda 161 turdagi mahsulot bo‘yicha yetarli quvvatlar mavjud bo‘lsa-da, sifat va brend kamchiliklari sabab yillik import 780 million dollarni tashkil etmoqda. Shu bois Jizzaxdagi AES qurilishi (2,2 mlrd dollarlik materiallar talab etiladi) uchun Egizbuloq mahallasida 200 gektarlik maxsus sanoat zonasi tashkil etilib, 70 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqariladi, shuningdek, kelasi yildan yuqori qo‘shilgan qiymatli loyihalarga yillik 6 foiz stavkada 200 million dollar resurs ajratiladi.

Kelasi yildan budjet hisobidan amalga oshiriladigan qurilishlarda birinchi navbatda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabi joriy etilib, davlat xaridlari portalida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yiliga 15–20 trillion so‘mlik alohida savdo maydonchasi ochiladi. Bundan tashqari, korxonalarga energiya tejovchi uskunalar xarid qilish xarajatlarining 10 foizi (1 milliard so‘mgacha) qoplab beriladi. Pardozbop tosh qazib oluvchi korxonalarda xomashyoning 35–40 foizi chiqindiga chiqayotgani sababli, bundan buyon yangi konlar «nol chiqindi» tamoyili asosida ishlash sharti bilan auksionga qo‘yiladi va konlar atrofida kamida 100 million dollarlik qayta ishlash loyihalari boshlanadi.

Teglar

Mavzuga oid