AI-80 benzini birja savdosiga chiqdi. «Zapravka»larga beriladimi?
«O‘zbekneftgaz» tomonidan 2025-yil 2-sentabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatgani e’lon qilingan. Prezident qarori bilan 2025-yil 1-dekabrdan boshlab aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 benzinini «zapravka»larda sotishning oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish belgilangan.
© FreePikO‘zbekistonda AI-80 benzini birja savdolariga chiqarildi. Energetika vazirligi bergan izohga ko‘ra, ushbu markadagi avtomobil yoqilg‘isi haydovchilarga sotilmaydi.
Aytilishicha, birja savdolariga chiqarilgan AI-80 markali benzin qayta ishlash korxonalarida xomashyo sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan. Ushbu mahsulotdan texnologik qayta ishlash orqali yuqori oktanli benzin va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish mumkin.
Savdo shartlariga ko‘ra, uni faqat tegishli litsenziyaga ega qayta ishlash korxonalari xarid qilishi mumkin.
«Mazkur savdolar AI-80 benzinining AYQSHlarda sotuvga qaytarilishini anglatmaydi. Uni avtomobillarga yoqilg‘i sifatida sotish bo‘yicha amaldagi cheklovlar saqlanadi», — deyiladi xabarda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov AI-92 benzinining tonnasi 15 million so‘mga qarab shishayotgan, metan taqchilligi sharoitida oshib borayotgan talabga qaramay taklifning o‘zgarmayotgani va narx oshishiga nisbatan regulyatorlik choralari qo‘llanilmayotgan bir vaziyatda AI-80-K2-L tipidagi benzin tonnasi 8 250,3 ming so‘mdan birja savdolariga qo‘yila boshlaganiga e’tibor qaratdi.
Savdoning alohida sharti sifatida «2026-yil 4-iyundagi topshiriqqa muvofiq, AI-80 avtobenzini mahsulot ishlab chiqarish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan korxonalarga xomashyo (komponent) sifatida sotiladi. Bitimning umumiy hajmidan 5 foizgacha bo‘lgan miqdorda yetkazib berilmaslik shartnoma shartlarini buzish hisoblanmaydi va jarima sanksiyalarini qo‘llash uchun asos bo‘lmaydi» talabi ko‘rsatilgan.
«Mazkur topshiriq hukumatdanmi, qaysidir vazirlikdanmi yoki Tabiat superqo‘mitasidanmi — noma’lum. Shuningdek, lotlarda sotuvchi nomi ham berkitilgan yoki to‘liq ko‘rsatilmagan — OZB.RES.IQTISODIYOT VA MOLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI (keyingi yozuvlar yo‘q, lekin Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi bo‘lishi mumkin) tarzida aks etgan», — deya yozdi Bakirov o‘z sahifasida.
2024-yilning boshida prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripovga AI-80 markali benzindan voz kechish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
O‘zbekiston prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi «O‘zbekiston-2030» strategiyasining «Atrofni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yilning oxirigacha AI-80 benzinidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Farmon loyihasida «Yevro-4» ekologik standartidan past bo‘lgan yoqilg‘ini to‘liq taqiqlash haqida so‘z boradi. Shuningdek, o‘tgan yilning oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan yoqilg‘i sifatida mazutdan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilgan edi, avariya va favqulodda vaziyatlar bundan mustasno.
«O‘zbekneftgaz» tomonidan 2025-yil 2-sentabrdan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatgani e’lon qilingan. Prezident qarori bilan 2025-yil 1-dekabrdan boshlab aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 benzinini «zapravka»larda sotishning oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish belgilangan.





