Logo

AQSH sudi Trampning xorijiy talabalarga qo‘ygan cheklovini bekor qildi

Kecha 14:052 daqiqa

AQSH federal sudi Tramp ma’muriyatining xorijiy talabalar mamlakatda qolish muddatini to‘rt yil bilan cheklash haqidagi qarorini noqonuniy deb topdi.

AQSH sudi Trampning xorijiy talabalarga qo‘ygan cheklovini bekor qildi © wikipedia

AQSH federal sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatining xorijiy talabalar va almashinuv dasturlari ishtirokchilarining mamlakatda qolish muddatini to‘rt yil bilan cheklash haqidagi qarorini qonunga zid deb topdi. Bu haqda 16-noyabr kuni Massachusets shtati federal okrug sudi sudyasi Dennis Saylor chiqargan qarorda ma’lum qilindi.

Sud hukmiga ko‘ra, Ichki xavfsizlik vazirligi (DHS) tomonidan joriy etilgan va F-1 hamda J-1 vizalariga taalluqli bo‘lgan yangi tartib bekor qilindi.

Endi bakalavriat, magistratura yoki doktorantura dasturlarida to‘rt yildan ko‘proq o‘qiydigan talabalar uchun muddatni uzaytirish bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’muriy to‘siqlar olib tashlanadi.

«O‘zboshimchalik va vakolatlarni suiiste’mol qilish»

Sudya Dennis Saylor Ichki xavfsizlik vazirligi qarorini «asossiz, o‘zboshimchalik bilan qabul qilingan va vakolatlarni suiiste’mol qilish» deb baholadi. Bu haqda sudyaning izohida qayd etilgan bo‘lib, unda AQSH Kongressi xorijiy talabalarga ta’lim olish imkoniyatini yaratishni ko‘zlagani, vazirlik esa ushbu dasturni cheklash uchun qonunda nazarda tutilmagan darajada keng vakolatga ega emasligi ta’kidlangan.

Tramp ma’muriyati tomonidan 2026-yil iyul oyida tasdiqlangan va 15-sentabrdan kuchga kirishi rejalashtirilgan qoidaga muvofiq, to‘rt yildan ortiq o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar muddatni uzaytirish uchun immigratsiya organlariga alohida murojaat qilishi kerak edi. Bunda uzaytirish avtomatik tarzda amalga oshirilmasdan, har bir ariza alohida ko‘rib chiqilishi belgilangandi. Hukumat ushbu cheklovni milliy xavfsizlikni ta’minlash va firibgarlikning oldini olish zarurati bilan izohlagan.

Avvalgi «Duration of Status» tizimida esa talabalar immigratsiya talablariga rioya qilgan holda, o‘qish muddati davomida mamlakatda qolishi mumkin bo‘lgan va uzaytirish masalasini universitetning tegishli mas’ullari orqali hal qilgan.

Oliy ta’lim tashkilotlari va mehnat uyushmalari yangi tartibga qarshi chiqib, cheklov ortiqcha byurokratik to‘siqlar yaratishini va xorijliklarning AQSHda o‘qishga bo‘lgan qiziqishini pasaytirishini bildirgan.

Talabalar oqimining qisqarishi

Mazkur sud qarori AQSHda xorijiy talabalar oqimi kamayib borayotgan bir vaqtda qabul qilindi.

Xalqaro ta’lim instituti (IIE) tomonidan 800 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 2026-yil kuzgi semestrida AQSH universitetlaridagi xalqaro talabalar soni 9 foizga, birinchi marta kelgan talabalar soni esa 15 foizga qisqarganligi ma’lum qilindi.

Universitetlar ushbu pasayishni viza rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklar, sayohat cheklovlari, ta’lim xarajatlarining oshishi va immigratsiya siyosatidagi noaniqliklar bilan izohlagan.

Shu bilan birga, sud qarori xorijiy talabalarga avtomatik ravishda viza berilishini yoki AQSHda istalgan muddat qolish huquqini anglatmaydi. Talabalar F-1 vizasi va immigratsiya maqomiga qo‘yilgan boshqa talablarni bajarishda davom etishi shart.

Teglar

Mavzuga oid