Muddatidan oldin pensiyaga chiqish uchun taqdimnomani endi onlayn rasmiylashtirish mumkin
Mazkur onlayn xizmatdan foydalanish bepul.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaTashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tugatilgani, shuningdek, xodimlar soni yoki shtati qisqargani sababli ishdan bo‘shatilgan fuqarolar uchun muddatidan oldin pensiyaga chiqish taqdimnomasini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn rasmiylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda portalning Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Ma’lumotga ko‘ra, mazkur onlayn xizmatdan foydalanish mutlaqo bepul bo‘lib, fuqarolar idorama-idora yurmasdan, arizani uydan chiqmay turib portalning tegishli sahifasi orqali yuborishlari mumkin.
Mazkur imkoniyatdan quyidagi toifadagi fuqarolar foydalanishi belgilangan:
• Erkaklar — 58 yoshdan 60 yoshgacha va kamida 25 yillik mehnat stajiga ega bo‘lganda;
• Ayollar — 53 yoshdan 55 yoshgacha va kamida 20 yillik mehnat stajiga ega bo‘lganda.
Xizmatdan foydalanish uchun mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq nusxasi talab etiladi. Agar fuqaroning mehnat staji ma’lumotlari to‘liq raqamlashtirilmagan bo‘lsa, mehnat daftarchasi nusxasini ham taqdim etish zarur.
Portal orqali yuborilgan ariza 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng ish qidiruvchi sifatida ro‘yxatga olingan fuqaro maqbul ish taklifini olish uchun 10 kun ichida bandlik bo‘limiga borishi lozim.
Agar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab 3 oy ichida fuqaroga maqbul ish topib berilmasa, u belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etiladi. Shundan keyin taqdimnoma rasmiylashtirilib, pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboriladi.





