Logo

Ish haqini istalgan kartaga olish imkoniyati, yana 4 ta bankka berilgan islomiy litsenziya va dehqon bozorlarini xususiylashtirish bo‘yicha izoh — 18-noyabr dayjesti

Kecha 22:305 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Ish haqini istalgan kartaga olish imkoniyati, yana 4 ta bankka berilgan islomiy litsenziya va dehqon bozorlarini xususiylashtirish bo‘yicha izoh — 18-noyabr dayjesti

Dehqon bozorlari xususiylashtiriladimi? Jamoatchilik savollariga javob berildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi dehqon bozorlarini boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish va modernizatsiyalash jarayonlari yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan savollarga rasmiy izoh berdi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, islohotlardan asosiy maqsad bozorlarni yopish yoki ularning an’anaviy faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish emas, balki infratuzilmani yangilash, sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishdir. Bunda «Ekobozor» va «Food City» kabi zamonaviy savdo majmualari tajribasi namuna sifatida ko‘rib chiqilmoqda hamda aholi uchun odatiy bo‘lgan savdo maydonlari o‘z o‘rnini saqlab qoladi.

Ta’kidlanishicha, bozorlarni xususiylashtirish ommaviy sotish shaklida emas, balki har bir obyektning ijtimoiy ahamiyati va iqtisodiy salohiyatini inobatga olgan holda manzilli va bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Har bir obyektni realizatsiya qilishdan avval uning holati va hujjatlarini chuqur o‘rganish, shuningdek, mahalliy aholi, tadbirkorlar va bozorning boshqa ishtirokchilari fikr-mulohazalarini olish majburiy shart etib belgilangan. Agentlik modernizatsiya jarayoni fuqarolarga qo‘shimcha noqulayliklar tug‘dirmasligini va sotuvchilarning mahsulot sotish imkoniyatlarini asossiz cheklamasligini qayd etdi.

«Davr Bank» nomini o‘zgartirdi

O‘zbekistondagi xususiy «Davr Bank»ning yuridik nomi rasman «ABB Davr Bank» aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirildi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu qaror joriy yilning 9-oktabrida bo‘lib o‘tgan aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qabul qilingan bo‘lib, unda bank ustavining yangi tahriri ham tasdiqlandi. Mazkur o‘zgarishlar 2026 yil sentabr oyida Ozarboyjonning «ABB» banki 140 million dollarga «Davr Bank» aksiyalarining 51 foizini sotib olganidan so‘ng boshlangan korporativ yangilanishlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi (oldi-sotdigacha bank asoschisi Lutfulla Ubayevning ulushi 46,9 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bitimdan keyin u 25,5 foizga tushdi). Shuningdek, bank kundalik faoliyatida «ABB Davr» tijorat belgisidan foydalanishi belgilandi.

Nazorat paketi Ozarboyjon bankiga o‘tgach, «Davr Bank»ning korporativ boshqaruv tizimi ham yangilandi: kuzatuv kengashining avvalgi besh nafar a’zosi, jumladan, Lutfulla Ubayevning vakolatlari muddatidan oldin tugatildi (Ubayev endi kengashda ovoz berish huquqisiz kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etadi). Yangi kuzatuv kengashi tarkibiga «ABB» boshqaruvi raisi o‘rinbosarlari Talex Taxirli va Agshin Amirov, hamda bir necha mustaqil a’zolar kiritildi. Ma’lumot o‘rnida, «Davr Bank» O‘zbekiston moliya bozorida 2001 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘zbekistonda moliyaviy muammoga uchragan banklarni saqlab qolish tartibi belgilandi

O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan Markaziy bankning moliyaviy muammoga uchragan banklarni sanatsiya qilish (saqlab qolish) tartibini belgilovchi nizomi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Unga ko‘ra, Markaziy bank boshqaruvi tomonidan qabul qilinadigan sanatsiya qarori asosida muammoli bankni saqlab qolishning uchta asosiy usuli qo‘llanilishi mumkin: bank aktivlari va majburiyatlarini boshqa bankka o‘tkazish, vaqtinchalik oraliq bank tashkil etish yoki bank kapitalining ayrim qismlari va majburiyatlarini hisobdan chiqarish hamda aksiyalarga aylantirish. Sanatsiya davrida aksiyadorlar, kuzatuv kengashi va bank boshqaruvining barcha vakolatlari Markaziy bankka o‘tadi va boshqaruv maxsus tayinlangan boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi, shuningdek, aktivlarni boshqa bankka o‘tkazishda aksiyador yoki omonatchilarning roziligi talab etilmaydi.

Nizomga asosan, sanatsiya vaqtida bank ko‘rgan zarar birinchi navbatda uning aksiyadorlari tomonidan (o‘z aksiyalari qiymati doirasida) qoplanadi, mablag‘ yetmagan taqdirda esa ayrim qarzlar hisobdan chiqariladi. Biroq, aholining kafolatlangan omonatlari, garov bilan ta’minlangan qarzlar, bank xodimlarining ish haqi va pensiyalari, soliqlar hamda to‘lov tizimlari bilan bog‘liq majburiyatlar hisobdan chiqarilmaydi va to‘liq saqlab qolinadi. Sanatsiya davomida majburiyatlari hisobdan chiqarilgan yoki aksiyalarga aylantirilgan bank bir oy ichida moliyaviy barqarorlikni tiklash rejasini ishlab chiqib Markaziy bankka taqdim etishi shart bo‘lib, zarur hollarda bu jarayonga hukumat bilan kelishilgan holda davlat budjeti mablag‘lari ham jalb qilinishi mumkin.

O‘zbekistonda yana 4 ta bankka islomiy bank litsenziyasi berildi

Markaziy bank boshqaruvining 2026 yil 18-noyabrdagi qarori bilan O‘zbekistondagi yana 4 ta tijorat banki — «Ipak yo‘li bank», «Asia Alliance Bank», «Orient Finans bank» va «Hayot Bank» islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘ldi. Mazkur litsenziyalar ushbu moliya muassasalariga amaldagi qonunchilik asosida islomiy moliya operatsiyalarini to‘laqonli amalga oshirish huquqini beradi. Ma’lumot o‘rnida, bunga qadar yana bir qancha banklar tomonidan ushbu yo‘nalishda xizmatlar yo‘lga qo‘yilishiga qiziqish bildirilgan edi va talablarga javob beradigan boshqa banklarga ham qo‘shimcha litsenziyalar berilishi mumkin.

Markaziy bank rahbariyatiga ko‘ra, islomiy moliyani rivojlantirishning navbatdagi bosqichi islomiy qimmatli qog‘ozlar, xususan, sukuk instrumenti uchun zarur huquqiy asoslarni yaratishdan iborat bo‘lib, buning uchun kapital bozori to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasi tayyorlangan. Bundan tashqari, tijorat banklariga «islomiy darcha»larni noldan ishlab chiqmasdan, yangi mahsulotlarni bozorga tezkor olib chiqish imkonini beruvchi Markaziy Osiyodagi yagona raqamli platformani ishga tushirish ham rejalashtirilmoqda.

Endi fuqarolar ish haqini o‘zlari tanlagan bank kartasiga olishi mumkin

Markaziy bank xodimlarga ish haqi, mukofot puli va boshqa to‘lovlarni ish beruvchiga xizmat ko‘rsatuvchi bankdan qat’i nazar, o‘zlari tanlagan bank kartasi yoki elektron hamyoniga olish imkonini beruvchi «Mablag‘larni taqsimlash markazi» tizimini joriy etmoqda. Yangi tizim shu vaqtgacha amalda bo‘lgan, xodimlarni tashkilotning «ish haqi loyihasi» yuritiladigan bankdan majburiy ravishda alohida karta ochish amaliyotini bekor qiladi. Tizimning dastlabki versiyasi xususiy sektor tashkilotlari va ularning xodimlariga mo‘ljallangan bo‘lib, mablag‘ tushiriladigan karta yoki elektron hamyon faqat xodimning o‘z nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi talab etiladi.

Jarayon qo‘shimcha byurokratiyasiz ishlaydi: xodim tizimda alohida ro‘yxatdan o‘tmasdan, o‘z rekvizitlarini buxgalteriyaga taqdim etishi kifoya va u istalgan vaqtda bankini o‘zgartirishi mumkin. Tashkilot barcha xodimlar uchun yagona to‘lov reyestrini o‘z banki orqali Markazga yuboradi, u yerda ma’lumotlar Markaziy bank bazasi orqali tekshirilib, yopiq tarmoq vositasida tegishli banklarga taqsimlanadi (rekvizitlarda xatolik aniqlansa, reyestr tuzatish uchun ortga qaytariladi). Prezidentning 2025 yil 27-noyabrdagi PQ–359-son qarori doirasida amaliyotga tatbiq etilayotgan mazkur tizim banklar o‘rtasida xizmat sifati bo‘yicha raqobatni kuchaytirish hamda tashkilotlarning shartnomaviy yukini qisqartirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid