2,4 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi bilan shug‘ullangan yashirin koll-markaz fosh etildi
Yashnobod tumanidagi xonadonlardan birida faoliyat yuritgan 10 kishidan iborat guruh Yevropa davlatlari fuqarolariga soxta hujjatlar tayyorlab berish hamda kriptoaktivlar bilan ishlashni o‘rgatish xizmatlarini taklif qilgan.
© Videodan kadrToshkentning Yashnobod tumanida qariyb 2 mlrd 432 mln so‘mlik kriptoaktivlar aylanmasi bilan noqonuniy shug‘ullangan yashirin onlayn koll-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi.
IIBB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Yashnobod tumanidagi «Xosiyatli» mahallasida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazgan. Natijada xonadonlardan birida 10 nafar fuqarodan iborat guruh onlayn koll-markaz tashkil etib, 203 134 USDT miqdoridagi kriptoaktivlar aylanmasi bilan qonunga xilof ravishda shug‘ullanib kelgani aniqlangan.
Firibgarlik sxemasi va ashyoviy dalillar
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, guruh a’zolari turli messenjerlar orqali Yevropa davlatlari fuqarolarining ishonchiga kirgan.
Ular soxta hujjatlar tayyorlash, treyding va kriptoaktivlar bo‘yicha ta’lim berishni taklif qilib, fuqarolarning kriptoaktivlarini aldov yo‘li bilan o‘z elektron hamyonlariga o‘tkazib, o‘zlashtirib kelganlikda gumonlanmoqda.
Tezkor tadbir davomida xonadondan 8 ta noutbuk, 58 ta telefon va 3 ta komputer ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Shuningdek, guruh a’zolari poytaxtda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan yashab kelgani ma’lum bo‘lgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278⁸-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

