Turkiya banklari O‘zbekistondagi banklarni xususiylashtirishda ishtirok etishi mumkin
O‘zbekistonda 33 yildan buyon faoliyat yuritayotgan banklardan birining faoliyati ijobiy baholandi. AT xizmatlari eksporti 5 mlrd dollarga yetkazilishi aytildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida Turkiyaning moliya institutlariga ham O‘zbekistonning bank sektoridagi islohotlar va xususiylashtirish jarayonlarida faol qatnashishni taklif qildi.
O‘zbekistonda 33 yildan buyon faoliyat yuritayotgan «Ziraat Bank»ning faoliyati ijobiy baholandi. Raqamli texnologiyalar va moliyaviy xizmatlar ushbu ikki mamlakat iqtisodiy sherikligining muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning yozishicha, O‘zbekistonda AT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. IT Park rezidentlari uchun joriy etilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda turk kompaniyalari bilan autsorsing, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
«Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz», — dedi prezident.
Maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya hajmi va belgilangan shartlarga qarab, 3 yildan 10 yilgacha soliq va bojxona imtiyozlari berilayotgani, yirik investorlarga tayyor ishlab chiqarish binolari, yer maydonlari va zarur muhandislik infratuzilmasi taqdim etilayotgani urg‘ulandi.
Davlat rahbari Toshkent viloyatida tashkil etilgan 100 gektarlik «Ostim» sanoat zonasini misol qilib ko‘rsatdi. Hozirda mazkur zonani kengaytirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Prezident ushbu ijobiy tajribani boshqa hududlarda ham kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
«Aminmanki, sizlar bilan birgalikda yanada yuksak natijalarga albatta erishamiz. Bu borada barchangizga ulkan yutuq va omadlar tilayman», — dedi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya O‘zbekistonga 11,6 mlrd dollar investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston prezidenti turk kompaniyalarini tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash va «yashil» energetikada yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga taklif qildi.





