Futbol «o‘lib», biznes g‘olib bo‘lmoqdami? FIFA 2030-yilgi mundialda ham o‘yinlarni reklama uchun to‘xtatishi mumkin
Futbolchilar salomatligini himoya qilish maqsadida joriy etilgan uch daqiqalik suv ichish tanaffuslar qisqa vaqt ichida telekompaniyalar uchun misli ko‘rilmagan daromad manbaiga aylandi. 2030-yilgi Jahon chempionatining translyatsiya huquqlari uchun kurash boshlangan bir paytda, ushbu amaliyotning taqdiri yana kun tartibiga chiqdi.
© Foto: bbcFutbol muxlislari uchun o‘yinning eng qiziq pallasida hakam hushtak chalib, uchrashuvni to‘xtatishi endi odatiy holga aylanishi mumkin. 2026-yilgi Jahon chempionatida ilk bor barcha o‘yinlarda majburiy qo‘llangan uch daqiqalik suv ichish tanaffuslari 2030-yilgi musobaqada ham saqlanib qolishi ehtimoli paydo bo‘ldi.
Britaniyaning «The Guardian» nashri e’lon qilgan surishtiruvga ko‘ra, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2030-yilgi Jahon chempionati televizion huquqlari bo‘yicha tender hujjatlarini tayyorlagan. Unda translyatsiya huquqini qo‘lga kirituvchi kompaniyalarga suv ichish tanaffuslari vaqtida reklama sotish imkoniyati nazarda tutilgan.
Bu tanaffuslar keyingi chempionatda ham qo‘llanishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq FIFA ularni 2030-yilgi musobaqada saqlab qolish bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilmaganini bildirgan. Federatsiya vakillarining ta’kidlashicha, tender hujjatlari barcha ehtimoliy variantlarni qamrab olish uchun tuzilgan.
2026-yilda futbol uchrashuvlari nima uchun to‘xtatila boshlandi?
Suv ichish tanaffuslari 2026 yilgi Jahon chempionatida birinchi marta barcha uchrashuvlar uchun majburiy tartibda joriy qilindi. FIFAning 2025 yil 7-dekabrdagi rasmiy e’loniga ko‘ra, har bir bo‘limning 22-daqiqasida hakam o‘yinni to‘xtatib, futbolchilarga uch daqiqa dam olish va suv ichish imkoniyatini berishi belgilangan edi.
Bu tartib ob-havo sharoitiga bog‘liq bo‘lmagan. Ya’ni o‘yin qaysi mamlakatda, qanday haroratda yoki yopiq tomli stadionda o‘tkazilishidan qat’i nazar, tanaffuslar barcha 104 ta uchrashuvda qo‘llangan. FIFA bu qarorni futbolchilar salomatligini himoya qilish va barcha jamoalar uchun teng sharoit yaratish zarurati bilan izohlagan.
Bunday tanaffuslarning joriy etilishiga 2025-yilda AQSHda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida kuzatilgan jazirama ham turtki bo‘lgan. «The Guardian» ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha musobaqada o‘yinlarning qariyb 60 foizida issiqlik tufayli to‘xtalishlar kuzatilgan. 2026-yilgi Jahon chempionatida esa 104 ta uchrashuvning 31 tasi iqlim nazorat qilinadigan stadionlarda o‘tkazilganiga qaramay, suv ichish tanaffuslari barcha o‘yinlarga tatbiq etildi.
Futbolchilar salomatligi yoki teletranslyatsiyalardan qo‘shimcha daromad?
Suv ichish tanaffuslari atrofidagi asosiy bahs shundaki, ular futbolchilar uchun zarur tibbiy chora bo‘lish bilan birga, telekompaniyalarga qo‘shimcha reklama vaqti ham yaratib berdi. 2026-yilgi musobaqada har bir o‘yinda ikki marta uch daqiqadan tanaffus berildi. Natijada translyatsiya davomida jami olti daqiqa qo‘shimcha reklama joylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ayniqsa, AQSHdagi translyatsiya huquqini sotib olgan «Fox Sports» bu imkoniyatdan faol foydalandi. Kompaniya futbolchilar suv ichib, murabbiylar ko‘rsatma berayotgan vaqtda to‘liq ekranli reklamalarni efirga uzatdi.
Bunday amaliyot muxlislarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Masalan, Meksika va Janubiy Afrika o‘rtasidagi uchrashuvda hakam goldan keyin suv ichish tanaffusini e’lon qildi. «Fox Sports» reklamani uzatayotgan paytda o‘yin qayta boshlandi va translyatsiya tiklanganida tomoshabinlar o‘yinning taxminan 10 soniyasini o‘tkazib yuborgan edi.
FIFA telekompaniyalardan o‘yin qayta boshlanishidan 30 soniya oldin efirga qaytishni so‘ragan. AQSHda ispan tilidagi huquqlarni olgan «Telemundo» esa tanaffuslar vaqtida to‘liq ekranli reklamaga o‘tish o‘rniga studiyaga qaytgan. Bu holat suv ichish tanaffuslari nafaqat sportchilar, balki translyatsiya huquqini sotib olgan kompaniyalar uchun ham yirik tijoriy imkoniyatga aylanganini ko‘rsatdi.
Reklama orqali qancha pul ishlash mumkin?
Suv ichish tanaffuslarining tijoriy qiymati 2026-yilgi musobaqada yaqqol namoyon bo‘ldi. «Sports Business Journal» 2026 yil 23-iyunda «The Hollywood Reporter» ma’lumotlariga tayanib e’lon qilgan tahlilda, «Fox Sports» faqat shu tanaffuslardagi reklamalardan kamida 250 mln dollar daromad olishi mumkinligi bildirilgan. Boshqa hisob-kitoblarda bu summa 500–600 mln dollargacha baholangan.
Tahlilda bir uchrashuv davomidagi olti daqiqalik tanaffuslar uchun reklama narxi 2,5–9 mln dollar oralig‘ida ko‘rsatilgan. 30 soniyalik reklama roligining narxi esa o‘yin ishtirokchilari va musobaqa bosqichiga qarab 200 ming dollardan 750 ming dollargacha yetgan.
Shu bilan birga, «Guideline» ma’lumotlariga ko‘ra, «Fox»ning 2026 yilgi Jahon chempionatidagi umumiy reklama tushumi 835 mln dollarni tashkil etgan. Bu kompaniya FIFAga televizion huquqlar uchun to‘lagan 485 mln dollardan qariyb ikki baravar ko‘p. «Fox» va «Telemundo»ning birgalikdagi reklama tushumi esa 1,19 mlrd dollarga yetgan — bu 2022 yilda Qatarda o‘tkazilgan chempionatga nisbatan qariyb uch baravar yuqori.
Muhim jihati shundaki, 835 mln va 1,19 mlrd dollarlik raqamlar faqat suv ichish tanaffuslaridan tushgan pul emas, balki turnir davomidagi umumiy reklama daromadlaridir.
2030-yilgi chempionatda televizion huquqlar uchun raqobat kuchayadi
Suv ichish tanaffuslarining 2030-yilda ham saqlanishi ehtimoli FIFAning televizion huquqlarni sotish rejalari bilan bevosita bog‘liq.
2030-yilgi Jahon chempionati Marokash, Ispaniya va Portugaliyada o‘tkaziladi. Musobaqaning 100 yilligi munosabati bilan Argentina, Paragvay va Urugvayda ham uchta yubiley uchrashuvi tashkil etiladi. Jami 104 ta o‘yin rejalashtirilgan.
FIFA 2026-yil 22-oktabrda AQSH va Puerto-Riko bozorida 2030 va 2034 yilgi Jahon chempionatlari uchun televizion huquqlar tenderini ochdi. Takliflarni qabul qilishning birinchi bosqichi 19-noyabrda yakunlanadi.
«The Guardian» ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bozorida 2030-yilgi chempionatning televizion huquqlari 1,5–2 mlrd dollarga baholanishi mumkin. Nashr manbalariga ko‘ra, tenderga «Netflix», «Apple TV», «Disney», «Amazon», «YouTube», «DAZN», «Fox», «ESPN» va «NBC Universal» kabi yirik kompaniyalar qiziqish bildirgan.
Yana bir muhim o‘zgarish — FIFA AQSH bozorida ingliz va ispan tillaridagi translyatsiya huquqlarini ilk bor birgalikda taklif qilmoqda. Bu bitta kompaniyaga har ikki tildagi huquqlarni eksklyuziv sotib olish imkonini beradi. 2026 yilgi chempionatda esa huquqlar alohida sotilgan edi: «Fox Sports» ingliz tilidagi translyatsiyalar uchun 485 mln dollar, «NBC Universal» tarkibidagi «Telemundo» esa ispan tilidagi translyatsiyalar uchun 600 mln dollar to‘lagan.
Ispaniyada esa 2030-yilgi chempionatning barcha 104 ta uchrashuvini translyatsiya qilish huquqini «Netflix» qo‘lga kiritdi. Bu kelishuv 2026-yil 13-oktabrda e’lon qilindi. Kompaniya Andorra bozorida ham eksklyuziv huquqlarga ega bo‘ladi. Biroq Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakat terma jamoasining barcha o‘yinlari, yarim finallar, final va har bir o‘yin kunida kamida bitta uchrashuv bepul telekanalda ham namoyish etilishi shart. Shu sababli «Netflix» mahalliy bepul telekanal bilan hamkorlik qilishi kerak bo‘ladi. Bu kelishuv sport translyatsiyalari bozorida striming platformalarining mavqei tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
FIFA reklama daromadidan ulush oladimi?
2026-yilgi chempionatda suv ichish tanaffuslari vaqtidagi reklamalardan FIFA bevosita daromad olmagan — mablag‘lar translyatsiya huquqini sotib olgan telekompaniyalarga tushgan.
Biroq 2030-yilgi chempionatda vaziyat o‘zgarishi mumkin. «The Guardian» tahliliga ko‘ra, FIFA yangi tenderda reklama imkoniyatini inobatga olib, televizion huquqlar narxini oshirishga urinishi ehtimoldan xoli emas. Hatto tashkilot reklama daromadlaridan o‘z ulushini olishni ham ko‘zlashi mumkin. Ammo bu hozircha jurnalistik taxmin bo‘lib, bunday tartib rasman e’lon qilinmagan.





