O‘zbekiston va O‘mon «UzOman» qo‘shma kompaniyasining ustav kapitalini 500 mln dollargacha oshiradi
Ikki davlat rahbarlari strategik sheriklik o‘rnatish va investitsiya mablag‘larini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston va O‘mon davlatlari «UzOman» qo‘shma investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki barobarga oshirib, 500 mln dollarga yetkazish, shuningdek, O‘mon mablag‘lari ishtirokidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamg‘armasi faoliyatini tez fursatlarda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida Masqat shahridagi «Al-A’lam» saroyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida ma’lum qilindi.
Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, dastlab tor doirada, so‘ngra rasmiy delegatsiyalar ishtirokida o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi barqaror o‘sayotgani qayd etilgan.
Oliy darajadagi tashrif arafasida Masqatda Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishi hamda qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar o‘tkazilgani, joriy yilning iyul oyidan boshlab poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlangan.
30 dan ortiq hujjat va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari
Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasida 30 dan ziyod ikki tomonlama hujjat almashildi. Eng asosiy hujjat — Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi. Shuningdek, o‘zaro vizadan ozod qilish, sanoat kooperatsiyasi, moliya va iqtisodiyot, imtiyozli savdo, erkin iqtisodiy zonalar, bojxona, transport-logistika, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid kelishuvlar imzolandi.
Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
— Savdo va investitsiya;
— Transport va logistika;
— Energetika va elektrotexnika;
— Kimyo va tog‘-kon sanoati;
— Shaharsozlik va turizm;
— Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi;
— Kosmik tadqiqotlar va raqamlashtirish.
Kelishuvlar ijrosini ta’minlash maqsadida tomonlar qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish va Muvofiqlashtiruvchi kengash mexanizmini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish doirasida madaniyat va san’at haftaliklari hamda yoshlar forumini tashkil etish, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish taklif qilindi.
Xalqaro maydonda esa BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati va «Ko‘rfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo» formati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultonini davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etdi.
Ma’lumot uchun, «UzOman» — O‘zbekiston va Ummon Sultonligi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan yirik qo‘shma investitsiya kompaniyasi. Uning ta’sischilari Ummon investitsiya boshqarmasi (75 foiz ulush) va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (25 foiz ulush) hisoblanadi.
Mazkur kompaniya O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya kiritgan yirik xorijiy investorlardan biri bo‘lib, uning portfelidan Toshkentdagi «Samarqand Darvoza», «Compass» va «Riviera» savdo-ko‘ngilochar markazlari, «UzOman Tower» biznes majmuasi, Chuqursoy logistika markazi (quruq port), shuningdek, Toshkentdagi Amerika texnologiyalar universiteti (AUT) kabi yirik loyihalar o‘rin olgan. Ibelgilandi.





