Markaziy Osiyo sun’iy intellekt markaziga aylanmoqchi: katta rejalar hamda elektr va suv muammosi
Mintaqa davlatlari sun’iy intellekt uchun yirik ma’lumotlar markazlarini qurishga kirishdi. Biroq bu loyihalarning ishlashi uchun zarur elektr energiyasi va suv ta’minoti jiddiy sinovga aylanishi mumkin.
© Foto: googleSun’iy intellektning (SI) rivojlanishi endi faqat dasturiy ta’minot yoki texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi raqobatdan iborat emas. Bu jarayon ortida ulkan hisoblash quvvatlari, yirik serverlar, ma’lumotlar markazlari va, eng muhimi, barqaror elektr ta’minotiga bo‘lgan ehtiyoj turibdi.
Shu sababli dunyo mamlakatlari SI texnologiyalarini rivojlantirish bilan cheklanib qolmayapti. Ular bu tizimlarni ishlatish uchun zarur infratuzilmani yaratishga ham jiddiy kirishgan. Markaziy Osiyo davlatlari esa bu jarayondan chetda qolmoqchi emas.
Masalan, Qozog‘iston yirik ma’lumotlar markazlari majmuasini qurmoqchi. O‘zbekiston esa Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun maxsus investitsiya sharoitlarini yaratmoqda. Tojikiston «NVIDIA» kompaniyasi ko‘magida SI innovatsiya markazini tashkil etishga kirishdi. Qirg‘iziston ham qarab turgani yo‘q: yaqinda Norin viloyatida ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va SI hisoblash quvvatlarini o‘z ichiga oluvchi sanoat parkini qurish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Bu loyihalarning o‘xshash jihati shundaki, ularning barchasi juda ko‘p elektr energiyasi va kuchli texnologik infratuzilmani talab qiladi. Qolaversa, mintaqada suv resurslarining cheklangani ham data-markazlar qurilishidagi eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
Qozog‘istonda 1 GVt quvvatli ma’lumotlar markazlari majmuasi
Markaziy Osiyodagi eng yirik SI infratuzilmasi loyihalaridan biri Qozog‘istonning Pavlodar viloyati, Ekibastuz shahrida amalga oshirilmoqda. «Data Center Valley» deb nomlangan ushbu loyiha mamlakatni mintaqaviy hisoblash quvvatlari markaziga aylantirishni maqsad qilgan.
2026 yil 30-aprel kuni Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi, «Kazakhtelecom» hamda Abu-Dabining «Aleria» kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, majmuaning rejalashtirilgan energiya quvvati 1 GVt.gacha yetishi ko‘zda tutilgan.
Keyinchalik loyihaga boshqa investorlar ham qiziqish bildira boshladi. Masalan, 2026 yilning avgust oyida «KAZAKH INVEST» Singapurning «Energy Capital Global» kompaniyasi bilan Ekibastuzda SI ma’lumotlar markazini qurish masalasini muhokama qildi. Singapurliklar loyihaning birinchi bosqichida taxminan 100 MVt IT yuklamasini ta’minlashni rejalashtirmoqda. Kelajakda esa bu quvvatni 1 GVt.gacha oshirish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti.
Loyihaning qurilish bosqichlari qanday?
Qozog‘iston hukumati 6-noyabr kuni «Data Center Valley» loyihasining holati haqida yangi ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda umumiy quvvati 304 MVt bo‘lgan uchta ma’lumotlar markazi quriladi.
Ma’lumotlar markazi | Rejalashtirilgan quvvat | Ishga tushirish muddati |
Birinchi markaz | 68 MVt | 2027 yil II chorak |
«Firebird AI» | 164 MVt | 2027 yil III chorak |
Uchinchi markaz | 72 MVt | 2027 yil IV chorak |
Jami | 304 MVt | 2027 yil |
Hukumat xabariga ko‘ra, 68 MVt quvvatli dastlabki markaz qurilishida tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Hozirda poydevor va infratuzilma obyektlarini qurish boshlandi. «Firebird AI» markazida esa poydevor uchun chuqur (kotlovan) qazish ishlarining 70 foizi bajarilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida ham muhim qadamlar tashlangan. Xususan, «Gaw Capital», «Boosteroid» va «Firebird» kompaniyalari bilan 480 MVt hisoblash quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan. Kelajakda bu quvvatni 620 MVt.gacha kengaytirish imkoniyati ham o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, «Aleria», «Energy Capital Global» va «China Energy» bilan yana 240 MVt quvvat bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.
Hukumat rejasiga ko‘ra, 2029 yilga borib «Data Center Valley» majmuasining umumiy quvvati 1 GVt.ga yetkazilishi shart.
Ushbu loyihada «NVIDIA» texnologiyalari ham juda muhim o‘rin tutadi. Kompaniyaning 22-oktabrdagi rasmiy blogida yozilishicha, «Firebird»ning Qozog‘istondagi loyihasi uchun 45 mingta «NVIDIA Grace Blackwell» grafik protsessoriga AQSH eksport litsenziyasi olingan. Markazning birinchi bosqichi «Kazakhtelecom» bilan hamkorlikda qurilmoqda. Uni 2027 yilning uchinchi choragida tijoriy foydalanishga topshirish maqsad qilingan.
«NVIDIA» asoschisi Jensen Xuangning 2026 yil oktabr oyida Ostonaga qilgan tashrifi ham mamlakatning SI infratuzilmasini rivojlantirish rejalari bilan uzviy bog‘liq. Xuang o‘z nutqida Qozog‘iston ulkan tabiiy va energetik resurslarga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u mamlakat shunchaki elektr energiyasini emas, balki tayyor hisoblash quvvatlarini eksport qilish imkoniyatiga egaligini alohida qayd etdi.
Loyiha Qozog‘istonga qancha daromad keltirishi mumkin?
Qozog‘iston hukumatining ma’lum qilishicha, «KPMG» xalqaro konsalting kompaniyasi ushbu loyihaning iqtisodiy samaradorligini hisoblab chiqqan. Unga ko‘ra, «Data Center Valley» loyihasi kelajakda yiliga 3,1 mlrd dollar eksport tushumini keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, ma’lumotlar markazlarining 20 yillik faoliyati davomida mamlakat iqtisodiyotiga jami 115 mlrd dollarlik investitsiya kirishi kutilmoqda.
Qoraqalpog‘istonda SI infratuzilmasi uchun maxsus sharoit
Markaziy Osiyodagi texnologik infratuzilma poygasida O‘zbekiston ham o‘z o‘rnini egallashga qattiq kirishgan. Mamlakat 2030 yilgacha sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 1 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Prezidentning 2025 yil 22-oktabrdagi PF-189-son farmoni bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat bilan Qoraqalpog‘istonda qiymati 100 mln dollardan oshadigan SI infratuzilmasi loyihalari uchun maxsus imtiyozlar paketi tasdiqlangan.
Farmonga muvofiq, bunday yirik loyihalar uchun bir qator qulayliklar yaratiladi. Xususan, qurilish-montaj ishlarini tezlashtirilgan tartibda amalga oshirishga ruxsat beriladi. Qolaversa, xorijiy pudratchilar va uskuna yetkazib beruvchilarga to‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, O‘zbekistondagi bank hisobraqamlarini aralashtirmasdan o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shuningdek, 2030 yil 1-yanvargacha server va hisoblash qurilmalari hamda sovutish uskunalarini import qilishda bojxona bojidan ozod etish nazarda tutilgan. Data-markazlar uchun esa elektr energiyasi tarifi QQSsiz 1 kVt/soat uchun 5 sent etib belgilandi.
2026 yil 17-iyunda bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi maxsus zona uchun qo‘shimcha sharoitlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, ushbu hududdagi investorlar 2040 yilgacha barcha turdagi soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Eng muhimi, yo‘l, elektr energiyasi va suv infratuzilmasi to‘liq davlat hisobidan qurib beriladi.
Prezident o‘z nutqida ma’lumotlar markazlari uchun 1 kVt/soat elektr energiyasiga 5 sentlik imtiyozli tarif belgilanganini yana bir bor ta’kidladi. Bu tartibning alohida texnik va moliyaviy shartlari esa yuqorida tilga olingan PF-189-son farmon ilovasida batafsil ko‘rsatilgan.
Toshkentda ham yirik data-markaz qurilmoqda
O‘zbekistondagi yana bir yirik loyiha Saudiya Arabistonining «DataVolt» kompaniyasi nomi bilan bog‘liq. Ushbu kompaniya Toshkentdagi «IT Park» hududida sun’iy intellekt hisoblashlariga mo‘ljallangan «TAS-1» ma’lumotlar markazini qurmoqda.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi bu bo‘yicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi 12 MVt IT yuklamasini ta’minlashga mo‘ljallangan. «DataVolt» bu markazni qurish va undan uzoq muddat foydalanish maqsadida taraqqiyot moliya institutlaridan 150 mln dollargacha mablag‘ jalb qilgan.
Mazkur loyiha bulutli hisoblash, sun’iy intellekt, ma’lumotlarni mahalliylashtirish va yuqori zichlikdagi raqamli xizmatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Agentlik xabarida markazda energiya va suv sarfini keskin tejaydigan zamonaviy sovutish texnologiyalaridan foydalanilishi alohida qayd etilgan.
Tojikiston va Qirg‘iziston ham poygaga qo‘shilmoqda
Mintaqada SI texnologiyalarini joriy qilish faqat Qozog‘iston yoki O‘zbekiston bilan cheklanib qolmayapti.
Tojikiston 2026 yil 21-oktabrda Dushanbe shahrida «Area AI» platformasi negizida SI innovatsiya markazi tashkil etilishini e’lon qildi. Bu tashabbus bevosita «NVIDIA» ko‘magida amalga oshirilmoqda. Markazning rasmiy taqdimoti Berlinda bo‘lib o‘tgan «NVIDIA GTC Berlin 2026» konferensiyasi doirasida o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda «NVIDIA»ning «Global AI Nations» dasturi direktori Shilpa Kolxatkar hamda bir qator xalqaro texnologik gigantlar vakillari ishtirok etdi. Ular orasida «Armada», «VEON», «DataVolt», «Perplexity» va «Supermicro» kabi kompaniyalar bor edi.
Tojikiston elchixonasi ushbu tashabbusni Markaziy Osiyodagi birinchi SI innovatsiya markazi sifatida taqdim etdi. Biroq e’lon qilingan rasmiy relizlarda loyihaning hisoblash quvvati yoki investitsiya qiymati ochiqlanmagan.
Qirg‘iziston esa 7-noyabr kuni «StarOcean Investment» kompaniyasi bilan investitsiya kelishuvini imzoladi. Unga ko‘ra, Norin viloyatida energiyani ko‘p talab qiladigan, ammo past uglerodli sanoat parki tashkil etiladi.
Qirg‘iziston Milliy investitsiya agentligi ma’lumotlariga qaraganda, loyiha «Norin» erkin iqtisodiy zonasidagi 200 gektar maydonni egallaydi. Sanoat parkida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, transchegaraviy energetika infratuzilmasi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va SI uchun hisoblash quvvatlarini joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha hududida bevosita davlat ehtiyojlari uchun xizmat qiladigan alohida ma’lumotlarni qayta ishlash markazini qurish ham rejalashtirilgan. Bu markaz davlat axborot resurslarini xavfsiz saqlash, raqamli xizmatlarni rivojlantirish va yuqori samarali hisoblash tizimlaridan foydalanishga xizmat qiladi.
SI markazlarining eng katta muammosi — elektr energiyasi
Ma’lumotlar markazini uzluksiz ishlatish uchun juda katta hajmda elektr energiyasi talab etiladi. Ayniqsa, sun’iy intellekt modellarini o‘qitish va ulardan foydalanishga mo‘ljallangan serverlar oddiy markazlarga qaraganda bir necha barobar ko‘proq quvvat sarflaydi.
Xalqaro energetika agentligining 2025 yilda e’lon qilingan «Energy and AI» hisobotida bunga doir qiziqarli raqamlar keltirilgan. Unga ko‘ra, dunyodagi data-markazlar 2024 yilda jami 415 TVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilgan. Bu butun dunyo bo‘yicha global elektr iste’molining taxminan 1,5 foizini tashkil etadi.
Agentlikning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga borib ma’lumotlar markazlarining elektrga bo‘lgan talabi 945 TVt/soatgacha ko‘tarilishi mumkin. Bu esa 2024 yildagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘p deganidir.
Hisobotta ta’kidlanishicha, SI uchun mo‘ljallangan odatiy data-markazning elektr iste’moli o‘rtacha 100 mingta xonadonning iste’moliga teng bo‘ladi. Qurilayotgan eng yirik gigant markazlarda esa bu ko‘rsatkich yana 20 barobar yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Bunday energiya taqchilligi xavfi Qozog‘iston misolida ayniqsa dolzarbdir. «KEGOC» milliy elektr tarmoqlari kompaniyasining 2025 yil yakunlari bo‘yicha hisobotida mamlakatda 123,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgani qayd etilgan. Ammo shu davrdagi iste’mol 124,6 mlrd kVt/soatni tashkil etgan. Ya’ni, real iste’mol ishlab chiqarish hajmidan qariyb 1,5 mlrd kVt/soatga oshib ketgan.
Suv resurslari masalasi ham ochiq qolmoqda
Data-markazlarning sovutish tizimlari orqali juda katta miqdorda suv resurslarini ham talab qiladi. Ishlab turgan serverlar o‘zidan katta hajmdagi issiqlik chiqaradi. Ularni belgilangan me’yoriy haroratda ushlab turish uchun esa uzluksiz sovutish texnologiyalari ishlatilishi shart.
BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) Markaziy Osiyoda data-markazlarning rivojlanishi ortidan kelib chiqadigan suv va energiya sarfini maxsus o‘rganib chiqdi. Tashkilotning ta’kidlashicha, mintaqada shundoq ham suv tanqisligi va quruq iqlim sharoiti hukmron. Bunday vaziyatda yangi quriladigan ma’lumotlar markazlari qishloq xo‘jaligi, energetika va aholining ichimlik suvi ehtiyojlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri resurslar raqobatiga kirishib ketishi mumkin.
UNECE hisob-kitoblariga ko‘ra, an’anaviy bug‘latish orqali sovutish tizimidan foydalanadigan 1 MVt quvvatli data-markaz yiliga o‘rtacha 25,5 mln litr suv sarflaydi.
Shuningdek, tashkilot yana bir muhim jihatga e’tibor qaratmoqda. Ma’lumotlar markazining suv sarfi faqatgina sovutish jarayonida ishlatilgan suv bilan cheklanmaydi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayonining o‘zida sarflanadigan suv ham umumiy ko‘rsatkichni oshirib yuboradi. UNECE ma’lumotlariga qaraganda, ayrim holatlarda bunday bilvosita iste’mol umumiy suv sarfining 60 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etishi hech gap emas.
Shu bois, tashkilot Markaziy Osiyo davlatlariga data-markazlarning suv iste’moli bo‘yicha majburiy hisobot tizimini joriy etishni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, bunday obyektlarni qurishda hududning suv ta’minoti imkoniyatlarini oldindan hisobga olish va suvni kam talab qiladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga ustuvorlik berish so‘ralgan.





