Tadbirkorlarga mahsulot yorliqlarini yangi alifboga o‘tkazish uchun bir yil vaqt berilishi mumkin
O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari uchun mahsulot qadoqlarini takomillashtirilgan alifboga bosqichma-bosqich o‘tkazish muddatlarini belgilash, shuningdek, banklar, to‘lov tashkilotlari va elektron tijorat platformalari interfeyslarini yangi alifboga moslashtirish rejalashtirilmoqda.
© Sun'iy intelektO‘zbekistonda tadbirkorlarga mahsulot qadoqlari va yorliqlarini takomillashtirilgan o‘zbek alifbosiga o‘tkazish uchun 2028 yil 22-aprelgacha muhlat berish, bankomatlar, to‘lov ilovalari va elektron tijorat platformalarini esa yangi alifboga moslashtirish taklif etilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlarni jamiyatning barcha sohalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasida ma’lum qilindi.
Hujjat loyihasi 2026 yil 21-oktabrdagi O‘RQ–1184-son Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Ushbu qonun bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi 4 ta harf «O‘ o‘ – Ö ö», «G‘ g‘ – Ğ ğ», «Sh sh – Ş ş», «Ch ch – Ç ç» tarzida o‘zgartirilgan.
Chora-tadbirlar dasturi loyihasiga ko‘ra, mahsulotlarning yorliqlari va qadoqlash materiallarini takomillashtirilgan o‘zbek alifbosi hamda imlo qoidalari asosida tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilmoqda:
— 2027 yil 22-apreldan 2028 yil 22-aprelgacha (12 oy) mahsulot qadoqlari va yorliqlarida amaldagi va yangi alifbodan parallel foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. Ushbu davrda tadbirkorlar dizayn va bosma qoliplarni bosqichma-bosqich yangilaydi;
— 2028 yil 22-apreldan boshlab yangi buyurtma asosida chop etiladigan qadoqlar va yorliqlarda yangi alifbodan foydalanishni majburiy etib belgilash taklif etilmoqda;
— 2029 yil 22-aprelgacha avvalgi alifboda chop etilgan qadoqlash materiallarining mavjud zaxiralaridan foydalanishga ruxsat berish, ushbu davrgacha qonuniy tamg‘alangan mahsulotlarning savdosini esa yaroqlilik muddati tugaguniga qadar davom ettirish imkoniyatini nazarda tutish ko‘zda tutilmoqda.
Bank, soliq tizimlari va elektron tijoratga qo‘yiladigan talablar
Loyihada qonun kuchga kirgunga qadar Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari tomonidan elektron hisobotlar, rasmiy blanklar, bildirishnomalar, shuningdek, dasturiy ta’minotlar, mobil ilovalar, bankomatlar va terminallardagi o‘zbekcha matnlarni takomillashtirilgan alifbo va imlo qoidalariga moslashtirish belgilanmoqda.
Qonun kuchga kirgan sanadan boshlab esa elektron savdo platformalari, buyurtmalar agregatorlari, raqamli striming xizmati operatorlari, elektron kataloglar, mahsulot tavsiflari va xizmat ko‘rsatish platformalarining takomillashtirilgan o‘zbek alifbosida faoliyat yuritishini ta’minlash taklif etilmoqda. 2026–2027 yillarda tadbirkorlik subyektlari uchun seminarlar tashkil etish va elektron qo‘llanmalar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, qaror loyihasida biznes va moliya sektori uchun qator istisnolar ko‘zda tutilgan. Xususan, tovar belgilari, firma nomlari, xorijiy shaxslar va tashkilotlarning nomlari asl shaklida berilishi mumkin.
Domen nomlari, elektron pochta manzillari, foydalanuvchi nomlari, loginlar, hisobvaraq va shartnoma raqamlari hamda boshqa noyob texnik yoki hisob identifikatorlari alifbodagi o‘zgarishlar sababli majburiy ravishda almashtirilmaydi va qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Milliy valuta va qimmatli qog‘ozlarda harflarning avvalgi shakli mavjud bo‘lishi ham ularning amal qilishiga monelik qilmaydi.
Ma’lumot uchun, o‘zbek tilining lotin yozuviga o‘tishi 1993 yilda boshlangan va 1995 yilda alifbo sezilarli o‘zgartirilgan. Alifboni yangilash to‘g‘risidagi amaldagi qonun 2026 yil 7-iyulda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 10-sentabrda Senat tomonidan ma’qullangan va 21-oktabrda prezident tomonidan imzolangan.





