add

Farg‘onada fuqaro ekstremistik targ‘ibot uchun 6 yilga qamaldi

04.08.2025 | 10:0024563

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs internet orqali aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilib, Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilot vakili bilan aloqa o‘rnatgani uchun sud tomonidan 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Farg‘onada fuqaro ekstremistik targ‘ibot uchun 6 yilga qamaldi
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro 2021 yildan boshlab internet orqali ekstremistik g‘oyalarni tarqatib kelgan. U Telegram messenjerida maxsus kanal ochib, unda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni e’lon qilgan va uning 9 nafar obunachisiga muntazam ravishda tarqatgan. Bundan tashqari, u Instagram orqali Suriyada faoliyat olib borayotgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkilotining instruktori va media targ‘ibotchisi bilan bog‘langan. Ushbu shaxsning ta’sirida jihodga borish tartibi va tayyorgarlik jarayonlari haqida audio va yozma xabarlar orqali muloqot qilgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, ayblanuvchi yaqin tanishlari va sobiq sinfdoshlari orasida «jamoat» tuzib, ularni ham Suriyaga «hijrat» qilib, terrorchi guruhlar safiga qo‘shilishga chaqirgan. Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida uning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Furqat tuman sudi hukmiga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244¹-moddasi 3-qismi «g» bandi va 244²-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha aybdor deb topilib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Teglar

Mavzuga oid