Ilk IPO'sini o‘tkazgan «UzNIF» 417 milliard so‘m zarar ko‘rdi
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi 2026 yilning birinchi choragida 417,4 milliard so‘m sof zarar qayd etdi. Mutaxassislar fikricha, bu yo‘qotish fond biznesi yomonlashgani yoki real pul yo‘qotishlarini anglatmaydi.
© UzNIFO‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 2026 yilning birinchi choragi bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi. Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tayyorlangan ma’lumotlarga ko‘ra, fond hisobot davrini 417,4 milliard so‘m sof zarar bilan yakunlagan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil yakunlari bilan solishtirilganda keskin farq qiladi. Xususan, 2025 yil yakunida fond 1,4 trillion so‘m sof foyda qayd etgan edi. Birinchi chorakda esa operatsion zarar 520 milliard so‘mdan oshdi.
Aksiyalar qiymati ta’siri
Hisobotda qayd etilishicha, zararning asosiy qismi aksiyalarga kiritilgan investitsiyalar bo‘yicha adolatli qiymat o‘zgarishi bilan bog‘liq. Foyda yoki zarar orqali adolatli qiymatda hisobga olinadigan investitsiyalar bo‘yicha sof realizatsiya qilinmagan zarar 520,7 milliard so‘mni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich fond portfelidagi aksiyalar bozor qiymatining pasayganini anglatadi. Biroq mazkur zarar real emas, ya’ni aksiyalar sotilmagan va mablag‘lar chiqib ketmagan. U faqat hisobot davridagi bozor baholari o‘zgarishi natijasida shakllangan.
Shu bois mazkur natija fond aktivlarining joriy bozor qiymatiga bog‘liq bo‘lib, kelgusi davrlarda bozor kon’yunkturasiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Shu bilan birga, KAP DEPO rahbari Farrux Xodjayev mazkur moliyaviy natijalar investorlar tomonidan to‘g‘ri talqin qilinishi kerakligini ta’kidladi.
Uning fikricha, birinchi chorakda qayd etilgan 417 milliard so‘mlik zarar sarlavhalarda xavotirli ko‘rinishi mumkin.
«Hozir bozor uchun eng muhim vazifa — fondning moliyaviy hisobotlarini to‘g‘ri talqin qilish va aktivlar qiymatining buxgalteriya bahosi o‘zgarishini operatsion muammolar bilan aralashtirmaslikdir», — deydi u.
Xodjayevning ta’kidlashicha, manfiy natijaning katta qismi investitsiya portfeli qiymatining qayta baholanishi hamda aktivlar almashinuvi operatsiyalari bilan bog‘liq. Ya’ni bu an’anaviy ma’nodagi naqd pul yo‘qotilishi emas.
Uning so‘zlariga ko‘ra, MHXS talablariga binoan aktivlar adolatli qiymatda hisobga olinganda, portfel qiymatidagi o‘zgarishlar hatto aktivlar sotilmagan taqdirda ham foyda yoki zarar ko‘rsatkichlariga ta’sir qiladi. Shu sababli mazkur holatni «qog‘ozdagi zarar» sifatida baholash mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 25-fevralda qabul qilingan PQ–74-sonli qarorga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar «O‘zbekiston Respublikasi milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ ustav kapitalidagi 30 foizgacha aksiyalar xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif orqali sotilishi ma’lum qilingan edi. 29-aprel kuni esa O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 30 foiz ulushi uchun IPO boshlanganini e’lon qildi. Aksiyalarning ilk marta ommaviy chiqarilishi London Stock Exchang va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkazildi.
IPO doirasida oddiy aksiyalar va global depozitar tilxatlar (GDR) taklif etildi. Taklif qilingan barcha qimmatli qog‘ozlar jamg‘armaning yagona aksiyadori hisoblangan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqarildi. Jami 1,56 trln dona aksiya taklif qilindi, bu jamg‘arma aksiyadorlik kapitalidagi 31 foiz ulushga to‘g‘ri keladi. Bitta global depozitar tilxat 64 700 ta aksiyaga teng qilib belgilandi.
Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 mlrd dona aksiya sotildi. Jismoniy shaxslar uchun aksiya narxi 4,65 so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan investorlarga 5 foizlik chegirma qo‘llanildi.
Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi. London Stock Exchang birjasida esa 1,5 trln donaga yaqin aksiya 23,4 mln dona global depozitar tilxat — GDR shaklida joylashtirildi.
Har bir GDR narxi 25 dollar qilib belgilandi. Jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi qariyb 603,6 mln dollarni tashkil etdi.
Barcha qimmatli qog‘ozlarni amaldagi aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi sotgani sababli, kompaniyaning o‘zi IPO mablag‘larini olmaydi.
Shuningdek, kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Agar ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilingan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha yetadi.
Birlamchi joylashtirish narxidan kelib chiqib, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarga baholandi.
IPO natijalari
IPO jarayonida investorlar talabi taklif hajmidan to‘rt barobardan ko‘proq bo‘lib, umumiy talab 2,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda asosiy qiziqish Buyuk Britaniya (41 foiz) va AQSH (37 foiz) hisobiga to‘g‘ri keldi. Asosiy investorlar qatorida BlackRock, Franklin Resources va Redwheel ishtirok etdi.
Investorlar orasida taqsimlangan aksiyalarda esa Buyuk Britaniya yaqqol peshqadam bo‘ldi — 59 foiz. AQSHdagi investorlar uchun IPO'dan 30 foiz ulush taqdim qilindi.
Mahalliy investorlarning IPO'dagi ulushi esa 3 foiz bo‘lib, 214,6 mlrd so‘m yoki 17,7 mln dollarni tashkil qildi.
Bunda aksiyalarning 71,6 foizi chakana investorlar hisobiga to‘g‘ri keldi. «UzNIF» IPO'sida 5 mingga yaqin mahalliy chakana investor qatnashgan bo‘lsa, ularning o‘rtacha xaridi 31,5 mln so‘m bo‘ldi.
GDR'lar savdosi London Stock Exchang 13-maydan boshlandi. «Toshkent» respublika fond birjasida esa UZNF tikeri ostida 18-maydan muomalaga chiqarildi. 18-may, savdolarning birinchi kunida «UzNIF» aksiyalar Toshkent fond birjasida 70 foizdan ko‘proq qimmatladi. 1 dona aksiya narxi 7,5 so‘mgacha ko‘tarildi.
Biroq, keyinchalik shu kuni bozorda narxlarning to‘g‘irlanishi sodir bo‘ldi va aksiyalar kunni 5,46 so‘m narx bilan yakunladi. 20-may holatiga ko‘ra, jamg‘armaning 1 dona aksiyasi narxi 5,78 so‘mni tashkil qilmoqda.
Ma’lumot uchun, «UzNIF» O‘zbekistondagi 13 ta strategik davlat aktivlari ulushidan shakllantirilgan. Ular orasida Uzbekistan Airways, Sanoatqurilishbank, O‘zbekiston temir yo‘llari kabi yirik aktivlar bor.





