add

Ilon Mask: asosiy maqsad — Mars, ammo Oyga uchish ehtimoli ham bor

28.05.2025 | 22:0016123

SpaceX rahbari Ilon Mask kompaniyaning asosiy maqsadini Marsga uchish deb atadi. Biroq u Oyga parvoz qilish imkoniyati ham saqlanib qolganini ta’kidladi. Marsga ilk insonlarni yuborish 2029 yilga mo‘ljallangan.

Ilon Mask: asosiy maqsad — Mars, ammo Oyga uchish ehtimoli ham bor
SpaceX kompaniyasi asoschisi va rahbari Ilon Mask Marsga uchishni korporatsiyaning asosiy strategik maqsadi, deb atadi. Bu haqda uning so‘zlarini The Washington Post nashri keltirmoqda. Unga ko‘ra, Marsga parvoz insoniyat tarixidagi yangi bosqichga aylanadi. «Menimcha, asosiy maqsadimiz Mars bo‘lishi kerak. Balki shu yo‘lda Oyga ham qaytaramiz», — dedi Mask. Uning fikricha, bu qadam NASAning «Apollon» dasturidan keyingi eng katta kosmik sinov bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, «Apollon» — 1960–1970 yillarda amalga oshirilgan va insoniyat tarixidagi ilk Oyga qadam qo‘yishni ta’minlagan pilotli kosmik dastur edi. Mask endi navbatdagi global muvaffaqiyat nuqtasi sifatida Marsni ko‘rmoqda. Avvalroq Mask Starship nomli yangi kosmik kemani Marsga yuborish rejasi haqida ma’lum qilgan edi. Ilk parvozda inson emas, balki insonsimon robot qatnashishi ko‘zda tutilgan. Agar bu missiya muvaffaqiyatli o‘tsa, 2029 yilga kelib Marsga birinchi insonlarni yuborish imkoni yaratiladi. Starship — SpaceX kompaniyasi tomonidan yaratilgan, qayta ishlatishga mo‘ljallangan eng yirik va kuchli raketa tizimidir. Undan kelgusida ham Mars, ham boshqa kosmik yo‘nalishlarga parvozlar amalga oshirilishi kutilmoqda. Ilon Maskning fikricha, insoniyatning uzoq muddatli omon qolishi uchun Yerdan tashqaridagi hayot muhim ahamiyatga ega. U SpaceX orqali shunday global muvaffaqiyat sari ilk qadamlar qo‘ymoqda.

Teglar

Mavzuga oid