Imtiyozli kartalar raqobati: Banklar nima uchun bu poygaga kirishgan?
O‘zbekiston banklari debet kartalari uchun bir qancha imtiyozlar va keshbeklar taklif qilib kelmoqda. Ba’zi banklar kartani bepulga chiqarib, hatto uygacha ham tekinga yetkazib beradi. Vaqt.uz buning sabablari va tizim qanday ishlashi haqida so‘z yuritadi.
© Foto: Sputnik / Зафар ХалиловBank debet kartasi — O‘zbekistondagi eng ommabop bank kartasi hisoblanadi. Bu karta turidan deyarli hamma foydalanadi. Sodda qilib tushuntirilsa, debet karta — bu mijozning bank hisobraqami. Unga faqat mijozga tegishli mablag‘ kelib tushadi, kredit kartadek bankdan qarz olinmaydi.
Debet kartasiga ish haqi, pensiya, stipendiya, ijtimoiy nafaqalar, depozit bo‘yicha foizlar kabi mablag‘lar o‘tkazilishi mumkin.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 298 ta bank karta turlari mavjud bo‘lsa, ularning naq 287 tasi debet bank kartalaridir.
Bunday karta mahsulotlar va xizmatlar uchun terminal orqali to‘lovlar, bankomat orqali naqd pulni yechib olish va kartadan kartaga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini beradi.
Masalan, karta hisobraqamida 10 mln so‘m pul bo‘lsa, aynan shuncha puldan foydalanish imkoniyati bo‘ladi. Kredit kartasidan farqli ravishda kredit limiti bo‘lmaydi.
Shu sababli, mamlakat aholisi ishlatayotgan bank kartalarining katta qismi debet kartalar hisoblanadi.
Imtiyozlar va keshbeklar
Aksariyat banklar debet kartalaridan foydalangani uchun mijozlarga turli xil usulda imtiyozlar va keshbeklar taklif qiladi.
Qaysidir bank kartadan kartaga o‘tkazmalarni bepul qilib qo‘ysa, boshqasi kartada pul saqlangani uchun foiz daromadini taqdim qiladi. Ba’zi hollarda banklar kartani bepulga chiqarib, mijozning uyigacha tekinga yetkazib beradi.
Bir qarashda bu holat bank uchun zararlidek tuyuladi. Biroq bank mijoz aynan uning kartasidan foydalanishi uchun xarajat qilmoqda. Ammo asl maqsad ham aynan shunda. Banklar uchun ko‘proq odam ularning kartasidan foydalanishi bir qancha jihatlar bilan muhim.
Har safar mijoz karta bilan to‘lov qilganda, savdo nuqtasi bankka «interchange fee» (komissiya) to‘laydi. Bu mahalliy to‘lov tizimlarida biroz pastroq bo‘lsa, xalqaro kartalarda 2 foizgacha bo‘lishi mumkin.
«Interchange fee» to‘liq bankda qolmasa-da, aksariyat hollarda keshbekning ma’lum qismini moliyalashtirishga yordam beradi.
Depozit portfeli
Debet kartadagi mijozlarning pullari depozit portfelini oshirishda ham muhim hisoblanadi. Banklar uchun bunday kartadagi pullar arzon resursdir.
Masalan, «TBC Bank»ning «Salom» kartasida pul saqlaganlar uchun yillik 12 foiz daromad beriladi, xaridlardan ma’lum miqdorda keshbek ham qaytariladi. Biroq, so‘nggi ma’lumotlar bo‘yicha bank mikrokarzlarni o‘rtacha 40,7 foizdan ajratmoqda. Rasmiy saytda kredit 28–49 foiz oralig‘ida ajratilishi ko‘rsatilgan.
Shunga qaramay, debet kartadagi pullar talab qilib olinguncha depozitlar hisoblanadi. Shu sababli ular doimiy barqaror resurs sifatida ko‘rilmaydi.
Bundan tashqari, bank uchun imtiyozli karta bilan mijozni ushlab turish ham muhimdir. Mijozlar kartalardan doimiy foydalanishi natijasida bankning boshqa mahsulotlariga qiziqishi mumkin.
Sodda qilib tushuntirilsa, debet karta bank uchun mijozni ekotizimga jalb qilishda «kirish eshigi» bo‘lib xizmat qiladi.
Mijoz ma’lumotlarini to‘plash
Yana bir muhim jihat — ma’lumotlar yig‘ish. Banklar debet karta orqali qilingan xaridlarni tahlil qilish va bu orqali yangi xizmatlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mijoz nima sotib olyapti, qayerda va qanchaga xarid qilayapti kabi ma’lumotlar zamonaviy dunyoda banklar uchun muhimdir.
Shunday qilib, yuqorida sanab o‘tilgan sabablar tufayli banklar o‘zaro raqobatga kirishadi va imtiyozli debet kartalarini taklif qiladi. Bu esa ikki tomon uchun ham foydali.
Teglar






