«Svet» va gaz narxi yana oshyapti. Metroda «Ippodrom»ga borish mumkin bo‘ladi. O‘zbek Rossiyadan «quvildi» — hafta dayjesti
O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.
Go‘sht importi kamaydi, narxi esa oshdi
Yakunlanayotgan haftada mamlakat tashqi savdosi va ichki bozoridagi go‘sht narxlariga oid muhim statistik ma’lumotlar ochiqlandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonga mol go‘shti importi ketma-ket ikki oydan beri qisqarayotgan bir paytda, ichki bozorda mahsulot narxlari sezilarli darajada qimmatlashgan.
Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, mol go‘shti importi 11,2 ming tonnaga tushib, fevral (14,4 ming t.) va mart (12,7 ming t.) oylariga nisbatan pasaygan. Shuningdek, qo‘y go‘shti (2,85 ming t.) va tovuq go‘shti (5 ming t.) yetkazib berish hajmi ham kamaygan.
Shunga qaramay, ichki bozorda narxlar o‘sishda davom etmoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida mol go‘shti 3,2 foizga, qo‘y go‘shti esa 3,7 foizga qimmatlashdi. Yillik hisobda qo‘y go‘shti narxi 20,3 foizgacha ko‘tarilgan.
Mutaxassislarning fikricha, import hajmining kamayishi va ichki bozorda narxlarning ko‘tarilishi ta’minot zanjiridagi o‘zgarishlar hamda mavsumiy omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Narkosavdogarlar
Ortda qolayotgan haftada Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Farg‘ona viloyatida giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish bo‘yicha bir nechta amaliyotlar o‘tkazildi. Natijada qo‘shni davlatlardan olib kirilgan yirik miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi.
Rishton tumanida o‘tkazilgan tadbirda «Volvo» yuk mashinasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning g‘ildiraklari ichiga yashirincha joylashtirilgan 3 kg opiy va 16 kg gashish moddalari topildi. Mazkur jinoyat ustida 52 yoshli haydovchi va yukni qabul qilib olayotgan 24 yoshli yigit qo‘lga olindi. Surishtiruv davomida ushbu noqonuniy savdoga yigitning otasi ham aloqador ekani ma’lum bo‘lib, u ham hibsga olindi.
Yana bir holatda Qo‘qonlik 23 yoshli yigit boshqaruvidagi «Cobalt» avtomobili Uchko‘prik tumanida to‘xtatildi. Mashina salonidan va yigitning uyidan jami 5 kilogrammga yaqin gashish moddasi olindi. Aniqlanishicha, ushbu zaharli moddalar yigitning 46 yoshli tog‘asiga tegishli bo‘lib, u ham tezkor tadbir davomida ushlandi.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyovandlik vositalarini o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Barcha gumonlanuvchilar qamoqqa olinib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
1 — iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari o‘zgaradi
Yakunlanayotgan haftada Hukumatning «Yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini belgilash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar amalga kiritiladi.
Aholi uchun: tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi. Xususan, oddiy maishiy iste’molchilar uchun 200 kVt soatgacha bo‘lgan hajm uchun to‘lov 650 so‘m etib belgilandi. Elektr plitalari bilan jihozlangan uylarda esa bu ko‘rsatkich 325 so‘mni tashkil etadi.
Iste’molchilarning boshqa guruhlari: I, II va IV guruh iste’molchilari uchun 1 kVt soat elektr energiyasi narxi 1 100 so‘m bo‘ladi.
Aholi uchun isitish mavsumida 500 kub metrgacha, boshqa vaqtlarda esa 100 kub metrgacha bo‘lgan iste’mol uchun 1 kub metr gaz narxi 1 100 so‘m etib belgilandi.
Ikki kishi dara ustidagi ziplaynda to‘qnashib ketdi
Bu hafta Angren tumanidagi dara ustida ikki kishining ziplaynda to‘qnashib ketgani aks etgan videolar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Malumotga ko‘ra, 14-may kuni Angrendagi ziplaynda harakatlanayotgan ikki fuqaro havoda o‘zaro to‘qnashib ketgan. Baxtli tasodif tufayli hech kim tan jarohati olmagan.
Tekshiruv natijasiga ko‘ra, ushbu attraksion hech qanday ruxsat beruvchi hujjatlarsiz, mutlaqo noqonuniy faoliyat yuritib kelgan.
FVV va daxldor idoralar tomonidan xavfli attraksion zudlik bilan demontaj qilindi. Uni tashkil etgan fuqarolarga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilgan.
Vazirlik fuqarolarni rasmiy ruxsatga ega bo‘lmagan, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan ko‘ngilochar maskanlardan foydalanmaslikka va o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘ymaslikka chaqiradi.
Oltin narxi dollar zaiflashuvi fonida o‘sdi
Yakunlanayotgan haftada jahon bozorida oltin narxining o‘sishi kuzatildi. Bunga AQSH dollari kursining pasayishi hamda global geosiyosiy xavflar, xususan, Eron atrofidagi vaziyat va AQSH–Xitoy savdo muzokaralari bilan bog‘liq noaniqliklar asosiy sabab bo‘ldi.
Spot bozorida oltin narxi 0,4 foizga oshib, bir unsiyasi uchun 4706,70 dollarni tashkil etdi. Iyun fyucherslari esa 0,2 foizlik o‘sish bilan 4713,40 dollarga yetdi.
Amerika valutasining zaiflashishi boshqa valuta egalari uchun oltinni dollarda sotib olishni nisbatan arzonroq va jozibador qilgan.
«GoldSilver Central» kompaniyasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, bozor ishtirokchilari hozirda AQSH va Xitoy o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuv natijalarini kutmoqda. Ayni paytdagi qisqa muddatli pasayish kayfiyati investorlar uchun ushbu qimmatbaho metall bozoriga kirish uchun qulay imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Jahon iqtisodiyotidagi bu kabi tebranishlar oltinning «xavfsiz aktiv» sifatidagi mavqeini yana bir bor mustahkamlamoqda.
O‘zbek Rossiyadan chiqarib yuborildi
Rossiyada O‘zbekiston fuqarosi ko‘chada namoz o‘qigani uchun missionerlik faoliyatida ayblandi. Sankt Peterburg sudlari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hodisa 12-may kuni Savushkin ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Politsiya Dadaboyevni ko‘chada namoz o‘qiyotgan paytda ushlagan. Ma’lumotiga ko‘ra, u tegishli ruxsatsiz imom sifatida diniy marosim o‘tkazgan va jamoat joyida ibodat qilganlikda ayblangan. O‘zbekiston fuqarosi sudda aybiga iqror bo‘lib, ko‘chada namoz o‘qish taqiqlanganini bilmaganini aytgan.
Sud qarori bilan unga 30 ming rubl jarima solindi hamda Rossiyadan chiqarib yuborish belgilandi.
Bu Rossiyada namoz o‘qigani sabab deportatsiya qilinayotgan ilk o‘zbekistonlik emas. Xususan, fevral oyida Rossiyada yotoqxona eshigini yopmasdan namoz o‘qigan O‘zbekiston fuqarosi “missionerlik faoliyati”da ayblangandi. Sud erkakni jarimaga tortgan va uni Rossiyadan majburiy ravishda chiqarib yuborish haqida qaror chiqargan edi
40 nafar bog‘cha bolasini mast holda tashigan haydovchi jazolandi
Shu kunlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini tashish bilan bog‘liq xavfli holatlar jamoatchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi. Buxoro viloyatining Romitan tumanida yuz bergan voqea jamoatchilik o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ichida 40 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan «Isuzu» avtobusini mast holatda boshqargan haydovchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, mas’uliyatsiz haydovchi 3 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etildi va 16,5 million so‘mga yaqin jarimaga tortildi.
Avvalroq, Navoiyda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan bog‘cha rahbari «Matiz»da 14 nafar bolani tashiyotib halokatga uchrab, vafot etgandi
YHXB ota-onalar va ta’lim muassasalari rahbarlarini bolalar tashishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga va befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda.
100 o‘zbekistonlik Hajga bepul yuboriladi
Shu kunlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turli sohalarda fidokorona mehnat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz bepul Haj safariga yuboriladigan bo‘ldi. «Prezident hojisi» maqomiga ega bo‘lgan bu guruh uchun barcha xarajatlar va zarur anjomlar davlat tomonidan qoplangan.
Ular orasida mahalla raislari, mehnat faxriylari, shifokorlar, olimlar va oddiy ishchilar ham o‘rin olgan.
Jumladan, sharqshunos olima Muxlisaxon Ziyovuddinova, tibbiyot fanlari doktori Abduvohid Sodiqov, Yunusobod tumanidagi “Mirzo Ulug‘bek” mahallasi raisi Ravshan Yusupov, Sardoba tumanidagi mehnat faxriysi Rustam Usmonov hamda Qashqadaryolik oddiy ishchi Mahmud Mamatqulov Haj safariga yo‘l oladiganlar safidan joy oldi.
Shuningdek, joriy yilgi mavsumda O‘zbekistondan 15 ming nafardan ortiq fuqaro Saudiya Arabistoniga Haj amallarini bajarish uchun yuborilishi rejalashtirilgan.
Sudya yordamchisi pora bilan qo‘lga tushdi
O‘tayotgan hafta sud tizimidagi yirik firibgarlik va korrupsiya holati fosh etildi. Surxondaryo viloyati sudi sudyasining katta yordamchisi DXX va prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlandi.
Malumotga ko‘ra, sud xodimi Angor tuman sudida ko‘rilayotgan ishga aralashib, 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini kamaytirish, qamoq ehtiyot chorasini bekor qilish va yengil jazo tayinlatishni va’da qilgan.
U ushbu «xizmati» evaziga sudlanuvchilarning yaqinlaridan 53 000 AQSH dollari talab qilgan va pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi firibgarlik va 211-moddasi yani pora berishda sheriklik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Endi «Ippodrom»ga metroda borish mumkiin bo‘ladi
Yaqin kelajakda “Ippodrom”ga metroda borsa bo‘ladi. Boisi Toshkent metropolitenining yangi liniyalarini qurish rejalashtirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida qilingan taqdimotda «Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori» metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Yangi liniya dastlab «Janubiy vokzal»gacha, keyin esa «Abu Saxiy» va «Ippodrom» bozorlarigacha uzaytiriladi.
2030-yilgacha metro bekatlari soni 79 taga yetkazilib, poyezdlar oralig‘i 1,5–3 daqiqagacha qisqartiriladi.
Kelajakda yo‘l haqini bosib o‘tilgan masofaga qarab to‘lash va maxsus kunlik, haftalik abonementlar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Bu o‘zgarishlar nafaqat yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi, balki shaharning janubiy qismidagi tirbandlik muammosini ham hal etadi.
Shuningdek, «Shahriston» bekatida oyna to‘siqlar o‘rnatilishi, bekatlarda vending apparatlari va kichik savdo nuqtalari paydo bo‘lishi mumkin.
Teglar






